Elmurodov G‘ayrat Abdumurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash imkoniyatlari», 08.00.05 – Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yhatga olingan raqam: B2025.2. PhD /Iqt5359.
Ilmiy rahbar: Karabaev Sanjar Abdusamatovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarkand davlat tibbiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, DSc.03/25.12.2024. I.18.01
Rasmiy opponentlar: Pardaev Mamayunus Qarshibaevich iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Arabov Nurali Uralovich iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tibbiyot muassasalarining iqtisodiy barqarorligini shakllantirish va ulardan samarali foydalanish mexanizmlarini ilmiy jihatdan asoslab berish, ularning iqtisodiy samaradorligini oshirish hamda sog‘liqni saqlash tizimida iqtisodiy boshqaruvning zamonaviy yondashuvlarini taklif etishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash jarayonida davlat byudjeti, davlat tibbiy sug‘urtasi, xususiy investisiyalar va davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarini yagona moliyaviy supertizim sifatida ko‘rib chiqish asosida ularning o‘zaro bog‘liqligi va ta’sirini aks ettiruvchi konseptual model ishlab chiqildi.
tibbiy muassasalarning moliyaviy-iqtisodiy holati va resurslardan foydalanish samaradorligini baholashda statistik va iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili, shu jumladan integral barqarorlik indekslari asosida muassasalarni barqarorlik darajasiga ko‘ra guruhlash va econometrik modellashtirish amalga oshirildi.
moddiy-texnika resurslari va xizmat ko‘rsatish jarayonlarining monitoringi asosida tibbiy muassasalarda iqtisodiy nazorat va boshqaruvni takomillashtirishga qaratilgan kompleks diagnostika yondashuvi ishlab chiqildi hamda hududiy boshqaruv samaradorligini oshirish uchun amaliy tavsiyalar belgilandi.
fiziatriya va pulmonologiya xizmatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturiga tayangan holda sog‘liqni saqlash tizimida xizmatlar segmentatsiyasi va iqtisodiy boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi hududiy modellar hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi tahlil qilinib amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar taklif qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi.
Tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash imkoniyatlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy takliflar asosida:
tadqiqot doirasida sog‘liqni saqlash tizimida moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish hamda byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir ishlab chiqilgan ilmiy taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentyabrdagi PQ-311-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 20-martdagi 06/33-4-6251-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilishi natijasida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida boshqaruv va moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiluvchi tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
tibbiyot muassasalarini farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash jarayonida resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan ilmiy xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 5-bandiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 20-martdagi 06/33-4-6251-sonli ma’lumotnomasi). Natijada sog‘liqni saqlash tizimida yagona elektron tizim orqali tibbiy jihozlar hisobini yuritish, ularning tibbiyot muassasalari kesimidagi samaradorligini monitoring qilish bo‘yicha institutsional mexanizmlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
hududiy darajada sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatish va moliyalashtirish tizimini takomillashtirishga doir ilmiy takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PQ-38-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 3-bandi hamda hududlardagi tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga oid 6-ilovasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 20-martdagi 06/33-4-6251-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar asosida hududiy tibbiyot muassasalarida yakuniy natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirishning yangi usullarini, jumladan “davolangan holat” uchun va jon boshiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirishga doir ilmiy natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023–2024-yillarda qabul qilingan PQ-12, PQ-296 va PQ-402-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan dastur va chora-tadbirlar rejalariga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 20-martdagi 06/33-4-6251-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ftiziatriya va pulmonologiya, onalar va bolalar salomatligi, ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish hamda reproduktiv salomatlikni mustahkamlash yo‘nalishlarida davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari va maqsadli jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning ilmiy asoslangan mexanizmlari belgilandi.