Nigmatullaev Baxtiyor Alimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Silybum marianum (L.) Gaertn.va Onopordum acanthium L.ning biologiyasi, fitotsenologiyasi va tabiiy zahiralari», 03.00.05–Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/B186.
Ilmiy rahbar: Raximova Tashxanim, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Dsc.27.06.2017.B.39.01.
Rasmiy opponentlar: Shomurodov Xabibullo Fayzulloevich, biologiya fanlari doktori; Muqumov Ilhom O‘ktamovich, biologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Silybum marianum va Onopordum acanthiumning ruderal o‘simliklar qoplamidagi fitotsenotik xilma-xilligini va biologik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor ruderal o‘simliklar qoplami uchun Silybum marianumning10 ta va Onopordum acanthium ning12 ta assotsiatsiyalari aniqlangan;
ilk bor Toshkent sharoitida Silybum marianum va Onopordum acanthiumning ontogenez davrlari va bosqichlari aniqlangan;
atmosfera harorati va havoning nisbiy namligiga bog‘liq holda turlarning mavsumiy o‘sish va rivojlanishi xususiyatlari ochib berilgan;
Silybum marianum va Onopordum acanthiumning sutkalik va mavsumiy gullash dinamikasi aniqlangan hamda potensial, haqiqiy urug‘ mahsuldorliklari va mahsuldorlik koeffisienti baholangan;
Silybum marianum tarkibidagi silimarin miqdorining er ustki qismlari bo‘yicha o‘zgaruvchanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Silybum marianum va Onopordum acanthiumning biologiyasi, fitotsenologiyasi va tabiiy zahiralari bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
Silybum marianum ning turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos keluvchi etishtirish usullari Surxondaryo viloyati Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi erlarga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon ho‘jaligi davlat qo‘mitasining 2018 yil
12 dekabridagi 05/21-4163-son ma’lumotnomasi). Natijada Silybum marianumning 10 gektar maydonda plantatsiyasini tashkil etish va sifatli xomashyo olish imkonini bergan;
Silybum marianumning respublikada tarqalgan xomashyo zahiralari va senopopulyasiyasining tarqalishini aks ettiruvchi GAT xaritalari FA-A11-T-195 raqamli «Silybum marianum va Glycyrrhiza glabra flavonoidlari asosida yangi «Gepasil» va «Glatsembrin» preparatlarini yaratish» mavzusidagi loyihada gepatoprotektor ta’siriga ega bo‘lgan tabiiy preparatlar ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 24 oktyabridagi 4/1255-2806-son ma’lumotnomasi). Natijada Silybum marianumning mahalliy xomashyosi asosida jigar kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan «Gepasil» dorivor substansiyasini olish imkonini bergan;
Silybum marianum va Onopordum acanthium larning Toshkent sharoitidagi introduksiyasi natijalari Botanika instituti huzuridagi Toshkent Botanika bog‘ining «Introduksiyalangan o‘simliklar» noyob ob’ektining dorivor o‘simliklar kolleksiyasiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 13 dekabridagi 21/1255-3266-son ma’lumotnomasi). Natijada dorivor o‘simliklar fondini boyitish va ex situ sharoitida Silybum marianum va Onopordum acanthiumning kolleksiyasini yaratish imkonini bergan.