Zaripov Habib Salimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sug‘oriladigan maydonlarda ma’danli o‘g‘itlarning kuzgi bug‘doyning oziqa moddalardan foydalanish darajasiga va tuproq unumdorligiga ta’siri (Navoiy viloyati misolida)”, 06.01.04 – Agrokimyo (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2023.4.PhD/Qx1247
Ilmiy rahbar: Yusupov Xasan, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Lalmikor dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/05.04.2025.Qx.02.13.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Nazar Madrimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Nabieva Gulchehra Mirergashevna, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sug‘oriladigan o‘tloqi bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doydan yuqori hosil yetishtirish uchun balans usulida aniqlangan ma’danli o‘g‘itlarning samaradorligi, kuzgi bug‘doyning o‘g‘itlardan foydalanish koeffisientiga, tuproqdagi NPK balansiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
birinchi marta Navoiy viloyatining o‘tloqi bo‘z tuproqlari sharoitida hududning ob-havo sharoitlari, gidrotermik koeffisienti, tuproqning agrokimyoviy, fizikaviy va suv-fizik xususiyatlarini hisobga olgan holda kuzgi bug‘doyning “Asr” navidan 70-80 s/ga va undan yuqori hosil olish uchun talab etiladigan ma’danli o‘g‘itlar me’yori hisob-balans usulida aniqlanib, ilmiy asoslangan o‘g‘it qo‘llash usuli ishlab chiqilgan;
kuzgi bug‘doyning asosiy fenologik bosqichlarida tavsiya va balans usulida aniqlangan mineral o‘g‘itlar me’yorining hamda vegetatsiya davrida “Rokogumin” organik o‘g‘it, gerbisid, fungisid va insektisidlar suspenziyasini uyg‘unlashgan hamda ilmiy asoslangan usulda qo‘llash texnologiyasi ishlab chiqilib, o‘g‘isiz nazorat variantiga nisbatan, kuzgi bug‘doyning dala unuvchanligi tavsiya bo‘yicha 5,7% va balans usulida 5,8%, qishlash darajasi tavsiya bo‘yicha 4,0% va balans usulida 0,2%, umumiy biologik yashovchanligi tavsiya bo‘yicha 6,2% va balans usulida 7,0%, ga yuqoriligi aniqlangan;
rejalashtirilgan hosil olish uchun hisob-balans usulida aniqlangan mineral o‘g‘itlar me’yorining kuzgi bug‘doy vegetatsiyasi davrida o‘g‘isiz nazorat variantga nisbatan, tuproqdagi o‘rtacha mahsuldor namlik 80 m3/ga kamligi, harakatchan shakldagi azot 10,1 mg/kg, fosfor 15,1 mg/kg, kaliy 33,0 mg/kg, ularning o‘simlik tomonidan to‘liq pishish fazasida kuzgi bug‘doy donida o‘zlashtirishi azot 0,98 %, fosfor 0,05%, boshoqda quruq biomassa to‘plash 26,7 g/10 ta o‘simlik, barg sathi indeksi 14,3 ming m2/ga, hosildorlik o‘rtacha 25,2 s/ga ko‘pligi va uning sifat ko‘rsatkichlariga ta’siri ochib berilgan;
hisob-balans usulida aniqlangan mineral o‘g‘itlar me’yori hamda “Rokogumin” organik o‘g‘itni pestisidlar aralashmasi bilan uyg‘unlashgan holda qo‘llash natijasida, o‘g‘isiz nazorat variantga nisbatan, xo‘jalik va biologik hosil bilan olib chiqib ketilgan azot mos ravishda 133,2 va 135,4 kg/ga, fosfor 35,9 va 43,3 kg/ga, kaliy 34,4 va 40,6 kg/ga yuqoriligi, foydalanish koeffisentini azot 60,9 %, fosfor 39,2 %, kaliy 77,0 %, mineral oziqa moddalarining tuproqdagi shartli balansi azot -12,4…+29,2 kg/ga, fosfor -1,8..+44,5 kg/ga, kaliy -78,4-106,1 kg/ga hamda o‘g‘isiz nazorat variantga nisbatan, rentabellik darajasi 28 %ga yuqoriligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sug‘oriladigan maydonlarda ma’danli o‘g‘itlarning kuzgi bug‘doyning oziqa moddalardan foydalanish darajasiga va tuproq unumdorligiga ta’siri bo‘yicha tadqiqot natijalari asosida:
Respublikamizda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari uchun “Sug‘oriladigan o‘tloqi bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli hosil etishtirishda ma’danli o‘g‘itlardan samarali foydalanish bo‘yicha” (Navoiy viloyati misolida) nomli tavsiyanoma ishlab chiqilib (Zaripov, Yusupov, 2025), Navoiy viloyatining Navbahor, Karmana va Qiziltepa tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 12-noyabrdagi 534-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanoma kuzgi bug‘doydan rejalashtirilgan yuqori va sifatli hosil olish uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Yangi ishlanma Qiziltepa tumanidagi “Bashirning barakali hosili” fermer xo‘jaligida 8 ga, Navbahor tumanidagi “Qo‘shrabot kelajagi” fermer xo‘jaligida 7 ga, Karmana tumanidagi “Asliddin Asadbek kelajagi” fermer xo‘jaligida 5 gektarga jami 20 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 12-noyabrdagi 534-son ma’lumotnomasi). Joriy etish natijasida kuzgi bug‘doydan “Bashirning barakali hosili” fermer xo‘jaligi 80,2 s/ga ni, “Qo‘shrabot kelajagi” fermer xo‘jaligi 78,2 s/ga va “Asliddin Asadbek kelajagi” fermer xo‘jaligi 75,4 s/ga ni tashkil etgan va rentabillik darajasi ham mos ravishda 30,1; 28,6 va 26,5% bo‘lishiga erishilgan.