Sotvoldiev Murtaz Abdulaziz o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
O‘zbek va qirg‘iz xalq sehrli ertaklarining qiyosiy tahlili 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Fil2333
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida bajarilgan.
Ilmiy rahbar: Temirova Mahbubaxon Alibekovna, filologoya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Shomusarov Shorustam Giyasovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor, Jumanov Elbek Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoi nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va qirg‘iz xalq sehrli ertaklarining qiyosiy-tipologik tahlili asosida ularning an’anaviy obraz va motivlari, genezisi, badiiy ifoda shakli, poetik vazifalaridagi o‘xshash hamda farqli belgilarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek va qirg‘iz sehrli ertaklari tarixiy-folkloriy asoslariga ko‘ra magiya, animizm, totemizm va fetishizmga ishonch izlari tasvirini saqlab qolganligi, mif – din – marosim tizimida badiiy-estetik takomilga erishgani, voqealikni fantastika+romantika+realizm uyg‘unligida ifodalab kelishi asoslandi;
o‘zbek va qirg‘iz sehrli ertaklarida turkiy xalqlarning ijtimoiy-tarixiy, madaniy-axloqiy, badiiy-estetik qarashlari ifoda etilgani ularning mazmun-mohiyati, ifoda uslubi, poetik-kompozision xususiyatlariga ko‘ra o‘xshashlik kasb esa-da, har birining o‘z tarixi, milliy madaniyati, yashash sharoiti, urf-odat va marosimlari asosida berilishiga ko‘ra farqliklarga ham egaligi dalillandi;
sarlavhasi, mavzusi, mifologik, antropogonik, fitonimik, dendrar, zoomorfik, ornitomorfik, tilsim narsa-buyumlar ko‘rinishidagi badiiy obrazlarning yetakchi va ko‘makchi qahramon sifatidagi ishtiroki, befarzandlik, g‘aroyib homiladorlik, sirli tug‘ilish, etimlik, o‘gaylik, evrilish, tush, safar, sinov, mifologik jang singari an’anviy epik motivlarning poetik vazifalari yaqinligi aniqlandi;
o‘zbek va qirg‘iz sehrli ertaklarida boshlanma va kirishlar, go‘zal ayollar, botir qahramonlar orqali inson omilini ideallashtish, turkiy qavmlar kabi bo‘ri va otni totem sifatida ardoqlash, manistik qarashlar asosida sehrli suyakni obrazlantirish, kenja bolani bosh (yetakchi) qahramon sifatida talqin qilish, unga raqib va homiy mifologik kuchlarni tasvirlash jihatdan yaqinligi isbotlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbek va qirg‘iz xalq sehrli ertaklarining qiyosiy-tipologik tahlilini amalga oshirish, ularning o‘xshash va farqli xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida FA-F1-OO5-raqamli «Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish» (2017-2020-yy.) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqolpog‘iston bo‘limining 2024-yil 20-dekabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada ilmiy tadqiqot xulosalari o‘zbek va qirg‘iz xalq sehrli ertaklarida mushtarak syujetli ertaklar, oxshash sehrli predmetlar, personajlar borligi, ularning vazifalari, genezisini aniqlashga xizmat qilgan.
2022-2023-yillarda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida amalga oshirilgan “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb (elektron lug‘atlar) to‘plamini yaratish” mavzusidagi F3-2019081663 raqamli fundamental loyihani bajarishda foydalanildi.
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlari ssenariysini yozishda foydalanilgan. Xususan, o‘zbek va qirg‘iz xalq sehrli ertaklarining qiyosiy-tipologik, qiyosiy-tarixiy, struktural-semiotik hamda etnofolkloristik tahliliga doir ma’lumotlar misolida ochib berilgan va muallif bilan suhbatlar uyushtirilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2025-yil, 12-maydagi 26-36-985-sonli ma’lumotnomasi) Natijada, radiodasturlarda foydalanilgan o‘zbek va qirg‘iz xalq sehrli ertaklarining qiyosiy-tipologik talqiniga doir xulosalar orqali eshittirishlar mazmuni boyitilib, g‘oyaviy, ilmiy ta’sirchanligi oshirilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasining ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida, xalqaro ilmiy amaliy anjumanlarida, adabiy muloqot va targ‘ibot ishlarida muhim nazariy va amaliy manba sifatida dissertatsiya ishi natijalari, ilmiy-nazariy qarashlaridan, xususan, o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining sehrli ertaklarida turkiy xalqlarning ijtimoiy-tarixiy, madaniy-axloqiy, badiiy-estetik qarashlari ifoda etilgani, mazmun-mohiyati, ifoda uslubi, poetik-kompozision xususiyatlari, ularning badiiy-estetik asosga ega ekanligi haqidagi ilmiy xulosalaridan foydalanildi (2025-yil, 10-iyundagi 01-03/260-sonli ma’lumotnoma). Natijada, turkiy xalqlarga mansub o‘zbek va qirg‘iz sehrli ertaklarining an’anaviy motivlari tabiati, poetik vazifalari bu ikkala xalqning milliy madaniyati, ruhiyati, turmush tarzi, yashash va mehnat sharoiti, o‘ziga xos udumlariga mos tarzda berilishi, motivlarining struktural-poetik xususiyatlari, badiiy til vositalarini yanada keng ko‘lamda o‘rganish bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilishiga erishildi.
Qirg‘iziston Respublikasi “ELTR” davlat teleradiokompaniyasining “Bilim jana Ilim” kanalining “Jan dүynө” (“Qalb ko‘zgusi”), “Adabiyat aydiңi” (“Adabiyot sarchashmalari”), “Sөz taanuu” (“So‘z tanimoq”) nomli teledasturlarini tayyorlashda o‘zbek va qirg‘iz folklorida ertaklarning o‘rni, ularni tadqiq etish masalalari, obrazlarining poetik tasviri, tipologiyasiga oid ilmiy qarashlar va xulosalardan foydalanilgan (Qirg‘iziston Respublikasi “ELTR” davlat teleradiokompaniyasining “Bilim jana Ilim” kanalining 2024-yil 17-dekabrdagi 01-9/49-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ko‘rsatuvlarning badiiy jihatdan yanada qiziqarli, mazmunli va jonli chiqishiga erishilgan.