Najmiddinov Asilbek Nosirjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi florasida tarqalgan Euphorbia L. turkumi (taksonomiyasi, geografiyasi, ekologiyasi va molekulyar tahlili)», 03.00.05 - Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/B1307.
Ilmiy rahbarlar: Batoshov Avazbek Risqulovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.22.05.
Rasmiy opponentlar: Madumarov Tolibjon Abdumalikovich, biologiya fanlari doktori, professor; Turginov Orzumat Turdimatovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi florasidagi Euphorbia turkumining taksonomiyasi, fitogeografiyasi, ekologiyasi, molekulyar tahlillari va adventiv turlarni IUCN (EICAT) mezonlari asosida baholashni amalga oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona vodiysi florasida tarqalgan Euphorbia turkumining 29 turdan iborat zamonaviy taksonimik tarkibi aniqlanib, morfologik belgilar asosida dixotomik aniqlagich kaliti hamda izohli konspekti ishlab chiqilgan;
O‘zbekiston florasi Euphorbia davidii Subils, E. peplus L. va E. maculata L. turlari bilan boyitilgan;
geobog‘langan (GIS) ma’lumotlar asosida Euphorbia turlarning Farg‘ona vodiysi botanik-geografik rayonlari, balandlik mintaqalari va ekomintaqalar bo‘yicha tarqalishini aks ettituvchi to‘r tizimli xaritalar yaratilgan;
Euphorbia turkumiga mansub 12 tur bo‘yicha IS va matK genlari asosida genetik ma’lumotlar bazasi (genlar banki) shakllantirilib, 7 ta IS va 12 ta matK gen ketma-ketliklari asosida molekulyar-filogenetik daraxtlar tuzilgan;
birinchi marta Euphorbia inderiensis turining abiotik stress omillariga chidamliligini belgilovchi genlari tadqiq etilib, ushbu turning ekologik omillarga nisbatan yuqori moslashuvchanligi aniqlanib ilmiy asoslangan;
Farg‘ona vodiysi florasida tarqalgan Euphorbia turkumiga mansub adventiv taksonlar xalqaro IUCN (EICAT) mezonlari asosida baholanib, ularning tabiiy va agrolandshaftlarga potensial ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi florasida tarqalgan Euphorbia turlarining tadqiq qilishda va olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysi florasida tarqalgan Euphorbia turkumiga mansub 29 turning 500 ga yaqin gerbariy namunalari O‘zbekiston Milliy gerbariy (TASh) ilmiy noyob obekti fondiga taqdim etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 20 maydagi 4/1255-1230-son maʼlumotnomasi). Natijada, Euphorbiaceae oilasiga oid kolleksiyalar Markaziy Osiyo bo‘limi doirasida boyitilib, Euphorbia turlarining taksonomiyasi va geografik tarqalishi bo‘yicha yangi ilmiy ma’lumotlar shakllantirilgan hamda ularning tarqalishini aks ettiruvchi geografik axborot tizimi (GAT) xaritalari O‘zbekiston florasining elektron ma’lumotlar bazasi va axborot-tahlil tizimini rivojlantirish imkonini bergan;
molekulyar-genetik tadqiqotlar natijasida olingan Euphorbia turlariga oid barcha IS va matK gen ketma-ketliklari PP415225–PP415231 (IS) hamda PP571876–PP571881, PP575991–PP575995 (matK) qayd raqamlari bilan NCBI GenBank (www.ncbi.nlm.nih.gov) xalqaro ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi. Natijada, Euphorbia turkumi taksonomiyasi, filogeniyasi va evolyusion munosabatlarini aniqlashtirishda xalqaro miqyosda foydalanish hamda keyingi fundamental va amaliy tadqiqotlar uchun muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilish imkonini yaratgan.