Namozov Zuxriddin Abdukarimovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘zaning o‘rta tolali yangi navining xususiyatlari va amaliyotga joriy etish”, 06.01.05 - Seleksiya  va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Qx.1771.
Ilmiy rahbar: Narimanov Abdujalil Abdusamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti g‘o‘zaning “Mag‘rur” navi (NAP 00567).
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rta tolali g‘o‘za tizmalarining bir necha avlod populyasiyalari ustida ko‘p martalik tanlov olib borish asosida, hosildor, Respublikamizning turli tuproq-iqlim sharoitlarida qimmatli xo‘jalik ko‘rsatkichlarini ijobiy holatda saqlovchi o‘rta tolali g‘o‘za navini yaratish, avlodlar tahlilini olib borish, navdorligi yuqori bo‘lgan sara urug‘lik chigitlarini etishtirish va joriy etishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor g‘o‘zaning ko‘p genomli (D1 x D5) × (AD1 x E1) duragay kombinatsiyasi asosida olingan L-18 tizmasida ota-ona shakllarning qimmatli belgilarini saqlashga qaratilgan bir necha avlod populyasiyalari ustida olib borilgan maqsadli ko‘p martali tanlash uslubi asosida bir qator oila va tizmalar hamda “Mag‘rur” navi yaratilgan va uning yangiligi tasdiqlangan holda Intellektual mulk agentligi tomonidan NAP 567 raqamli patent olingan;
yuqori hosildorlik, tola sifatining barqarorligi, tezpisharlik bilan bir qatorda olingan tizmalar va navning genotipida murakkab duragaylash natijasida D genomidan bardoshlilik, AD genomidan yuqori hosildorlik va tola sifati, E genomidan ekologik stresslarga moslashuvchanlikni mujassamlashtirishga erishilgan;
maqsadli olib borilgan seleksiya va urug‘chilik ishlari natijasida g‘o‘zaning yangi “Mag‘rur” navi populyasiyasi fenotipik tekislangan, urug‘lik chigiti sifat ko‘rsatkichlari O‘zDSt 633:2006, morfoxo‘jalik belgilari sofligi O‘zDSt 1110:2006 va tolasining sifat ko‘rsatkichlari O‘zDSt 604:2001 talablari darajasiga keltirilgan; 
g‘o‘zaning “Mag‘rur” navida morfologik belgilarning bir xilligi va xo‘jalik ahamiyatiga ega ko‘rsatkichlarning yuqori bo‘lishi irsiy jihatdan yuqori darajada ta’minlanganligi aniqlangan hamda keyingi avlodlarda saqlanib qolishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rta tolali g‘o‘zaning yangi navini yaratish, uning ayrim qimmatli xo‘jalik belgilari ko‘rsatkichlarining barqarorligini saqlash va joriy etish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida: 
g‘o‘zaning turichi (G. hirsutum L.) shakllarini (L-9263 x L-726) duragaylashdan olingan L-9263 va L-726 tizmasi asosida yangi Mag‘rur navi (NAP 567) yaratilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar Milliy markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi № 05/04-04-633-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za navlari genofondini o‘rtapishar, hosildor, tolasining sifati va chiqimi yuqori bo‘lgan yangi nav bilan boyitish imkonini bergan; 
g‘o‘zaning yangi “Mag‘rur” navi 2022 yilda O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining Zangiota ilmiy tajriba bazasida va Do‘rmon markaziy tajriba uchastkasida 2,0 gektar maydonda urug‘ ko‘paytirish uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida ekinlari navlarini sinash markazi 2025 yil 11-sentyabrdagi T-6/01-07-654-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur g‘o‘za navining Toshkent viloyati iqlim sharoitiga moslashuvchanlikni namoyon etgan o‘simliklari asosida 1060 dona yakka va 126 dona oilaviy tanlov namunalari terib olingan hamda 1100 kg sara urug‘lik etishtirishga erishilgan;
g‘o‘zaning yangi “Mag‘rur” navi 2024 yilda institutning Piskent ilmiy tajriba bazasida 2,0 ga maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida ekinlari navlarini sinash markazi 2025 yil 11-sentyabrdagi T-6/01-07-654-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, nav yuqori adaptivlik namoyon etib, hosildorligi o‘rtacha 40,4 s/ga ni tashkil qilgan hamda hududda ekilayotgan navlarga nisbatan 5,2 sentnerga yuqori hosil olinib, qo‘shimcha hosil hisobiga  6,29 mln so‘m sof daromad olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish