Tursunov Akmaljon Hamidjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “XIX-XX asrlar nemiszabon sharqshunosligi: tahlil va talqin”, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.3.DSc/Fil858
Ilmiy maslahatchi: Hallieva Gulnoz Iskandarovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat chet tillari instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Namangan davlat chet tillari instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.03/05.05.2023.Fil.163.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi bir martalik Ilmiy kengash. 
Rasmiy opponentlar: Muhibova Ulfatxon Uchkunovna, filologiya fanlari doktori, professor; Hajieva Feruza Melsovna, filologiya fanlari doktori, professor; Qahharov Qobiljon Shuxrat o‘g‘li, filologiya fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat chet tillar instituti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: XIX-XX asrlarda nemiszabon sharqshunosligi taraqqiyoti, uning nazariy-metodologik asoslari, madaniyatlararo aloqalardagi o‘rni va nemis adabiyotida Sharq obrazining g‘oyaviy-badiiy talqinini tizimli, tarixiy-tipologik hamda komparativ yondashuvlar asosida ilmiy tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Sharq haqidagi evropacha tasavvurlar evolyusiyasi antik yunon-rim muhitidagi “ekzotik makon” konsepsiyasidan boshlab, Uyg‘onish va Ma’rifat davrlarida yuzaga kelgan ilmiy va falsafiy tafakkur shakllari orqali tizimli yoritilgan. Ayniqsa, nemis ilmiy tafakkurida shakllangan metafizik, gumanistik va filologik qarashlarning Sharq haqidagi epistemologik qarorlariga ta’siri namoyon etilib, Herder, Kant, Lessing, Hamann kabi mutafakkirlarning asarlarida Sharqni idrok etishdagi konseptual o‘zgarishlar konkret matnlar va tarixiy misollar asosida dalillangan. Shu orqali, Evropa tafakkurida Sharq obrazining tarixiy-madaniy asoslari qanday shakllangani va bu jarayonda nemis madaniy muhitining o‘ziga xos hissasi dalillangan;
XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida nemiszabon hududlarda shakllangan sharqshunoslik maktablari faoliyatining ilmiy-institutsional asoslari qayta tahlil qilinib, ularning “Bildung” konsepsiyasi bilan uzviy aloqasi ochib berilgan. Xususan, Berlin, Bonn, Vena universitetlari hamda Deusche Morgenländische GESellschaft kabi ilmiy markazlarning shakllanishi va faoliyati Germaniyadagi kutubxona va arxiv materiallariga tayangan holda, yangi faktlar va zamonaviy epistemologik yondashuvlar asosida yoritilgan. Bu jarayonda nemis ilmiy tafakkurining madaniy-axloqiy paradigmalari bilan sharqshunoslik tadqiqotlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning tarixiy asoslari aniqlangan;
filologik-tanqidiy, tarixiy-genetik va qiyosiy metodlarning nemis sharqshunosligidagi o‘rni yangicha nazarda tahlil qilinib, bu metodologik asoslar orqali ilmiy tafakkurning shakllanishi qayta baholangan. Ayniqsa, Frans Boppning qiyosiy tilshunoslikdagi tamoyillari, Yulius Velhausenning islom tarixiga tanqidiy yondashuvi hamda Ignas Goldziherning musulmon tafakkuri va matnshunosligiga doir ishlari nemis orientalizmi doirasidan chiqib, Evropa gumanitar tafakkurining taraqqiyotiga ta’sir etgan muhim epistemologik manbalar sifatida talqin qilingan. Bu yondashuvlar, shuningdek, zamonaviy madaniyatshunoslik va komparativ adabiyotshunoslikdagi metodik izlanishlar uchun mustahkam ilmiy zamin yaratganligi izchil asoslangan; 
tarjima faoliyati madaniy vositachilik modeli sifatida talqin qilinib, Hammer-Purgshtall, Fridrix Rukert kabi tarjimonlar asarlarining Sharq poetikasini Evropa madaniy kontekstiga olib kirishdagi roli adabiy-estetik va epistemologik jarayon ekani,  Sharq poetikasining nemis adabiyotiga integratsiyasi yangi nazariy asosda yoritilib, Gyote, Rukert va Annamari Shimmel ijodida sharqiy poetik shakl va ramzlarning nemis adabiy-estetik tizimiga singishi, bu jarayonda yuzaga kelgan madaniyatlararo dialog va badiiy sintez zamonaviy komparativistik metodlar asosida interpretatsiya qilingan;
Amir Temur va Bobur obrazlari davriy-tipologik yondashuv asosida qiyosiy o‘rganilgan. Romantizm, realizm, modernizm va postkolonializm davrlarida bu tarixiy shaxslarning nemis adabiyotidagi badiiy talqinlari tarixiy-falsafiy, estetik va ideologik kontekstda ochib berildi. Temur – kuch va iroda timsoli, Bobur – lirik shaxsiyat va madaniy uyg‘unlik modeli sifatida qayta konseptualizatsiya qilingan;
tarixiy shaxslar orqali Sharq merosining nemis adabiyotidagi aks etish jarayoni yangicha talqin qilindi. Amir Temur, Bobur va boshqa sharqona tarixiy shaxslarning badiiy va ilmiy tasvirlari nemis adabiyotida qanday epistemologik transformatsiyaga uchragani tipologik va komparativ metodlar asosida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX-XX asrlarda nemiszabon sharqshunosligi taraqqiyoti, uning nazariy-metodologik asoslari, madaniyatlararo aloqalardagi o‘rni va nemis adabiyotida Sharq obrazining g‘oyaviy-badiiy talqini tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida: 
Dissertatsiyasining nemiszabon sharqshunoslikning turkiy adabiy merosni tahlil qilishdagi o‘rni, ilmiy-matnshunoslik yondashuvlari, Sharq obrazining badiiy talqini, sharqshunoslik va madaniyatlararo aloqalar, turkiyshunoslikning rivojlanishi, sharq madaniyatining G‘arbga ta’siri, o‘zaro madaniy ta’sirlar, badiiy adabiyotda sharqona tarbiyaning badiiy talqini kabi tadqiqot natijalari va materiallaridan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan IL-402104209. “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google Translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” bo‘yicha innovatsion loyiha doirasida dissertatsiyaning quyidagi ilmiy natijalaridan foydalanilgan (2025-yil 5-iyul, № 01/4-2950-sonli Ma’lumotnoma). Natijada o‘zbek tilining morfologik tahliliga turkiy manbalar asosida ilmiy qo‘shimchalar kiritildi, elektron morfoleksikon bazasi boyitildi va qidiruv tizimlari uchun til resurslarining qo‘llanish imkoniyatlari kengaydi.
tadqiqotning tarixiy-madaniy asoslarning uzlyuksiz evolyusiyasi, turkiyshunoslikning rivojlanishi, sharq madaniyatining G‘arbga ta’siri, o‘zaro madaniy ta’sirlar va sharqshunoslikdagi talqinlar, badiiy adabiyotda sharqona tarbiyaning ideologik-badiiy talqini kabi tadqiqot natijalari va materiallaridan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2022–2023-yillarga mo‘ljallangan PZ-2020042022 raqamli “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” bo‘yicha amaliy loyiha doirasida dissertatsiyaning quyidagi ilmiy natijalaridan foydalanilgan (2025-yil 8-iyul, № 01/4-3004-sonli Ma’lumotnoma). Natijada platformada sharq va g‘arb madaniy merosiga oid manbalar integratsiyasi, turkiy tillar o‘qitilishida tarixiy-madaniy materiallar asosida elektron resurslar yaratilishi va ularning qo‘llanish doirasi kengayishi hisobiga loyiha amaliy natijalarining samaradorligi va foydalanish ko‘lami ortgan.
tadqiqotda aks etgan Sharq poetikasining nemis adabiyotiga integratsiyasi, poetik shakl va ramzlarning nemis adabiy-estetik tizimiga singishi, bu jarayonda yuzaga kelgan madaniyatlararo dialog va badiiy sintez jarayonlari, tarixiy shaxslar orqali Sharq merosining nemis adabiyotidagi aks etish jarayoni va ularning G‘arb adabiyotida estetik integratsiya, madaniy identitet shakllanishi hamda transmadaniy vositachilikdagi o‘rni haqidagi yangiliklar, shuningdek Hammer-Purgshtall, Fridrix Rukert kabi tarjimonlar asarlarining Sharq poetikasini Evropa madaniy kontekstiga olib kirishdagi roli, adabiy-estetik va epistemologik jarayonlarga qo‘shgan hissasi hamda bu tarjimalar Sharq va G‘arb o‘rtasida ikki yo‘nalishli madaniy sintez va semantik boyish jarayonini shakllantirgani haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan tayyorlangan “Jahon adabiyoti” va “Ta’lim va taraqqiyot” nomli radioeshittirishlarning 2025-yil fevral va may sonlarida foydalanildi (2025-yil 26-avgust, № 05-09-1360-sonli Ma’lumotnoma). Natijada Sharq va G‘arb adabiy-badiiy aloqalarining ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-estetik ahamiyatini yoritishga xizmat qiluvchi ilmiy ma’lumotlar asosida radioeshittirishlarning mazmun-mohiyati boyigan.
tadqiqotda ochib berilgan Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy hamkorlik jarayonlari, nemis adabiyotida Sharq obrazining badiiy talqinlari, tarixiy shaxslar (Amir Temur, Bobur va boshqalar) obrazlarining G‘arb madaniy muhitida qayta talqin qilinishi va bu jarayonlarda yuzaga kelgan estetik integratsiya, madaniy identitet hamda transmadaniy vositachilikning o‘rni kabi ilmiy natijalardan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan IL-27-4722022413-sonli “Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanining “Komparativistika” elektron platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida foydalanildi. Loyiha ijrosida dissertatsiya doirasida olingan ilmiy natijalar asosida elektron platformaning kontenti boyitildi, madaniy va adabiy manbalar bazasi kengaytirildi. Shuningdek, loyiha doirasida nashr etiladigan “Komparativistika” (Comparative Studies) ilmiy-elektron jurnalining 6-sonida A.Tursunovning “Nemis adibi M. Pravdin ijodida Bobur Mirzo talqini” (262–272-betlar) nomli maqolasi chop etildi. Ushbu maqola orqali dissertatsiyada ilgari surilgan ilmiy xulosalar amaliyotga tatbiq qilindi, tarixiy shaxslarning nemis adabiyotidagi talqinlari bo‘yicha olingan manbalar platforma foydalanuvchilari uchun ochiq ilmiy resurs sifatida taqdim etildi (2025-yil 5-sentyabr, № 04-04-1/4985-sonli Ma’lumotnoma). Natijada tadqiqot materiali elektron platformaning ilmiy-nazariy bazasini boyitdi hamda qiyosiy adabiyotshunoslik yo‘nalishidagi tadqiqotlar uchun yangi asoslar yaratdi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish