Qalbaeva Gulparshin Sarsenbaevnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpoq xalq afsonalari (genezisi, janriy xususiyatlari, tasnifi)”, 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Fil268.

Ilmiy rahbar: Allambergenov Kenesbay Allambergenovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq   davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.

Rasmiy opponentlar: Bahadirova Sarigul, filologiya fanlari doktori, professor; Tilavov Abdimurod Xolmurodovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi:qoraqalpoq xalq afsonalarining epik turga mansub alohida janr sifatidagi xususiyatlarini aniqlash, syujet silsilasi va motivlar tarkibining genetik ildizlarini yoritish hamda mavzu tiplariga ko‘ra tasniflash asosida qoraqalpoq xalq nasri janrlarining shakllanishi tarixi turkiy xalqlar fol`klorining qadimgi davrlariga borib taqalishini isbotlashdan iboratdir.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

qoraqalpoq fol`klorshunosligida birinchi marta afsona janri hayotiy voqelikni xayoliy uydirma asosida aks ettirishi, epik talqinda fantastikaning ustuvorlik qilishi, matnning badihago‘ylik asosida o‘zgarib turishi, tinglovchiga muayyan tarixiy-etnografik va ijtimoiy-madaniy axborotni etkazish maqsadida aytilishi kabi xususiyatlariga ko‘ra xalq nasrining boshqa janrlaridan farqlanib turishi isbotlangan;

hayotiy voqelikni o‘ziga xos tarzda aks ettirishi jihatidan qoraqalpoq fol`kloridagi afsonalarning «mifologik afsonalar», «tarixiy shaxslar haqidagi afsonalar», «toponimik afsonalar», «diniy-kitobiy afsonalar», «ijtimoiy-utopik afsonalar» va «ijtimoiy-turmush masalalariga doir afsonalar» kabi olti tipdan iborat yangi tasnifi yaratilgan;

dastlabki afsonalar qadimgi mifologik tasavvurlarning verbal shakldagi ifodalari, hayotiy voqelikni aks ettiruvchi og‘zaki hikoyalar, ayrim tarixiy voqea va tarixiy shaxslar haqidagi rivoyatlar – angizlarning badiiy tafakkur taraqqiyoti davomida fantastik uydirma va diniy tushunchalar bilan uyg‘unlashib ketishi natijasida yuzaga kelganligi aniqlangan;

og‘zaki nasrga mansub asarlardagi yetakchi motivlarning tub ildizlari turkiy xalqlar fol`klorining qadimiy qatlamiga mansub bo‘lib, miflarning keyingi stadial bosqichida o‘z ko‘rinishi va funksiyalarini o‘zgartirib, badiiy-estetik tabiat kasb etishi bilan bog‘liqligi dalillangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Qoraqalpoq xalq afsonalari genezisini, janr xususiyatlarini o‘rganish davomida erishilgan natijalar asosida:

qoraqalpoq afsonalarining janr xususiyatlari, tarixiy-genetik asoslari va badiiyatiga doir ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida F1-SA-O-434-29. FA-F1-GOO2 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish» (2012-2016) mavzusidagi fundamental loyihasini bajarishda, jumladan, qoraqalpoq xalq afsonalarining janriy xususiyatlari, janr sifatida shakllanishining asosiy bosqichlari, epik syujet motivlarining tarixiy-genetik asoslari, badiiy xususiyatlari, g‘oyaviy-mavzuiy yo‘nalishlarini tadqiq etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2018 yil 22 oktyabrdagi 209/1-son ma’lumotnomasi). Natijada afsona janrining boshqa epik janrlari, jumladan, mif, ertak, rivoyat, naql va loflardan farqlanib turadigan janriy belgilarini aniqlashga doir nazariy kriteriylar takomillashtirilgan;

qoraqalpoq afsonalarida tarixiy voqelik va tarixiy shaxslar obrazining aks ettirilishiga doir faktik materiallar va ilmiy-nazariy qarashlar Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi Berdaq Milliy muzeyi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan 50-14/21-sonli «Donolarni izlar edim» davlat loyihasini bajarishda nazariy va amaliy asos sifatida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 23 oktyabrdagi 2-03/1941-son ma’lumotnomasi). Atoqli shoir Berdaq haqidagi xalq afsonalari va rivoyatlarida ijodkor obrazining badiiy talqinini tahlil qilish natijasida afsona syujetining shakllanishiga hayotiy voqelikning asos bo‘lishi haqidagi ilmiy qarashlarni keng ko‘lamda targ‘ib qilishga erishilgan;

afsonalarning yoshlarda ota-bobolarimiz yaratgan ma’naviy boyliklarga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirishda, vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashdagi o‘rniga doir ilmiy xulosalardan Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining «Yoshlar uchun», «Adabiyot va davr» eshittirishlari ssenariylarida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining 2018 yil 19 oktyabrdagi 01-2/483-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar orqali qoraqalpoq afsonalarining o‘ziga xos janriy xususiyatlari, ularning xalq og‘zaki ijodida, shuningdek, komil inson tarbiyasida tutgan o‘rni va ahamiyati borasidagi tavsiyalari jamoatchilikka etkazilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish