Yusupov Ziyoviddin Olimjon o‘g‘lining 
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqidagi e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Allium L. (Amaryllidaceae) turkumining filogeniyasi, biogeografiyasi va evolyusiyasi (Markaziy Osiyo misolida)”, 03.00.05 - Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/B267.
Ilmiy maslahatchi: Tojibaev Komiljon Sharobitdinovich, biologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.05/2025.27.12.B.23.01.M.
Rasmiy opponentlar: Karimov Farhod Isomiddinovich, biologiya fanlari doktori, professor; Kushanov Faxriddin Ne’matullaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Rong Li, PhD, professor (Xitoy Fanlar akademiyasi Kunming Botanika instituti).
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar biologiyasi va biotexnologiyasi instituti (Olmaota, Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Allium turkumiga mansub turlar o‘rtasidagi evolyusion aloqalar, filogenetik tuzilma va diversifikatsiya jarayonlarini aniqlash hamda ularning mikromorfologik belgilari asosida taksonomik tizimda qo‘llash imkoniyatlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Allium turlarini farqlashda urug‘ epidermis hujayralarining periklinal yuzasi va hujayralararo masofasi muhim yangi diagnostik belgi sifatida aniqlangan;
IS geniga asoslangan filogenetik daraxt hamda urug‘ mikromorfologiyasiga tayangan tahlillar natijasida dastlabki ajdod turlar Markaziy Osiyo–Eron–Kavkaz mintaqasida shakllanganini, keyinchalik esa Allium turlarining Shimoliy Osiyo orqali “Eski dunyo” turlarining “Yangi dunyo” hududiga Bering bo‘g‘ozi orqali tarqalganligi ochib berilgan;
xloroplast genomlariga asoslangan tahlillar natijasida Cepa seksiyasi turlari uchun filogenetik daraxt rekonstruksiya qilinib, unda Markaziy Osiyoga xos A. oschaninii, A. praemixtum va A. pskemense turlarining Shimoliy va Sharqiy Osiyo guruhlari o‘rtasida o‘zaro gibridizatsiya natijasida yuz bergan xloroplast o‘zlashtirilishi jarayonlari orqali shakllangani isbotlangan;
molekulyar tadqiqotlar natijasida Allium turlari filogenetik daraxtlarini qurishda qo‘llash uchun rpoC2, ycf1, ndhF, matK, ndhD kabi yuqori o‘zgaruvchan genlar DNK-barkod markerlar sifatida aniqlangan;
turkumning dastlabki ajdod turlarida diagnostik ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy sinapomorfik belgilar sifatida piyoz qobig‘ining qog‘ozsimon tuzilishi, kichik o‘lchamli haqiqiy piyozlarning mavjudligi, chang iplarida tishchalarning yo‘qligi, shuningdek pushti va oq rangli gul shakllarining ustunligi aniqlandi;
Allium turkumining dastlabki evolyusion liniyasi (EL1) Markaziy Osiyo va unga tutash hududlarda (Kavkaz, Eron va Markaziy Osiyo oralig‘i) shakllangan hamda keyinchalik diversifikatsiyaga uchragani aniqlangan;
Allium turkumi ichidagi asosiy evolyusion yo‘nalishlarning ajralib chiqishi taxminan 30,9 mln yil avval, ya’ni Oligotsen–Miotsen davrlariga to‘g‘ri kelishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Allium (Amaryllidaceae) turkumining filogeniyasi, biogeografiyasi va evolyusiyasi (Markaziy Osiyo misolida) ni o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Allium turkumining 77 dan ortiq turlarining to‘liq xloroplast genomlari va nrDNK(IS geni) to‘liq tahlili, o‘simlik turlarini laboratoriya sharoitida tur identifikatsiyasi va hududiy kelib chiqishini ekspress aniqlash usullari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti, Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasida 2021-2024 yillarda bajarilgan “Hayot daraxti: O‘zbekiston bir urug‘pallalilari” fundamental loyiha dasturiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 20-iyundagi №4/1255-1522-son ma’lumotnomasi). Natijada, turkumning eng qadimgi vakillarini kelib chiqish va O‘rta Osiyodagi vakillari ichidan “qadimiy gibridlangan” turlarni aniqlash, madaniylashtirish jarayonlarida qo‘llash imkonini bergan; 
molekulyar — filogenetik tahlillar asosida 77 ta tur 105 namuna uchun olingan DNK ketma-ketliklari (xloroplast genomlari, IS) xalqaro NCBI GenBank (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/)da NC_044411, NC_044412, NC_068792, NC_068793, NC_068794, NC_068796, OP642457, OP643522, PQ308296, PQ308298 raqamlari ostida saqlangan. Integratsiyalashgan ushbu ma’lumotlar Allium turkumining molekulyar taksonomiyasi bo‘yicha yangi ma’lumotlarni olish imkonini bergan, bu nafaqat mahalliy turlar xilma-xilligini sezilarli darajada boyitdi, balki Markaziy Osiyo florasiga oid filogenetik va biogeografik qarashlarni kengaytirdi hamda fan uchun noma’lum bo‘lgan yangi turlarni aniqlash imkonini bergan; 
O‘zbekiston va Sharqiy Osiyo florasiga mansub Allium turlari o‘rtasidagi molekulyar-filogenetik va biogeografik munosabatlarni aniqlash, SEM usuli asosida urug‘ning makro va mikromorfologik xususiyatlari hamda morfologiyasini tahlil qilish orqali labaratoriya sharoitida tur aniqlash usuli Xitoy Fanlar Akademiyasi Kunming Botanika institutida amalga oshirilgan “Global Allium Garden” (U1802232, 2018–2022 yy) xalqaro loyiha faoliyatiga joriy qilingan (Xitoy Fanlar akademiyasining 2025-yil 5-fevraldagi ma’lumotnomasi). Natijada, Allium turlari o‘rtasidagi evoluysion munosabatlarni aniqlash, taksonomiyasiga oid yangi ilmiy qarashlarni shakllantirish, turlarni aniqlashning zamonaviy taksonomik kalitini ishlab chiqish imkonini bergan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish