Sagatova Muborak Abdumalik qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Elektrovozlarning to‘rtkvadrantli o‘zgartigichini boshqarish usuli;
05.08.05 – “Temir yo’llarning harakatlanuvchi tarkibi, poezdlarni tortish va elektrlashtirish” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro’yxatga olingan raqam: № B2025.1.PhD/T5463
Ilmiy rahbar: Yakubov Mirjalil Sagatovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko’rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.15/31.08.2022.T.73.07 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xamidov Otabek Rustamovich, texnika fanlari doktori, professor; Mirsaitov Mirziyod Mirozodovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Energetika muammolari instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi elektrovozlarining asinxron tortuv elektr yuritmasi tizimidagi to‘rtkvadrantli o‘zgartirgichlarni yuklamani hisobga olgan holda fazaviy siljish orqali parallel boshqarishning adaptiv usulini asoslash va amalga oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yuklamaning o‘zgarishini hisobga olgan holda faza siljishi bilan parallel ishlaydigan hamda pulsatsiya va garmonikalarni kamaytirishni ta’minlaydigan to‘rtkvadrantli o‘zgartirgichni adaptiv boshqarishning usuli ishlab chiqilgan;
kenglik impuls modulyasiya parametrlari va yuklamani hisobga olgan holda to‘rtkvadratli o‘zgartirgichning takomillashtirilgan matematik modeli ishlab chiqilgan;
garmonik, energetik va dinamik jarayonlarni tahlil qilish hamda real rejimlarni sinovsiz o‘rganish imkonini beruvchi to‘rtkvadratli o‘zgartirgichli asinxron elektr yuritmaning imitatsion modeli yaratilgan;
yuklamalarning keng diapazonida yuqori foydali ish koeffisienti va quvvat koeffisientini ta’minlashga qaratilgan proporsional-integrallovchi rostlagich asosida kenglik impuls modulyasiya chastota karraligini avtomatik tanlashning adaptiv algoritmi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Elektrovozlarning to‘rtkvadrantli o‘zgartirgichini boshqarish usulini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
to‘rtkvadrantli o‘zgartirgichlarni parallel boshqarish usuli uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasidan ixtiroga patent olingan( №IAP 7949; 2025y.). Natijada fazaviy siljish orqali yuklamani hisobgaga olgan holda parallel ishlaydigan to‘rtkvadrantli o‘zgartirgichlarni boshqarish orqali tokning sinusoidalligiga erishiluvchi usul yaratilgan.
Elektrovozlarning to‘rtkvadrantli o‘zgartirgichini adaptiv boshqarish usuli “O‘zbekiston” lokomotiv deposiga qarashli “O‘Z – ELR 0309” rusumli elektrovozning poezdlarni boshqarish va kuzatish tizimi TCMS (Train Control and Monitoring System)ga qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2025-yil 18-sentyabrdagi 4/1292-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, bir yilda 128 511,63 kVt∙soat elektr energiya miqdorini tejash imkonini bergan; o‘zgartirgich kirishida tokning sinusoidal shaklini ta’minlash, yuqori garmonikalar darajasini kamaytirish, shuningdek kuch yarimo‘tkazgich elementlarning elektr va issiqlik yuklamalarini pasaytirish imkonini bergan.