Umarova Dilnoza Ravshanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XX asr oxirida O‘zbekiston matbuotida demokratlashuv jarayonlarining aks etishi” 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3646
Ilmiy rahbar: Nurmatov Akbar Normatovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, DSc.03/2025.27.12 Fil.03.01.
Rasmiy opponentlar: Xurshid Do‘stmuhammad, filologiya fanlari doktori, professor.
Ermatov Husan Toxirovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori;
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston matbuotining ilmiy tadqiqotlarga tortilmagan 1985-1992 yillar tarixini yozish, davlat va jamiyat shakllanishining o‘ta muhim mazkur tarixiy bosqichida demokratlashuv jarayonlarining matbuotga ta’sirini o‘rganish, milliy matbuot tarixini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qayta qurish va Oshkoralik yillari matbuotining sovet mafkurasidan demokratik qadriyatlarga o‘tish, o‘sha davr muammolarining (qurolsizlanish, qishloq joylarida aholiga sharoit yaratish, ayollar va bolalar mehnati, xotin-qizlar o‘rtasidagi suisid holatlari, og‘ir ekologik ahvol, “qo‘shib yozish” oqibatlari va hokazo) asl sabablari haqida jamoatchilikni xabardor qilish, hukumat va jamiyat o‘rtasida muammolar muhokamasi va tortishuv muhitini yaratish, targ‘ibot vositasidan ijtimoiy fikr minbariga aylanish tendensiyalari ko‘rinishida namoyon bo‘lgan konseptual, g‘oyaviy va kommunikativ transformatsiyasi 1985-1992-yillarga oid jurnalistik asarlarnining kontekstual tahlili natijasida asoslangan;
XX asr oxirida faoliyat yuritgan barcha gazeta va jurnallar, ularning tematik yo‘nalishi, institutsional-huquqiy maqomi, davriyligi, adadi, narxi haqidagi ma’lumotlarni bibliografik tizimlashtirish hamda tipologik tavsiflash orqali birinchi marta Oshkoralik davri medialandshaftining bosma nashrlar kesimidagi manzarasi to‘liq shakllantirilgan;
demokratik o‘zgarishlar jarayonida davlat nashrlari hamda muxolifat nashrlarining ijtimoiy-siyosiy masalalarga yondashuvi, axborot siyosati yo‘nalishlari, jamoatchilik fikri va ijtimoiy kayfiyatni shakllantirish mexanizmlari qiyosiy-diskursiv tahlil qilinib, davlat va mustaqil nashrlarning voqe’lik hamda vaziyatlarga nisbatan pozisiya va yondashuvlaridagi farqliliklar aniqlangan;
Demokratlashuv jarayonlariga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillar kompleks yondashuv asosida tahlil qilingan. O‘zbekiston ijtimoiy hayotida so‘z erkinligi, oshkoralik va tanqidiy fikrning tarixiy shakllanish bosqichlari ikkiga ajratilib, XX asrda yuz bergan ikki demokratik davrda matbuotning o‘ziga xosliklari, tutgan o‘rni belgilangan. Matbuotdagi bu ikki “demokratik to‘lqin” parallel xossalar orqali dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr oxirida demokratlashuv jarayonlarining O‘zbekiston matbuotida aks etishi holati bo‘yicha xulosa va amaliy takliflar asosida:
- Qayta qurish va Oshkoralik yillarida O‘zbekistonda xotin-qizlarning og‘ir mehnati, ona va bola o‘limlari, xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining ommaviy tus olishining o‘zbek matbuotida yoritilish masalalari Yangi media ta’lim markazi tomonidan o‘tkazilgan “Study Projest Women Empowerment” loyihasi doirasida bo‘lajak jurnalistlarga o‘qitishda hamda 2024-yil chiqqan ayrim o‘zbek nashrlarini gender tahlil qilishda foydalanildi. (Yangi ta’lim markazi 2025-yil 3-aprel 10-sonli ma’lumotnomasi). Natijada talabalar OAV orqali xotin-qizlar, bolalar bilan bog‘liq o‘lim, suisid mavzularini qanday yoritish lozimligi, bu jarayonda nimalarga alohida diqqat qilinishini misollar orqali o‘rgandilar, markaz tomonidan barcha tahlil natijalari hisobot tariqasida qayd etildi.
-XX asr oxirida faoliyat yuritgan barcha gazeta va jurnallar, ularning tematik yo‘nalishi, institutsional-huquqiy maqomi, davriyligi, adadi, narxi haqidagi ma’lumotlar bazasidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi “Yosh jurnalistlar” to‘garagida 2024-yil davomida “Qayta qurish davri publistlarining ijodiy yo‘nalishlari”, “Mustaqillikning ilk yillarida milliy o‘zlik, tarixiy merosni qayta tiklash masalalari”, “XX asr oxiri jurnalistlar ijodida demokratlashuv muammolari” kabi mavzularda ma’ruza, seminar treninglarda, shuningdek, Uyushma tomonidan 2023-yil iyul oyida taqdim qilingan I Milliy ma’ruzani tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi 2025-yil 2-dekabr 02-18/299-son). Natijada jurnalistika fakultetlari talabalari va boshqa jurnalistika sohasiga qiziqqan yoshlar milliy matbuotimiz tarixining yorqin bosqichi haqida to‘laqonli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
-demokratik o‘zgarishlar jarayonida ayrim nashrlarning ijtimoiy-siyosiy masalalarga yondashuvi, axborot siyosati yo‘nalishlari, jamoatchilik fikri va ijtimoiy kayfiyatni shakllantirish mexanizmlarini qiyosiy-diskursiv tahlili; “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1985 ‒ 1992-yillarda chiqqan sonlarida ko‘tarilgan muammolar palitrasi, o‘tish davrida yuz bergan evrilishlarning tahririyat ichki siyosatiga ko‘rsatgan ta’siri, o‘sha yillari bu nashrda materiallar chiqargan publisistlarning professional faoliyati haqidagi tahlillardan; ushbu gazetaning boy tajribalari bugungi kunda uning davomchisi bo‘lgan “Jadid” gazetasi tahririyatining kelajagini belgilashga xizmat qilishi haqidagi xulosalardan foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2025-yil 2-dekabrdagi 01-03/449-son ). Natijada gazetada nazariy tahlillar, sohaga oid atamalar minimal darajaga tushirilib, nashr kontenti keng auditoriyani qamrab olishi, uslubiy yondashuv prinsiplarini yanada takomillashtirishda samaradorlikka erishilgan;
-dissertatsiya doirasida XX asr boshidagi demokratik islohotlarning matbuotdagi aksi ham o‘rganilib, 1917-1933 yillar o‘zbek matbuotidagi demokratik xususiyatlar haqidagi ilmiy yangilik 2024-yil 10-oktyabr kuni “Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi” doirasidagi tadbirda qatnashchilarga ma’ruza sifatida taqdim qilindi. Tadqiqotchi tomonidan yozilgan “Ko‘mak-xorijdagi o‘zbek diasporasining ilk nashri” tezisidan Qatag‘on qurbonlari xotirasi portalining elektron kutubxonasini boyitishda foydalanilgan. (Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 247-sonli 25-sentyabr 2025-yil ma’lumotnomasi). Natijada electron kutubxonada chop etilayotgan mavzusiga doir materiallarni saralash jarayoniga yangicha yondashuvni ta’minlash, maqolalarning publisistik jihatini kuchaytirish, o‘quvchi uchun kerakli va qiziqarli matnga aylantirish, shuningdek, jozibadorligini oshirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;