Zokirov Qurbonalijon G‘aybullo o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Toshkent viloyati sharoitida tarvuz (Citrullus lanatus (Thunb.) Matsum. Et Nakai.) nav va duragaylarini etishtirishning resurstejamkor texnologiyalarini ishlab chiqish”, 06.01.06 – sabzavotchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/Qx1528
Ilmiy rahbar: Buriev Xasan Chutbaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.02.
Rasmiy opponentlar: Raxmatov Anvar Mamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Sadullaev Sanjarbek Madiyarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyati sharoitida tarvuz nav va duragaylarini etishtirishning resurstejamkor texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor, Toshkent viloyati sharoitida tarvuz ko‘chatlarining dala tutuvchanligi 25 kunlik ko‘chatlarda (96,0-98,0 %) yuqori bo‘lishi, ushbu yoshdagi ko‘chatlarning ildiz tizimi va er usti organlarining fiziologik jihatdan eng mutanosib ekanligi aniqlangan;
eng yuqori hosildorlik ko‘rsatkichlari (umumiy hosildorlik 63,8-71,1 t/ga, tovarbop hosil 42,4–47,6 t/ga) tabaqalashtirilgan tomchilatib sug‘orishning maqbul rejimlari (70...80...75% ChDNS) va o‘g‘itlash meyoriga (N120P100K50 kg/ga) bog‘liqligi isbotlanib, vegetatsiya fazalariga mos ravishda suv va oziqa elementlarini tabaqalashtirish natijasida ortiqcha vegetativ o‘sish va fiziologik stress holatlarining kamayganligi aniqlangan;
suv va oziq elementlarining mutanosibligi hamda ularning vegetatsiya davomida maqsadli tabaqalashtirilishi tarvuz mevasining eng yuqori biokimyoviy tarkibi (quruq moddalar: 11,8-12,3%, qand: 10,0-11,0%, C vitamin: 13,2-14,3 mg) va ekologik xavfsizligini (nitrat: 46,0-58,0 mg/kg) ta’minlashi isbotlangan;
tarvuz nav va duragaylarini vegetatsiya davomida maqbul tomchilatib sug‘orish rejimi va o‘g‘itlash meyorida etishtirilganda an’anaviy usulga nisbatan 45,2-58,3% gacha suv va 46,6-54,5% gacha mineral o‘g‘itlar tejalishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tarvuz etishtirishning resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
tarvuz etishtirish bilan shug‘ullanuvchi tomorqa er egalari, dehqon-fermerlar uchun “Toshkent viloyati sharoitida tarvuz etishtirishning resurstejamkor texnologiyasini ishlab chiqish” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi 05/06-04-595 son ma’lumotnomasi). Ushu tavsiyanoma tarvuz etishtiruvchi agrar soha mutaxassislari, agronom-maslaxatchilar, sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklariga amaliy-uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
tarvuz nav va duragaylarini tomchilatib sug‘orishning tabaqalashtirilgan rejimlari orqali etishtirish ishlanmasi Surxondaryo viloyati, Uzun tumani “Zarifjon-Oybek” fermer xo‘jaligida 2 ga maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi 05/06-04-595 son ma’lumotnomasi). Natijada tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llash orqali etishtirilganda “Shirin” va “Sharq ne’mati” navlaridan mos ravishda 36-37 t/ga, “Dolbi F1” duragayidan esa 38 t/ga hosil olingan. Sof foyda “Shirin” navida 65,0 mln/so‘m, “Sharq ne’mati” navida 67,5 mln/so‘m, “Dolbi F1” duragayida esa 70,0 mln/so‘m ni tashkil etgan;
tarvuz nav va duragaylarini tomchilatib sug‘orishning tabaqalashtirilgan rejimlari orqali etishtirish ishlanmasi Jizzax viloyati, Zomin tumani “Jilg‘ali soy shabbodasi” fermer xo‘jaligida 2 ga maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 12-noyabrdagi 05/06-04-595 son ma’lumotnomasi). Natijada tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llash orqali etishtirilganda “Shirin” va “Sharq ne’mati” navlaridan mos ravishda 36-37 t/ga, “Dolbi F1” duragayidan esa 39 t/ga hosil olingan. Sof foyda “Shirin” navida 65,0 mln/so‘m, “Sharq ne’mati” navida 67,5 mln/so‘m, “Dolbi F1” duragayida esa 72,5 mln/so‘m ni tashkil etgan.