Elmuratova Aygul Almuratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Mejdurechensk suv omborining algoflorasi va uning ekologiyasi», 03.00.10 – Ekologiya (biologiya).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/B1057.
Ilmiy rahbar: Alimjanova Xolisxon Alimjanovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/2025.27.12.B.14.02.
Rasmiy opponentlar: Naralieva Nasibaxon Mamanovna, biologiya fanlari doktori, professor; Xujjiev Sodiq Oltievich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Xorazm Mamun akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Mejdurechensk suv omborining algoflorasi va uning ekologiyasidan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ilk bor ikki davr (2003-2012 va 2019-2024-yillar) davomida Mejdurechensk suv ombori ko‘llarida suv o‘tlarining tur tarkibi to‘liq inventarizatsiya va floristik-taksonomik tahlil qilingani, birinchi davrda 464 tur va ikkinchi davrda 452 tur, shundan 83 progressiv, 145 regressiv va yo‘qolib ketish arafasida turgan 63 takson aniqlangan;
Ilk bor Mejdureche suv omborining algoflorasi Qoraqalpog‘iston, O‘zbekiston, O‘rta Osiyo va MDH mamlakatlarining boshqa suv havzalari florasi bilan qiyosiy tahlil qilingan va ulardan 9 ta yangi suv o‘tlari turi va tur navlari aniqlangan;
suvo‘tlarning haroratga sezuvchanligi (evriterm va stenoterm: termofil, mezofil, kriofil), sho‘rlikka bardoshliligi (evrigalin va stenogalin) hamda hayotiy shakllari (plankton, bentos va boshqalar) bo‘yicha ekologik guruhlari tavsiflangan;
Mejdureche suv omboridagi 158 ta indikator-saprob tur aniqlanib, ularning saproblik indekslari 2003-2012 yillar uchun Si = 1,43 va 2019-2024 yillar uchun Si = 1,61 teng ekanligi aniqlangan va bu ko‘rsatkichlar suvning sifati "qoniqarli" (3-sinf) ekanligini va β-mezosaprob zonaning βI darajasiga mos kelishi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mejdurechensk suv ombori suv o‘tlarining ekologik va resurs ahamiyatini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tabiiy suv havzalarida ekologik monitoring tadbirlari asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining amaliy faoliyatiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2024 yil 29 oktyabrdagi 02-01/18-2-3556-son ma’lumotnomasi). Natijada, Mejdurechensk suv ombori suv havzalaridagi al’gofloraning antropogen transformatsiya darajasini baholash hamda ularning ekologik-saprobilogik zonalarini aniqlash imkonini bergan.
Mejdureche suv omboridagi suv o‘tlarining zamonaviy tur tarkibi va ularning suv sifatini yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan chora tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining amaliy faoliyatiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi 2024 yil 2 noyabrdagi 03/04-3-431-son ma’lumotnomasi). Natijada, mintaqada suv o‘simliklari kadastrini yaratish, biologik xilma-xillikni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini bergan.