Alimova Vasila Bahodirovnaning 
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Nolokal xarakteristik tezliklarga ega bo‘lgan giperbolik sistema sonli echimining turg‘unligini tadqiq etish” mavzusidagi 01.01.03 - “Hisoblash matematikasi va diskret matematika” (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/FM1231
Ilmiy rahbar: Aloev Raxmatillo Djuraevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.FM.01.03 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Normurodov Chori Begalievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Boltaev Aziz Kuzievich, fizika-matematika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Fanlar akademiyasi qoshidagi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi nolokal xarakteristik tezliklarga ega bo‘lgan giperbolik sistemani sonli yechish uchun ayirmali sxemani ishlab chiqish va uning sonli yechimi eksponensial turg‘unligini tadqiq etishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
manfiy nolokal xarakteristik tezlikka ega bo‘lgan giperbolik tenglama uchun aralash masala qo‘yilgan va uning echimini eksponensial turg‘unligini isbotlash masalasi hal qilingan;
manfiy nolokal xarakteristik tezlikka ega bo‘lgan giperbolik tenglama uchun qoʻyilgan aralash masalani sonli echishga mo‘ljallangan oqimga qarshi ayirmali sxema qurilgan va uning Lyapunov turg‘unlik yondashuvidan foydalanib eksponensial turg‘unligi isbotlangan;
musbat nolokal xarakteristik tezliklarga ega bo‘lgan Riman invariantlari uchun yozilgan giperbolik tenglamalar sistemasi uchun qoʻyilgan aralash masalani sonli echishga mo‘ljallangan oqimga qarshi ayirmali sxema qurilgan hamda Lyapunov funksiyasini qurish yordamida eksponensial turg‘unligi ko‘rsatilgan;
manfiy nolokal xarakteristik tezliklarga va qo‘zg‘alish parametri ta’siriga ega bo‘lgan giperbolik sistema uchun qoʻyilgan aralash masalani sonli echishga mo‘ljallangan oqimga qarshi ayirmali sxema qurilgan va uning turg‘unligini ta’minlovchi algebraik mezonlar asosida eksponensial turg‘unligi isbotlangan;
nolokal xarakteristik tezliklarga ega bo‘lgan giperbolik sistema turg‘unligiga masala parametrlarining ta’sirini o‘rganish uchun Lax-Wendroff, oqimga qarshi oshkor, oqimga qarshi oshkormas ayirmali sxemalarni qiyosiy tahlili model misollari orqali asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Nolokal xarakteristik tezliklarga ega bo‘lgan giperbolik sistemalar sonli yechimining turg‘unligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar amaliyotda quyidagi yo‘nalishlarda joriy etilgan:
nolokal xarakteristik tezliklarga ega bo‘lgan giperbolik sistemalarga qo‘yilgan aralash masalalarini sonli echish hamda uning turg‘unligini topish shartlaridan AR 19679550-sonli “Atmosfera havosi sifatini baholash uchun kasr-stoxastik tenglamalar asosida ishlaydigan yuqori unumli bulutli xizmat” loyihasida sonli yechimning aniq yechimga yaqinlashishini tasdiqlovchi model masalalarini yechish va tahlil qilishda foydalanilgan. (Sarsen Amanjolov nomidagi Sharqiy Qozog‘iston universitetining 2025 yil 30 apreldagi 06-21-335-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sonli yechimning aniq yechimga yaqinlashishini tasdiqlovchi model masalalarini yechish va tahlil qilish imkonini bergan;  
nolokal xarakteristik tezliklarga ega bo‘lgan giperbolik sistemalar sonli yechimining turg‘unligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan INT/UZBEK/P-05-sonli “Giperbolik sistemalarning Li simmetriyasi tahlili, simulyasiyasi va Lyapunov turg‘unligi tahlili” loyihasida giperbolik sistemalarni sonli echish va uning turg‘unligini tahlil qilishda Lyapunovning turg‘unlik nazariyasini qo‘llash bilan hisoblash tajribalarini o‘tkazishda foydalanilgan (Hindiston hukumati, Fan va texnologiyalar departamentining 2025 yil 29-iyuldagi №247667-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, giperbolik sistemalarni sonli echish va uning turg‘unligini tahlil qilishda Lyapunovning turg‘unlik nazariyasini qo‘llash  imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish