Tog‘aev Botir Normahmadovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bekross duragaylash asosida Qashqadaryo viloyatining ekstremal tuproq iqlim sharoitiga mos g‘o‘za navini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Qx1832.
Ilmiy rahbar: Namazov Shadman Ergashovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.01.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: g‘o‘zaning “S-7321” navi (NAP 539).
II. Tadqiqotning maqsadi Bekkross duragaylash asosida Qashqadaryo viloyatining ekstremal tuproq iqlim sharoitiga mos, abiotik va biotik omillarga bardoshli, tezpishar, tola sifati yuqori, xosildor g‘o‘za navini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘zaning kompozit duragaylash orqali yaratilgan yuqori avlodlari orasidan xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning ijoobiy majmuasiga ega o‘simliklarni tanlash va avlodini o‘rganish orqali genetik jihatdan boyitilgan seleksion ashyolarni yaratish samarador ekanligi isbotlangan;
to‘yintiruvchi chatishtirish uslubidan foydalangan holda, tabiiy populyasiyalari orasidan xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning ijobiy belgilarini bir genotipda jamlangan namunalar ajratib olingan;
tanlangan biotiplar orasidan tezpisharlik, hosildorlik, yuqori tola sifati va chiqimi, sho‘rlanish va suv tanqisligiga bardoshlilik va boshqa xo‘jalik qimmatli belgilarning ijobiy majmuasiga ega yangi S-7321 g‘o‘za navi yaratilgan;
o‘rta tolali S-7321 g‘o‘za navining tezpisharlik, yuqori mahsuldorlik, turli stress omillarga hamda vilt kasalligiga bardoshlilik xususiyatlari mavjudligi aniqlangan bo‘lib, ushbu nav Qashqadaryo viloyatlarining tuproq-iqlim sharoitlarida etishtirishga mosligi, rayonlashgan navlarga nisbatan erta va sifatli hosil olinishi hamda hosildorligi 3-5 s/ga yuqori ekanligi, tola sifati to‘qimachilik sanoati talablariga to‘liq javob berishi bilan boshqa navlardan ustunligi isbotlangan;
g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub S-7321 navi bo‘yicha Davlat nav sinash Markazi o‘tkazgan patent sinovi natijalariga asosan xo‘jalik uchun qimmatli belgilari (tezpisharligi, tola chiqimi, tola sifati va boshqa) bo‘yicha yangilikka egaligi tasdiqlangan NAP 539 raqamli patent olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub bekross duragaylash orqali olingan g‘o‘za duragaylarining yakka tanlash asosida xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning ijobiy majmuasi bo‘yicha farq qiluvchi biotiplarni tanlash, biotiplar asosida ajratib oilngan oilalarda belgilarning shakllanishi va barqarorlashuvini o‘rganish asosida:
Qashqadaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitlarida etishtirishga mos, tola chiqimi yuqori, tola sifati IV tipga mansub o‘rta tolali g‘o‘zaning S-7321 navi yaratilgan va NAP 539 raqamli patent olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi №05/01-05/02-05/04-03-438-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za navlari genofondi hosildorligi 39,5 s/ga, tola chiqimi 39,1%, tola uzunligi 35,0 mm, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,0 g, tezpisharligi 112 kun, 1000 dona chigit vazni 121 g bo‘lib, tola sifati IV tipga to‘liq javob beradigan yangi nav bilan boyitilgan;
Yangi yaratilgan o‘rta tolali g‘o‘zaning “S-7321” navini Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani “Cho‘li Begimqulov” hududidagi g‘o‘za urug‘chiligiga ixtisoslashgan “Afruza Xoliyorova” fermer xo‘jalikida 3,0 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi №05/01-05/02-05/04-03-438-son ma’lumotnomasi). Natijada, gektaridan o‘rtacha paxta hosildorligi 39-42 s/ga ni tashkil etib, mazkur tumanda ekilayotgan andoza Shaxrisabz-1 naviga nisbatan 3,0-5,0 s/ga yuqori hosil olish imkonini bergan;
S-7321 g‘o‘za navining navdorligini oshirish va orginal urug‘larini ko‘paytirish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Qashqadaryo ilmiy tajriba stansiyasida 1 gektar maydonda birlamchi urug‘chiligi yo‘lga ko‘yilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi №05/01-05/02-05/04-03-438-son ma’lumotnomasi). Natijada, navning o‘ziga hos biotiplariga mansub bo‘lgan, birinchi yilgi oilalar sinash ko‘chatzoridan 50 dona oilaviy terimdan 36,8 kg urug‘, yakka tanlovlar bo‘yicha 500 ta namunadan 180 tasi brakka chiqarilib, 320 tasi ekish uchun tayyorlangan.