Rasuljonov Adhamjon Zoxidjon o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Janubiy Farg‘ona haqiqiy arilari (Hymenoptera: Vespidae) faunasi va ekologiyasining zamonaviy holati», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/V1319.
Ilmiy rahbar: Yuldasheva Shoxistaxon Qobiljonovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.10.08.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori, professor; Yunusov Mirzakarim Mirzahalilovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Janubiy Farg‘ona hududida uchrovchi Vespidae arilarini zamonaviy tur tarkibini aniqlash, ekologik-faunistik holatini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Janubiy Farg‘ona haqiqiy arilar faunasining hozirgi holati tahlil qilinib, 4 ta kenja oila, 10 ta avlodga mansub 17 ta turdan iborat ekanligi asoslangan, shundan 6 ta tur O‘zbekiston entomofaunasi uchun, 9 ta tur Janubiy Farg‘ona entomofaunasi uchun ilk bor aniqlangan;
Janubiy Farg‘ona Vespidae turlarining xilma-xillik darajasi mintaqalar bo‘yicha tadqiq etilganida, tog‘ hududida 10 tur, adir hududida 11 tur, cho‘l hududida 13 tur uchrashi asoslab berilgan;
Janubiy Farg‘ona sharoitida haqiqiy arilarning ontogenetik ikki xil trofik guruhga egaligi, ya’ni imago fazasida - nektar, meva shirasi va shakarli resurslar, lichinka fazasida - hasharot va ularning lichinkalari bilan oziqlanishi ochib berilgan; 
ozuqa spektrining kengligi bo‘yicha turlari o‘zaro taqqoslanganda V. germanica > V. orientalis > P. wattii > E. mediterraneus > E. variegatus tartibi aniqlangan;
fenologik tahlillarga ko‘ra, Janubiy Farg‘onada qayd etilgan 17 ari turidan 7 tasi (41%) bahorgi, 2 tasi (12%) yozgi, 4 tasi (23,5%) yozgi-kuzgi va 4 tasi (23,5 %) ko‘p mavsumli turlarga mansubligi ochib berilgan;
ekologik guruh tasnifga ko‘ra, Janubiy Farg‘ona haqiqiy arilari kserofil (6 tur - 35,3 %), mezokserofil (3 tur - 17,6%), evribiont (5 tur - 29,5 %) va silvifil (3 tur - 17,6 %) guruhlarga mansubligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Janubiy Farg‘ona haqiqiy arilar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqot hududidan yig‘ilgan 11 ta turga mansub 308 ta ari namunalarining aniqlangan koordinatalari va bioekologik xususiyatlariga oid natijalarning Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar bazasi (GBIF) saytiga joylashtirilgan (Global biologik xilma-xillik ma’lumotlar tarmog‘ining 2025 yil,  5 sentyabrdagi  054-sonli  ma’lumotnomasi). Natijada, Vespidae faunasining geografik tarqalish holatlarini ko‘rsatuvchi global axborot bazasidagi ma’lumotlarni muayyan darajada boyitish imkonini bergan; 
asalarilarga zarar etkazuvchi Vespa orientalis, Vespula germanica va Polistes wattii arilarining biologik, ekologik xususiyatlarini aniqlash va ularga qarshi kurashish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Farg‘ona viloyati asalarichilik uyushmasi ilmiy markazining Farg‘ona tumani asalarichilik xo‘jaligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston asalarichilar uyushmasining 2025 yil 2 sentyabrdagi 130-09-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, asalari oilalarini Vespidae arilaridan himoya qilish samaradorligini 30% ga ortishiga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish