Razzoqov Alisher Abduzoxidovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Alisher Navoiy she’riyatida tasavvufiy obrazlar poetikasi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (o‘zbek mumtoz adabiyoti) (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2023.1.DSc/Fil513
Ilmiy maslahatchi: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.41.01
Rasmiy opponentlar: Jo‘raqulov Uzoq Haydarovich, filologiya fanlari doktori, professor, To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor, Olimov Sultonmurod Hoshimovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoshlik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: tasavvufiy obraz, ramz va timsollarning Alisher Navoiy ijodida tutgan o‘rni va poetikasini shoirning lirik va epik she’riyati misolida ilmiy-nazariy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Navoiy ijodidagi tasavvufiy obrazlar poetikasini o‘rganishning metodologik asoslari sifatida islomiy (Qur’oni karim va hadisi shariflar) hamda Alisher Navoiy bevosita o‘qib, ta’lim olgan Ibn Arabiyning “Futuhoti Makkiya”, “Fusus ul-hikam” asarlari va ularga yozilgan sharhlar, Abdulkarim Qushayrining “Risolai Qushayriya”, Hujviriyning “Kashf ul-mahjub”, Suhraviydiyning “Avorif ul-maorif” va ustozi Abdurahmon Jomiyning tasavvuf nazariyasiga doir risolalari muhim o‘rin tutishi asoslangan;
Alisher Navoiy Sharq-islom adabiyoti vakili sifatida islomiyatdan avvalgi Arastu, Iskandar, No‘shiravon kabi tarixiy shaxslarni ham tasavvufiy obraz sifatida tasvirlagani, shuningdek, islomning ilk davrlaridagi Hazrat Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali singari sahobalar obrazi vositasida tasavvufning islom ta’limoti bilan uzviy aloqadorligi, Abu Turob Naxshabiy, Shayx Abulabbos Qassob, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Muhammad Porso va Mansur Halloj kabi sufiylar obrazi misolida esa shoir o‘z davridagi naqshbandiylik g‘oyalarni ifodalagani ochib berilgan;
komil inson konsepsiyasi asosidagi payg‘ambar alayhissalom, fano maqomidagi avliyolar, gado va faqir singari obrazlarning tasavvufiy ma’nolari, ularning badiiy tasvir tarzi hamda shoir ijodiy niyati ifodasidagi o‘rni qiyosiy-tahliliy usulda dalillangan;
kelib chiqishi majusiylik va nasroniylik e’tiqodlariga borib taqaladigan but, gabr, tarso obrazlarining istilohiy, tarixiy, adabiy-estetik va tasavvufiy mohiyati, Navoiy dostonlarida, g‘azallarida Haq taoloning tajallisi, komil inson, piri murshid ma’nolarida qo‘llanishi tasavvufiy manbalarga tayanilgan holda isbotlangan;
aksar tasavvuf tariqatlarida mavjud samo‘ amaliyoti va musiqa bilan bog‘liq mutrib va mug‘anniy obrazlarining tarixiy-etimologik va adabiy-irfoniy mohiyati, ularning Alisher Navoiy g‘azallarida qo‘llanish usullari hamda badiiy-estetik vazifasi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Alisher Navoiy she’riyatida tasavvufiy obrazlar poetikasi tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Navoiy ijodidagi tasavvufiy obrazlar poetikasini o‘rganishning metodologik asoslari sifatida islomiy manbalar – Qur’on va hadis olingani hamda Alisher Navoiy bevosita o‘qib, ta’lim olgan Ibn Arabiyning “Futuhoti Makkiya”, “Fusus ul-hikam” va ularga yozilgan sharhlar, Abdulkarim Qushayrining “Risolai Qushayriya”, Hujviriyning “Kashf ul-mahjub”, Suhraviydiyning “Avorif ul-maorif” va ustozi Abdurahmon Jomiyning tasavvuf nazariyasiga doir risolalari muhim o‘rin tutishiga oid ilmiy xulosalardan ToshDO‘TAUda 2018-2020-yillarda bajarilgan IZ-2021020813. “Alisher Navoiy ijodining xorijda o‘rganilishi va targ‘iboti asosida ko‘p tilli multimedia to‘plamini yaratish” nomli amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 8-iyuldagi 01/4-2987-son ma’lumotnomasi). Natijada tasavvufiy obrazlar poetikasi metodologik asoslariga doir nazariy xulosalar loyiha materiallari xilma-xilligini ta’minlagan.
Alisher Navoiy islomiyatdan avvalgi Arastu, Iskandar, No‘shiravon kabi tarixiy shaxslarni tasavvufiy obraz sifatida tasvirlagani, hazrat Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali singari sahobalar obrazi vositasida tasavvufning islom ta’limoti bilan uzviy aloqadorligi, Abu Turob Naxshabiy, Shayx Abulabbos Qassob, Bahouddin Naqshband va Xoja Muhammad Porso kabi sufiylar obrazi misolida naqshbandiylik g‘oyalarni ifodalaganiga doir tahlillardan ToshDO‘TAUda 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 – “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jidlik monografiyani (7 jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 8-iyuldagi 01/4-2989-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha Navoiy she’riyatidagi tasavvufiy obrazlar poetikasiga doir yangi ilmiy-nazariy qarashlar bilan boyitilgan;
komil inson konsepsiyasi asosidagi payg‘ambar alayhissalom, fano maqomidagi avliyolar, gado va faqir singari obrazlarning tasavvufiy ma’nolari va badiiy ko‘rinishlari hamda shoir ijodiy niyatini ifodalashdagi o‘rni bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023 yillarda bajarilgan “PF-201912258 – “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” amaliy loyihasida foqdalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 8-iyuldagi 01/4-2988-son ma’lumotnomasi). Natijada komil inson konsepsiyasiga oid materiallar platformani boyitishga xizmat qilgan.
asl kelib chiqishi majusiylik va nasroniylik e’tiqodlariga borib taqaladigan but, gabr, tarso obrazlarining istilohiy, tarixiy, adabiy-estetik va tasavvufiy mohiyati, Navoiy dostonlari va g‘azallarida Haq taoloning tajallisi, komil inson, piri murshid ma’nolarida qo‘llanishi birlamchi tasavvufiy manbalarga tayanilgan holda isbotlanganiga doir ilmiy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018-2020-yillarda bajarilgan IZ-2021020813. “Alisher Navoiy ijodining xorijda o‘rganilishi va targ‘iboti asosida ko‘p tilli multimedia to‘plamini yaratish” nomli amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 8-iyuldagi 01/4-2987-son ma’lumotnomasi). Natijada majusiylik va nasroniylikka oid obrazlar bilan bog‘liq nazariy qarashlar loyiha materiallarining rang-barangligini ta’minlagan.
tasavvuf tariqatlarida mavjud samo‘ amaliyoti va musiqa bilan bog‘liq mutrib va mug‘anniy obrazlarining tarixiy-etimologik va adabiy-irfoniy mohiyati, Navoiy g‘azallarida qo‘llanish usullari hamda badiiy-estetik vazifasiga doir ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Mavzu”, “Tarixiy savol”, “Javohir”, “Taqdimot” ko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 17.12.2024-yildagi 06-28-733-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuvlar tasavvuf ta’limotining Navoiy ijodiy kamolotida tutgan o‘rniga doir ilmiy qarashlar bilan boyitilgan.