G‘aniev Adham Asqarali o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Artemisia porrecta va Artemisia persica o‘simliklarining ikkilamchi metabolitlari tuzilishi va stereokimyosini YMR spektroskopiyasi usulida tadqiq qilish”, 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/K993.
Ilmiy rahbar: Abdullaev Nasrulla Djalilovich, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.05/2025.27.12.K/T.20.01.M.
Rasmiy opponentlar: Boboev Bahrom Nurillaevich, kimyo fanlari doktori, professor; Nishanbaev Sabir Zaripbaevich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universitati.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston florasida tarqalgan Artemisia porrecta va Artemisia persica o‘simlik turlarining ikkilamchi metabolitlari (terpenoidlar va fenol birikmalari) tuzilishi va stereokimyosini YMR spektroskopiya usuli yordamida o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
A. porrecta va A. persica o‘simliklaridan ajratilgan tabiiy birikmalarning tuzilishi va stereokimyosi zamonaviy YMR spektroskopiya hamda ko‘rsatilgan boshqa usullar yordamida birinchi marta tizimli ravishda o‘rganilgan;
Seskviterpen lakton funksional sinfiga oid 10 ta yangi (adabiyotlarda ma’lum bo‘lmagan) birikmalar aniqlangan va ularning kimyoviy tuzilishi hamda stereokimyoviy tasnifi isbotlangan;
Ushbu 10 ta yangi seskviterpen laktonlardan ikkitasida evdesman skeleti uchun qo‘shimcha noyob 14(4)-halqalanish mavjudligi aniqlangan, bu esa tabiiy birikmalarning yangi “sikloevdesmanolid” kenja tipining ochilishiga va fanga ushbu atama kiritilishiga asos bo‘lgan;
Bisabolan tipidagi seskviterpenoidlarga tegishli 11 ta yangi birikmalar topilgan va ularning tuzilishlari aniqlangan;
Bisabolan tipidagi seskviterpenoidlar uchun ularning tuzilishi va yon zanjirlarining halqalanish xususiyatlariga ko‘ra tabiiy birikmalarning alohida kichik sinfi tasniflangan. Bu esa bisabolanlar bo‘yicha amalga oshiriladigan keyingi tadqiqotlarda ularning tuzilishiga oid xulosalarni yanada aniq va tizimli bayon etishga zamin yaratgan;
A. porrecta va A. persica o‘simlik turlaridan ajratib olingan barcha 21 ta yangi birikmalar uchun ularning spektral va fizik xossalari asosida molekulyar tuzilish sharhlari yozilgan. Shu bilan birga, 68 ta tuzilishi adabiyotlardan ma’lum birikmalarning 1D YMR ma’lumotlari ham tahlil qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Artemisia porrecta va Artemisia persica o‘simliklarining ikkilamchi metabolitlari tuzilishi va stereokimyosini YMR spektroskopiyasi usulida tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
5 ta yangi tabiiy birikmalarning kristall tuzilish ma’lumotlari “Cambridge Crystallographic Data Center” xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasiga kiritildi (CCDC 2356127, 2389789, 2389783, 2389788 va 2389782). Natijada, ushbu ma’lumotlar kelgusida sintez, modifikatsiya hamda farmakologik tadqiqotlarni amalga oshirishda ishonchli ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi;
tadqiqot yuzasidan nashr etilgan maqolaga yuqori impakt faktorga ega 3 ta turli jurnallarda nashr etilgan maqolalarda iqtiboslar keltirilgan (Phytochemistry, 2025, Vol. 240, 114627, IF 3.4; Fitoterapia, 2025, Vol. 186, 106847, IF 2.6; Br. J. Pharmacol., 2025, Vol. 182, No. 15, 3411-3427, IF 7.7). Natijada, soha mutaxassislari mazkur o‘simlikdan ajratilgan yangi birikmalar, ularning molekulyar tuzilishi hamda stereokimyosi haqida muhim ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lishgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish