ShAMSIEV Jamshid Azamatovichning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

    I. Umumiy ma’lumotlar.

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /tibbiyot fanlari nomzodi/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.Tib298.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Bolalarda exinokokkozni jarrohlik davolash natijalari va residiv profilaktikasini yaxshilash yo‘llari», 14.00.35 bolalar xirurgiyasi (tibbiyot fanlari).

Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:  Akilov Xabibullo Ataullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, 16.07.2013.Tib.18.01.

Rasmiy opponentlar: N.S. Strelkov tibbiyot fanlari doktori professor,
S.V. Minaev tibbiyot fanlari doktori professor, N.Sh. Ergashev tibbiyot fanlari doktori professor.

Yetakchi tashkilot: N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti (Moskva).

Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

    II. Nashr ishlari.

Ilmiy daraja talabgori tomonidan nashr ishlariga qo‘yilgan talablar to‘liq bajarilgan, jumladan:

a) O‘zbekiston Respublikasi OAKning doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalari nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan 2 ta milliy ilmiy jurnalda 2 ta ilmiy maqola,  2 ta xorijiy ilmiy jurnalda 5 ta ilmiy maqola nashr qilingan, 4 ta ixtiro uchun patent olingan.

b) dissertatsiya mavzusi bo‘yicha 24 ta ma’ruza tezisi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallarida e’lon qilingan (jumladan: 2011, Moskva; 2013, Praga;).

  III. Tadqiqotning maqsadi: parazit invaziyasining yangi patogenetik mexanizmlarini aniqlash va kam shikastli jarrohlik amaliyotlariga ko‘rsatmalarni kengaytirish, ularning radikalligini va parazitga qarshi samaradorligini oshirish, kasallik qaytalanishlarining oldini olishning ishonchli uslublarini ishlab chiqish yo‘li bilan bolalarda exinokokkozni kompleks davolash natijalarini yaxshilash.

    IV. Dissertatsiyaning ilmiy yangiligi:

ilk bor normo- va giperatsid holatlaridagi oshqozon shirasining exinokokk tuxumlariga halokatli ta’sir ko‘rsatishi, gipoatsid holatlarida esa kasallik qo‘zg‘atuvchilarining tirik qolishi va ularning ichakdagi ishqoriy muhitda qayta faollashuvi isbotlangan;

ilk bor tajribada makroorganizmning exinokokk bilan ko‘p sonli zararlanish xavfi yuqori ekani, bunda shikastlangan a’zoda katta o‘lchamli dominant exinokokk kistasi va ko‘plab mikroskopik lavrotsistalar paydo bo‘lishi, bu esa kasallik residivining asosiy sabablaridan biri ekani asoslangan hamda bu jarayonning ko‘lami oshqozon shirasining kislotalilik darajasiga hamda yutib yuborilgan parazit tuxumlari miqdoriga bog‘liqligi aniqlangan;

ilk marotaba oshqozon shirasining gipo- va subatsid holatlari exinokokk alimentar invaziyasining asosiy xatar omili ekani va bu omil bolalarda umr bo‘yi saqlanib qolishi isbotlangan;

mahalliy skoleksotsid moddalarning ta’sirchanligini oshirishga yangicha uslubiy yondashuv ilk bor ishlab chiqilgan, samaradorligi tajribada isbotlangan, morfologik jihatdan tasdiqlangan. Asoratlangan exinokokkozda qoldiq bo‘shliqni fizikaviy va kimyoviy zararsizlantirishning original usuli ishlab chiqilgan va uning samaradorligini intraoperatsion baholovchi batamom yangi ekspress-diagnostika usuli ishlab chiqilgan;

bolalarda o‘pka exinokokk kistalarini davolashda an’anaviy uslublarga nisbatan bexatar, kam shikastli va samarali uslubi ishlab chiqilgan.

   V. Dissertatsiyaning amaliyotga joriy etilgan ilmiy natijalari: Exinnokokkektomiyada antiparazitar ishlov berishning samaradorligini aniqlovchi ekspress-diagnostika usuli, exinokokk kistalariga intraoperatsion antiparazitar ishlov berishning yangi usuli, o‘pkadan exinokokkektomiya usuli va jigar exinokokkozini xirurgik davolash usullari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Samarqand tibbiyot institutining 2-klinikasi, Samarqand, Jizzax, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarining ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalari amaliyotiga tatbiq qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 1 fevraldagi 17-son xulosasi). Natijalar bolalarning ushbu o‘ta og‘ir kasalliklarida operatsiyadan keyingi asoratlarni 18,4% dan 4,0% gacha pasaytirishga, jarrohlik amaliyotining davomiyligini o‘rtacha 21 daqiqaga kamaytirishga va shifoxonada davolanish muddatlarini 21,2±1,2 dan 10,9±0,3 kungacha qisqartirishga, kasallik residivi chastotasini 28,1% dan 10,6% gacha kamaytirishga imkon beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish