Baxodirov Zafar Abduvalievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tuproqshunoslikda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning ilmiy asoslari», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.DSc/B288.
Ilmiy maslahatchi: Bobomurodov Shuxrat Mehribonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.06.01.
Rasmiy opponentlar: Artikova Xafiza Tuymurodovna, biologiya fanlari doktori, professor; Jabborov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, professor; Qodirova Dilrabo Abdukarimovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: respublikamiz turli iqlim sharoitlarida sug‘oriladigan tuproqlardan samarali foydalanishda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning ilmiy va amaliy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tuproq xossalarini tahlil qilish imkonini beruvchi sun’iy intellekt texnologiyalari asosida intellektual modellar ishlab chiqilgan va ularning ishonchlilik darajasi 50-80% ekanligi aniqlangan;
sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tuproqlarni tahlil qilish natijalarini turli kalibrovka qilish usullarida taqqoslangan hamda boshqa usullarga nisbatan Isotonic Regression kalibrovka algoritmi qo‘llanilganda intellektual modellar ishonchlilik darajasi o‘rtacha 15-20% foizga oshganligi aniqlangan;
tuproq hosil qiluvchi omillarning CLORPT modeli tahlili uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llanilganda tuproq ko‘rsatkichlari va tuproq hosil qiluvchi omillarni alohida hisobga olingan natijalariga nisbatan ularni birgalikda hisobga olinganda natijalarning ishonchlilik darajasi 25% yuqori bo‘lishi asoslangan;
CLORPT modeli tahlili uchun omillar (iqlim, tirik organizmlar, relef, ona jins va vaqt) kovariatlari muhimlilik darajalari hisoblangan va model natijalarini hisoblashda ona jins-relef-iqlim omillari ketma-ketligi aniqlangan;
simvolli regresiya tahlillari asosida tuproq namlanish qatorlarini (avtomorf, yarim gidromorf va gidromorf) aniqlash uchun logarifmik formula ishlab chiqilgan va u asosda namlanish qatorini 89% aniqlikda bashorat qilish mumkinligi asoslangan;
tuproqshunoslikda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning tamoyillari ishlab chiqilgan va tuproq tadqiqotlarini bajarishda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning vaqt bo‘yicha samaradorligi (o‘rtacha 5-12 barobar) yuqoriligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sug‘oriladigan tuproqlarni tahlil qilish, monitoring qilish va ulardan samarali foydalanishda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning ilmiy asoslari bo‘yicha olingan ilmiy va amaliy natijalar asosida:
Buxoro viloyati Kogon, Sirdaryo viloyati Mirzaobod va Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanlari uchun “Tuproq resurslarini tezkor, aniq va samarali tahlil qilish, baholash, monitoring qilish yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar beruvchi UzSoilAI” nomli dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/05-04-650-son ma’lumotnomasi). Mazkur dasturiy ta’minot sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda sug‘oriladigan tuproqlar holatini tahlil qilishda, monitoring qilishda vaqt va resurslarni tejash hamda er resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha tadbirlarni belgilash imkonini bergan;
“Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani tuproqlari holati ma’lumotlar bazasi” tuman sug‘oriladigan er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/05-04-650-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur ma’lumotlar bazasi asosida tuproq ma’lumotlarini sifatli va tezkor tahlil qilish hamda saqlash va shu asosda tegishli agrotadbirlarni belgilash imkonini bergan;
Kogon tumani Kogon massiv va Mirzaobod tumani G‘.Yunusov nomli massiv sug‘oriladigan o‘tloqi hamda bo‘z-o‘tloqi tuproqlarining hozirgi holati bo‘yicha mavzuli karta va kartogrammalar (mexanik tarkibi, gumus, harakatchan fosfor va almashinuvchan kaliy, sho‘rlanganlik darajasi) tumanlar hududidagi erdan foydalanuvchilarning sug‘oriladigan er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/05-04-650-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur kartografik materiallar tuproq xossa — xususiyatlarini va meliorativ holatini yaxshilash, o‘g‘itlarni tabaqalashtirib qo‘llash va sho‘r yuvish meʼyor va muddatlarini to‘g‘ri amalga oshirishi imkonini bergan;
Mirzaobod tumani G‘.Yunusov nomli massivdagi “Mirzaobod agro sluster” MChJ sug‘oriladigan tuproqlari uchun 1:5000 masshtabli ozuqa elementlari bilan ta’minlanganlik hamda sho‘rlanganlik darajasi bo‘yicha kartogrammalar MChJga qarashli 186,8 gektar er maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 15-oktyabrdagi 05/05-04-650-son ma’lumotnomasi). Natijada, MChJ hududi sug‘oriladigan tuproqlarida organik va mineral o‘g‘itlarning maqbul meʼyor va muddatlarda qo‘llash, sho‘r yuvish tadbirlarini sifatli o‘tkazish orqali tuproqlarning agrokimyoviy va agromeliorativ holatini yaxshilash imkonini bergan.