Goipova Saidaxon Madaminjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiyma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” leksik–semantik maydoni verbalizatorlarining qiyosiy tadqiqi” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Fil2933
Ilmiy rahbar: Shokirov Sherali Ibrohimovich Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Namangan davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.22.04.
Rasmiy opponentlar: Abduvaliev Maxamadjon Arabovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Ganieva Gulnozaxon Zaxirovna, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” leksik maydonining frazeologik birliklarda, maqollarda va aforizmlarda qo‘llanilishi hamda uning ma’nolari bilan bog‘liq lingvomadaniy o‘xshashlik va farqlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” leksik-semantik maydoni maydon nazariyasi asosida ilk bor qiyosiy-tizimli tahlil qilinib, mazkur maydonning ingliz tilida heart, soul, mind, mood, feeling, o‘zbek tilida esa ko‘ngil, yurak, qalb, dil, bag‘r leksemalari orqali voqelanishi aniqlangan hamda ularning yadro va periferiya qatlamlaridagi ierarxik o‘rni ilmiy asosda belgilangan;
ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” leksik-semantik maydoniga mansub birliklarning struktur-morfologik xususiyatlari qiyosiy tahlil qilinib, mazkur maydon birliklarining har ikki tilda ham ot, sifat, fe’l va ravish so‘z turkumlari doirasida shakllanishi ilmiy asosda ko‘rsatilgan hamda ularning morfologik modifikatsiya darajasi aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” maydonini ifodalovchi frazeologik birliklarning semantik xususiyatlari qiyosiy-statistik tahlil qilinib, ingliz tilida heart leksemasi bilan bog‘liq frazeologik birliklarning yuqori chastotada qo‘llanishi, o‘zbek tilida esa ko‘ngil leksemasi asosidagi frazeologik birliklarning ustunligi ilmiy asosda ochib berilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” leksik-semantik maydonining maqollar va aforizmlarda voqelanishi qiyosiy-lingvomadaniy tahlil asosida o‘rganilib, mazkur birliklarning har ikki til madaniyatida axloqiy qadriyatlar, insoniy fazilatlar va estetik tasavvurlar bilan uzviy mazmuniy bog‘liqligi ilmiy asosda aniqlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillarida ko‘ngil leksik-semantik maydonining chog‘ishtirma tahlil qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” leksik-semantik maydoni maydon nazariyasi asosida qiyosiy tarzda tahlil qilinganligi, har ikki tildagi ko‘ngil maydonining ma’no tuzilmasi, semantikasi va maydon mazmuni haqidagi ilmiy xulosalardan Qarshi davlat universitetida bajarilgan SUZ-800-21GR-381-raqamli “Reinforcing English Language competence at Karshi State University” xalqaro grant loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Qarshi davlat universitetining 2024-yil 12-apreldagi 03/3675-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu loyiha ingliz va o‘zbek tillarida ko‘ngil maydonining ma’no tuzilmasi, semantikasi bilan boyitilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” maydoniga kiruvchi leksik birliklarning strukturasi va so‘z yasovchi vositalar orqali shakllanish jarayonlarida har ikki tilda ham ot, sifat, fe’l va ravish so‘z turkumlariga oidligi, ularning morfologik modifikatsiya darajasi to‘g‘risidagi ilmiy natijalardan Qarshi davlat universitetida bajarilgan SUZ-800-21GR-381-raqamli “Reinforcing English Language competence at Karshi State University” mavzusidagi xalqaro grant loyihasini amalga oshirishda keng foydalanilgan. (Qarshi davlat universitetining 2024-yil 12-apreldagi 03/3675-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha ingliz va o‘zbek tillarida ko‘ngil leksik-semantik maydonini ifodalovchi frazeologik birliklar bilan boyitilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” maydonini ifodalovchi frazeologik birliklarning semantik xususiyatlaridan, ularning keng ko‘lamli statistik ma’lumotlari asosida ingliz tilida heart leksemasi bilan bog‘liq frazeologik birliklarning yuqori darajada qo‘llanilishidan, o‘zbek tilida esa ko‘ngil leksemasi bilan bog‘liq frazeologik birliklarning ustunligi haqidagi ilmiy natijalardan O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Biznesga maslahat” interfaol axborot portali faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi 2025-yil 24-apreldagi №54-202-01-son ma’lumotnomasi). Natijada, ayollarning jamiyat iqtisodiyoti va siyosiy tizimdagi o‘rni, jamiyatga ta’sir ko‘lami ortib, muloqotdagi lisoniy jozibasini oshirishga erishilgan.
ingliz va o‘zbek tillarida “ko‘ngil” maydonining maqollar va aforizmlarda ifodalanishi va lingvomadaniy jihatdan mazmuniy bog‘liqligi, har ikki tilning axloqiy qadriyatlari, insoniy fazilatlari va estetik qadriyatlari bilan uzviy bog‘liqligi haqidagi ilmiy mulohazalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” teleradiokanalida namoyish etilgan “Vatan madhi”, “Diydor shirin” va “Umr so‘qmoqlari” ko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla teleradiokanali” davlat unitar korxonasi 2025-yil 13-aprel sanasidagi 03-14/1106-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan.