Ro‘ziev Bobir Akramovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qashqadaryo viloyatida safari turizmni rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish”, 08.00.17 – “Turizm va mehmonxona faoliyati”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 2024.4.PhD/Iqt3670
Ilmiy rahbar: Sunnatov Muxtor Ne’matovich, iqtisodiyot fanlari falsafa doktori,dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/30.07.2024.I.70.07.
Rasmiy opponentlar: Arabov Nurali O‘ralovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Alieva Mahbuba Toychievna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qashqadaryo viloyatida safari turizmni rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qashqadaryo viloyatidagi Hisor davlat qo‘riqxonasi, Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi, Muborak davlat buyurtma qo‘riqxonasi, hamda Sechanko‘lda “Experience Economy” (Tajriba iqtisodiyoti)ning mavjud, yovvoyi hayvonlarni tabiiy sharoitda kuzatish, foto-ov faoliyati va ekologik ta’lim berish kabi kompleks imkoniyatlaridan foydalanishni tashkil etishni 60% xususiy fondlar (turizm daromadidan), 40% davlat subsidiyalari asosidagi davlat xususiy sherikchiligi asosida moliyalashtirish taklifi ilmiy asoslangan;
Qashqadaryo viloyati turistlik obektlari: Hisor davlat qo‘riqxonasi, Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi, Muborak davlat buyurtma qo‘riqxonasi, hamda Sechanko‘lning safari turizm salohiyati darajasini “yuqori potensial” (33<SSD<48), “o‘rtacha potensial” (20<SSD<32), “zaif potensial” (16<SSD<20) yangi qiymat shkalalari asosida baholash orqali safari turizm salohiyatini oshirish imkoniyatlarining optimal darajalari aniqlangan;
Qashqadaryo viloyatida safari turizmni rivojlantirishda ishtirok etuvchi xo‘jalik subektlarining hamkorlik darajasini aks ettiruvchi ko‘p sektorli tashkiliy-iqtisodiy hamkorlik indeksi “yuqori samarali hamkorlik” (0.8≤MSCI≤1.0); “barqaror va samarali tizim” (0.7≤MSCI<0.8); “rivojlanish bosqichidagi hamkorlik tizimi” (0.5≤MSCI<0.7); “past samarali tizim” (0.3≤MSCI<0.5); “hamkorlik etishmagan tizim” (0.0<MSCI<0.3) yangi shkalalari asosida baholash orqali rivojlanishni ta’minlovchi imkoniyatlarning maqbul darajalari aniqlangan;
Qashqadaryo viloyatida safari turizm tarmog‘ini rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar statistikasi asosida 2030-yilgacha prognoz parametrlar ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qashqadaryo viloyatida safari turizmni rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Qashqadaryo viloyatida safari turizmni rivojlantirish jarayonida “Experience Economy” (Tajriba iqtisodiyoti) konsepsiyasi asosida Hisor davlat qo‘riqxonasi, Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi, Muborak davlat buyurtma qo‘riqxonasi hamda Sechanko‘l hududlarida yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitda kuzatish, foto-ov faoliyati va ekologik ta’lim xizmatlarini tashkil etishni 60% xususiy fondlar (turizm daromadlari hisobidan) va 40% davlat subsidiyalari asosidagi davlat-xususiy sherikchiligi (DXSh) orqali moliyalashtirish mexanizmi ilmiy asoslab ishlab chiqildi. Ushbu moliyalashtirish modeli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-dekabrdagi PQ-389-sonli hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi VMQ-201-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan hududiy “Kompleks rivojlantirish dasturi”ga integratsiya qilingan va amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 2025-yil 3-noyabrdagi 03-10-17-11336-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, safari turizm obektlarida DXSh asosidagi investisiya oqimi shakllanib, infratuzilma modernizatsiyasi uchun barqaror moliyalashtirish manbalari yaratilgan.
Qashqadaryo viloyati turistlik obektlari — Hisor davlat qo‘riqxonasi, Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi, Muborak davlat buyurtma qo‘riqxonasi va Sechanko‘l hududlarining safari turizm salohiyati darajalarini baholash uchun ishlab chiqilgan yangi “SSD” (Safari Tourism Sustainable Development) qiymat shkalalari (“yuqori potensial” – 33<SSD<48; “o‘rtacha potensial” – 20<SSD<32; “zaif potensial” – 16<SSD<20) amaliyotga joriy etilib, 2025–2026-yillar uchun tuzilgan “Yo‘l xaritasi”da resurs salohiyatini aniqlash va ustuvor investisiya hududlarini belgilash mezoni sifatida qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 2025-yil 3-noyabrdagi 03-10-17-11336-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur tizim hududlar bo‘yicha safari turizmni rivojlantirishning optimal imkoniyatlarini aniqlash, investision loyihalarni manzilli rejalashtirish hamda resurslardan samarali foydalanish imkoniyatini yaratgan.
Safari turizm tarmog‘ida davlat boshqaruvi, xususiy sektor, ekologik tashkilotlar, ilmiy muassasalar va mahalliy jamoatchilik o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni baholovchi ko‘p sektorli tashkiliy-iqtisodiy hamkorlik indeksi uchun taklif etilgan yangi MSCI shkalalari (“yuqori samarali hamkorlik” – 0.8≤MSCI≤1.0; “barqaror tizim” – 0.7≤MSCI<0.8; “rivojlanish bosqichidagi tizim” – 0.5≤MSCI<0.7; “past samarali tizim” – 0.3≤MSCI<0.5; “hamkorlik etishmagan tizim” – 0.0<MSCI<0.3) PQ-389-sonli qaror doirasidagi ekologik turizm va safari yo‘nalishlarini shakllantirish bo‘yicha loyihalarda amaliyotga integratsiya qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 2025-yil 3-noyabrdagi 03-10-17-11336-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu indeks hududiy boshqaruv subektlari o‘rtasidagi hamkorlik darajasini real baholash, ziddiyat nuqtalarini aniqlash, resurslarni muvofiqlashtirish hamda turizm boshqaruvida ko‘p sektorli yondashuv samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.
Qashqadaryo viloyatida safari turizm rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar statistikasi asosida ishlab chiqilgan 2030-yilgacha mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari PQ-389 va VMQ-201 qarorlarining amaliy ijrosiga integratsiya qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 2025-yil 3-noyabrdagi 03-10-17-11336-sonli ma’lumotnomasi). Regressiya, klaster tahlili va vaqt qatorlari (ARIMA) asosida tuzilgan prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib: safari turizm xizmatlari hajmi 2024-yil darajasiga nisbatan 1,7 barobarga; ekologik kuzatuv va foto-ov xizmatlari bo‘yicha to‘lovlar 2,3 barobarga; hududiy yalpi daromad esa 160,8 mlrd so‘mga etishi prognoz qilingan. Ushbu prognozlar investisiya siyosatini shakllantirish, infratuzilma rejalashtirish va xizmatlar zanjirining iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy qarorlar qabul qilishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.