Dolimov Abdurauf Arabboy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bug‘doyning Triticum aestivum L. turiga mansub nav va tizmalarida sho‘rlanishga bardoshlilik xususiyatining molekulyar-genetik tavsifi», 03.00.03 – Molekulyar biologiya. Molekulyar genetika. Molekulyar biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/B1362.
Ilmiy rahbar: Turaev Ozod Sunnatalievich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.B.53.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Kamburova Venera Saytumerovna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Abdurahimov Abror Akramjonovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Ilg‘or texnologiyalar markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bug‘doyning Triticum aestivum L. turiga mansub, Respublikamizning rayonlashgan nav namunalari hamda qurg‘oqchilik hududlarida qishloq xo‘jaligi tadqiqot markazi (ICARDA) kolleksiyasiga mansub kuzgi bug‘doy tizmalarini sho‘rlanishga chidamlilik xususiyatlarini molekulyar markerlar yordamida tavsiflash hamda ushbu stressga aloqador genlarning ekspressiyasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor kuzgi yumshoq bug‘doyning mahalliy hamda xorijiy nav va tizmalari DNK markerlar texnologiyasi asosida sho‘rlanishga chidamliligi baholangan;
sho‘rlanish stressiga chidamli va chidamsiz genotiplarni aniqlashda Xwmc432 va Xgwm493 DNK markerlari amaliy seleksiya jarayonida bug‘doy genotiplarini sho‘rlanish stressiga tezkor va aniq baholashda samarali ekanligi isbotlangan;
bug‘doy namunalarining genetik polimorfizmi asosida tuzilgan filogenetik shajara yordamida, namunalarning o‘zaro sho‘rlanishga chidamliligi bo‘yicha filogenetik uzoqlik yoki yaqinlik darajalari aniqlangan;
bug‘doyning chidamli va chidamsiz nav va tizmalarida sho‘rlanish stressiga aloqador SOS1, SOS2, SOS3, WRKY1 va P5CS1 genlarining ekspressiyasi nazoratga nisbatan sho‘rlanishning turli darajalarida oshganligi kuzatilgan. Shu bilan birga, SOS4 va LEA25 genlari chidamli navda ekspressiya darajasi oshgan, chidamsiz navda esa ushbu genlarning ekspressiyasi kamayganligi isbotlangan;
E’zoz va FAWWON-IRR-43 bug‘doy namunalarida LEA25 geni sekvenirlangan va ushbu genda bitta SNP alleli aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yumshoq bug‘doyning Triticum aestivum L. turiga mansub nav va tizmalarida sho‘rlanishga bardoshlilik xususiyatining molekulyar-genetik tavsifi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yumshoq bug‘doyning sho‘rlanishga chidamliligini DNK markerlar texnologiyasi yordamida aniqlashda foydalanilgan markerlardan Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutda bajarilayotgan (2024-2026) “Yumshoq bug‘doyda harorat stressiga javoban CBF/DERB transkripsiya omillarini kodlovchi genlar ekspressiyasini baholash” mavzusidagi “O‘zbekiston-Belarus” xalqaro fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 22-apreldagi 4/1255-990-son ma’lumotnomasi). Natijada, bug‘doyning abiotik stress bilan genetik bog‘langan Xwmc406, Xcfd18, Xcfd49, Xwmc24, Xwmc432, Xwmc11, Xcfd19 va Xgwm493 kabi markerlari bug‘doyda tashqi muxitga aloqador genlarni identifikatsiyalash imkonini bergan;
sho‘rlanishga chidamli mahalliy bug‘doyning E’zoz navi hamda ICARDA tashkilotining FAWWON-IR-15, FAWWON-IR-34 va FAWWON-IR-39 tizmalari ICARDA xalqaro markazi tomonidan seleksiya va genetik tadqiqotlar uchun boshlang‘ich manba sifatida joriy etilgan (ICARDA - Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazining 2025 yil 18 apreldagi IST/1787 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, sho‘rlanishga chidamli navlarni yaratish maqsadida genetik bazani boyitish va oziq-ovqat xavfsizligini taminlash maqsadida olib borilyotgan amaliy ishlarni rivojlantirish imkonini bergan;
sho‘rlanish stressiga chidamli va chidamsiz bug‘doy namunalarida LEA25 genining sekvens natijalari NCBI ma’lumotlar bazasiga loylangan: sho‘rga chidamli E’zoz navi (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/2991309510) hamda sho‘rga ta’sirchan FAWWON-IR-43 tizmasi (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/PV747479.1). Natijada, ushbu ma’lumotlar sho‘rlanishga chidamlilikning molekulyar mexanizmlarini o‘rganishda muhim asos bo‘lib xizmat qilish imkonini bergan.