Ismoyilov Alisher Isroyilovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kartoshka tezpishar va o‘rta tezpishar navlarining jadallashgan birlamchi urug‘chilik texnologiyasini takomillashtirish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Qx251.

Ilmiy rahbar: Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

Rasmiy opponentlar: Narimanov Abdujalil Abdusamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Qodirxo‘jaev Orif Qodirxo‘jaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Zarafshon vodiysi o‘tloqi bo‘z tuproqlari sharoitida kartoshka yangi navlarining jadallashgan virussiz birlamchi urug‘chilik texnologiyasini takomillashtirish, dastlabki o‘simliklarni tanlash muddat va usullarini belgilash, urug‘lik tuganaklarni ekish oldi tayyorlash, antivirusli preparatlarda ishlash hamda ekish usullarini maqbullashtirish orqali yuqori ko‘payish koeffisienti imkoniyatlarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Zarafshon vodiysi sharoitida kartoshka tezpishar va o‘rta tezpishar navlarining ertagi va ikki hosilli ekinlar asosida takomillashgan jadallashgan virussiz birlamchi urug‘chiligi texnologiyasi asoslangan;

vizual usulda + serologik tahlil asosida, vizual + serologik tahlil + urug‘lik tuganaklar ekish oldi nishlatilib, chiniqtirilib hamda nishlatilib va antivirusli preparatlar bilan ishlanib, tanlab olingan o‘simliklar o‘sishi, viruslar bilan zararlanishi va hosildorligi bo‘yicha baholangan;

turli antivirusli preparatlarni qo‘llashning kartoshka tezpishar va o‘rtatezpishar navlar tuganaklari dala unuvchanligi, o‘simlikning o‘sishi, hosil shakllanishi, hosildorligi va sifatiga ta’siri aniqlangan;

kartoshka navlari urug‘lik tuganaklarini ekish oldi tayyorlash va antivirusli preparatlar bilan ishlash hamda ekish usullarining o‘simlik o‘sishi, rivojlanishi, viruslar bilan kasallanishi, palak va tuganak hosili shakllanishi hamda umumiy hosildorlikka, tovar, urug‘bop tuganaklar chiqimi, ko‘payish koeffisientiga ta’siri aniqlangan;

ertagi kartoshka navlarining birlamchi urug‘chiligida turli agrotexnologik tadbirlarning elita va turli reproduksiya urug‘lik tuganaklar o‘simligining shakllanishi, viruslar bilan zararlanishi va hosildorlikka ta’siri belgilangan;

kartoshka navlarining virussiz birlamchi urug‘chiligini ertagi va ikki hosilli ekinlar asosida jadallashgan tartibida elita etishtirish texnologiyasining iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Samarqand viloyatining qadimdan sug‘oriladigan o‘tloqi bo‘z tuproqlari sharoitida kartoshka navlari virussiz birlamchi urug‘chiligi urug‘lik tuganaklarini ekishga tayyorlash texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

fermer xo‘jaliklari uchun «Ertagi kartoshka navlarining jadallashgan virussiz birlamchi urug‘chilik texnologiyasini takomillashtirishga oid tavsiyalar» ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 22 yanvardagi 02/029-39-son ma’lumotnomasi). Natijada  ushbu tavsiyanoma sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida ertagi kartoshkadan yuqori va sifatli hosil olishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;

kartoshka navlari urug‘lik tuganaklarini ekishga tayyorlash texnologiyalari Samarqand  viloyati Tayloq tumani ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida 25,6 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 22 yanvardagi 02/029-39-son ma’lumotnomasi). Natijada gektaridan 7,8-11,9 mln. so‘mgacha sof daromad olingan va rentabellik darajasi 29,6-44,4 foizni tashkil etgan;

«Quvonch-16/56m», «Bahro-30», «Hamkor-1150» va «Bardoshli-3» kartoshka navlarining 33 ming dona klonlari, 92 tonna superelita, 466 tonna elita, 1500 tonna 1, 2-reproduksiyali urug‘lik tuganaklari etishtirilgan va fermer xo‘jaliklari ekin maydonlariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 22 yanvardagi 02/029-39-son ma’lumotnomasi). Natijada ertagi kartoshkadan gektaridan 28,6-32,3 tonna tovar hosildorlikka erishish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish