Masodiqova Mohidabonu Abduvohidjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi tunlamsimon kapalaklari (Lepidoptera, Erebidae) faunasi va ekologiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/V1458.
Ilmiy rahbar: Zokirova Gulnoraxon Mamadjonovna, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.10.08.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ikrom Iskandorovich, biologiya fanlari doktori, professor; Yunusov Mirzakarim Mirzahalilovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi sharoitida tunlamsimon kapalaklarning tur tarkibini aniqlash, ularni ekologik-faunistik jihatdan asoslash, populyasiyalarni baholash, dominant turlar bioekologiyasi va polimorfizm jarayonlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysi uchun Erebidae faunasi inventarizatsiya qilinib, 4 kenja oila, 10 triba, 17 urug‘ va 21 tur aniqlangan, shulardan 10 turi (Arctia caja, Eucharia festiva, Utetheisa pulchella, Spilosoma urticae, Drasteria caucasica, Autophila ligaminosa, Catocala nupta, Pericyma albidentaria, Eublemma ostrina, Eublemma purpurina) vodiy faunasi uchun ilk bor qayd etilgan, turlarning 28,6% monofag, 19% oligofag va 52,4% polifaglardan iboratligi asoslangan;
erebidlarning taksonomik-tuzilmasi va funksional ulushlari birinchi marta miqdoriy baholangan hamda individlar ulushi bo‘yicha Erebinae (67%) ustunligi, Arctiinae (>20%), Lymantriinae (10%) va Boletobiinae (2%) nisbatlari aniqlanib, bu tarkibning landshaftlarga moslashuvchanlik spektri va trofik rollar taqsimlanishi ochib berilgan;
hududiy va biotoplararo xilma xillikning kompleks ko‘rsatkichi ishlab chiqilib, Jivotovskiy (μ) va Simpson (D) indekslari asosida vodiyning asosiy rayonlari hamda ekotizimlari ilk bor bir tizimda qiyosiy tahlil etilgan (μ=17,5±0,35; D=11), bunda to‘qay va urbanoekotizimalarda yuqori, adir–cho‘llarda o‘rtacha, tog‘ oldida past ko‘rsatkichlar aniqlanib, namlik rejimi, o‘simlik qoplami va antropogen bosim bilan bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslangan;
biotoplar Jakkard va Sørensen koeffisientlari orqali klassifikatsiya qilinib, agro–urbano, to‘qay–agro va adir–to‘qay juftliklarida yuqori o‘xshashlik (KJ≈0,75–0,82; KS≈0,86–0,90), tog‘ oldi biotopida esa minimal moslik (KJ=0,16–0,40) ko‘rsatib berilgan hamda landshaftli ekologik tutashuvlar va antropogen omillarning roli mintaqaviy miqyosda ochib berilgan;
bioindikator turlar to‘plami taklif qilinib, tog‘ oldida gigro mezofil (Arctia caja, Eucharia festiva, Phragmatobia fuliginosa, Spilosoma urticae, Catocala nupta), cho‘lda psammo galofil (Drasteria caucasica, Pericyma albidentaria), agro urban muhitda esa migratsion (Dysgonia algira, Tyta luctuosa, Grammodes stolida) hamda sinantrop defoliator (Lymantria dispar, Euproctis spp.) guruhlari indikator sifatida asoslangan;
fenologik va termik cheklovlar asosida erebidlarning voltinlik spektri (monovoltin 47,6%; bivoltin 43%; polivoltin 9,5%) hamda muhim harorat chegara nuqtalari (imago uchishi 10–15 °C; lichinka oziqlanishi 18–25 °C; 27–30 °C da qo‘shimcha avlod) Shelford tolerantlik qonuni asosida talqin etilib, monitoring va kurash choralari uchun ilmiy me’yorlar ishlab chiqilgan;
Dysgonia avlodida rang naqsh polimorfizmi va jinsiy dimorfizm ilk bor kompleks tahlil qilinib, D. algira urg‘ochilari qanot uzunligi bo‘yicha erkaklardan 8% yirikligi (30,7±1,5 mm va 28,5±1,3 mm) aniqlangan hamda morflar taqsimotining biotopga bog‘liqligi (cho‘l sho‘rxoklarda och rangli shakllar ustunligi) ochib berilgan;
Lymantria dispar vodiy sharoitida kam zichlik tufayli fakultativ xavfli tur sifatida baholanib, Euproctis chrysorrhoea va ayrim Catocala vakillarining lokal zararli xususiyati ko‘rsatib berilgan hamda feromon tuzoqlari va uyg‘unlashgan himoya choralari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi tunlamsimon kapalaklari faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysida tarqalgan Eribidae oilasiga tegishli bo‘lgan 8 ta avlod, 10 ta turga mansub 32 nusxa hasharot namunalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining “Zoologiya kolleksiyasi” noyob obektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 17 sentyabrdagi 4/1255-2248-son ma’lumotnomasi). Natijada, mavjud hasharotlar kolleksiyasi O‘zbekiston Tunlamsimon (Eribidae) kapalaklari bo‘yicha hasharotlar fondini boyitgan va ular populyasiyalari tarqalishining zamonaviy holatini baholash hamda interfaol atlaslar tayyorlash imkonini bergan;
Farg‘ona viloyati sharoitida tarqalgan zararli tunlamsimon kapalaklarga qarshi kurash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi amaliyotiga joriy etilgan (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025 yil 10 noyabrdagi 03-03/1-03/3-11576-son ma’lumotnomasi). Natijada, Lymantria dispar defoliatsiyasi natijasida daraxtlarning biomassasi 70% gacha saqlab qolinishi va hisob-kitoblar asosida 28.5 mln so‘m atrofidagi iqtisodiy talafotning oldi olinishi hamda zararli turlarning keskin kamayish imkonini bergan.