Yunusov Norbek Xabibulla o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz tillarida shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlar tipologiyasi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2645
Ilmiy rahbar: Normamatov Sulton Ermamatovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc. 03/2025.27.12.Fil.41.01
Rasmiy opponentlar: Xolmanova Zulxumor Turdievna, filologiya fanlari doktori, professor; Siddikova Iroda Abduzuxurovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat pedagogika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek va ingliz tillaridagi shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning tipologik, semantik va kontekstual xususiyatlarini aniqlash, tarjima modellari va leksikografik talqinidagi o‘ziga xosliklarni ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek va ingliz tillaridagi shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning komponent tahlil asosidagi semantik tasnifi amalga oshirilib, leksik-semantik guruhlarga ajratilgan, ijobiy va salbiy ma’nodagi sifatlarning semantik-uslubiy funksiyalari, kontekstual qo‘llanishi, meliorativ, peyorativ, neytral xususiyatlari ochib berilgan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi daraja kategoriyasining shaxs fe’l-atvor sifatlarida ifodalanish xususiyatlari ochib berilgan; shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning yozma nutqiy kompetensiyani shakllantirishdagi o‘rni hamda sifatlarning tipologik xususiyatlari, doimiy qo‘llanish me’yorlari dalillangan;
shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlar struktur-grammatik jihatdan tasniflangan, morfologik belgilari ajratilgan; struktur-grammatik o‘zgarishlarning og‘zaki va yozma nutq me’yorlariga kora ifodalanishi asoslangan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning lug‘aviy, kontekstual ma’nolarini izohlashda tarjima lug‘atlar, matnlardagi to‘g‘ri talqinini amalga oshirish usullari ko‘rsatilgan, tarjima xususiyatlari, modellari aniqlangan va muammolari ochib berilgan; badiiy matndagi shaxs fe’l-atvoriga oid leksemalarning ingliz tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjimasiga doir ilmiy asoslangan xulosalar berilgan; funksional aktiv o‘zbekcha-inglizcha tarjima lug‘atlarini yaratishda, xususan, “O‘zbekcha-inglizcha”, “O‘zbekcha-ruscha-inglizcha”, “Inglizcha-o‘zbekcha” tarjima lugʻatlarida fe’l-atvor leksemalari tarjima tamoyillariga asosan yoritilishi, kalkalash, so‘zma-so‘z tarjima, kontekstual ma’noni aniqlash tamoyillaridan foydalanilishiga doir tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlar tipologiyasini tavsiflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek va ingliz tillaridagi shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning lug‘aviy, kontekstual ma’nolarini izohlashdagi tarjima lug‘atlar, matnlardagi to‘g‘ri talqinini amalga oshirish usullari, tarjima xususiyatlari, modellariga oid tavsiyalardan, sifat leksemalarning ingliz tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjimasiga doir tahrir dasturlari uchun mo‘ljallangan tavsiyalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022-2024-yillarda bajarilgan IL-402104209 raqamli “Axborot qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi innovatsion grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 24-sentyabrdagi 01/4-4428-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori ma’lumotlar bazasi shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning leksikografik talqiniga oid nazariy xulosalar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilidagi daraja kategoriyasining shaxs fe’l-atvor sifatlarida ifodalanish xususiyatlari, shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning yozma nutqiy kompetensiyani shakllantirishdagi o‘rni hamda sifatlarning tipologik xususiyatlari, doimiy qo‘llanish me’yorlarining ahamiyatini belgilashda, shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning yozma nutqiy kompetensiyani shakllantirishdagi o‘rniga oid tavsiyalar va ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan RZ-202004165 raqamli “Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich guruh o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarni rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 24-sentyabrdagi 01/4-4423-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur grant loyihasi doirasida tayyorlangan elektron platformada shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifat leksemalarning nutq jarayonida faollashadigan konnotativ, denotativ va kognitiv xususiyatlariga oid ma’lumotlar bazasini yaratishga erishilgan;
umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun o‘zbek tilidagi shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning semantik tasnifi, leksik-semantik guruhlari, ijobiy va salbiy ma’nodagi sifatlarning semantik-uslubiy funksiyalari, kontekstual qo‘llanishiga oid tavsiyalar va ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan RZ-202004165 raqamli “Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich guruh o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarni rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 24-sentyabrdagi 01/4-4423-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur grant loyihasi doirasida tayyorlangan elektron platforma ta’lim korpusiga oid o‘zbek va ingliz tillaridagi sifat turkumi tipologiyasi ma’lumotlari bilan boyitilgan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi shaxs fe’l-atvorini ifodalovchi sifatlarning lug‘aviy, kontekstual ma’nolarini izohlashda, tarjima lug‘atlarda, matnlardagi to‘g‘ri talqinini amalga oshirish masalalaridagi ilmiy-nazariy xulosalardan “O‘zbekiston” teleradiokanali DM tarkibidagi “O‘zbekiston” telekanalida namoyish etilgan “Munosabat”, “Xulosa o‘zingizdan” ko‘rsatuvlarida, shuningdek, ushbu teleko‘rsatuvlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (“O‘zbekiston” teleradiokanalining 2024-yil 15-iyuldagi 02-15-870-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.