Shodmonova Muxlisa Komilovnaning
falsafa doktori (PxD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Patogen zamburug‘larga qarshi Bacillus turkumiga kiruvchi antagonist bakteriyalarning molekulyar genetik bioxilma-xilligini aniqlash», 03.00.03 – Molekulyar biologiya. Molekulyar genetika. Molekulyar biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PxD/B1365.
Ilmiy rahbar: Bozorov Toxir Ahmadovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.B.53.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Dolimova Dilbar Akbarovna, biologiya fanlari doktori, professor; Yakubov Iskandar Taxirovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Mikrobiologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning turli agroekologik hududlaridan olingan o‘simlik namunalarida Bacillus turkumiga mansub bakteriyalarning molekulyar-genetik xilma-xilligi va ularning fitopatogen zamburug‘larga qarshi antagonistlik xususiyatlarini aniqlash hamda qishloq xo‘jaligida bionazorat vositasi sifatida foydalanish imkoniyatlarini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Bacillus turkumiga mansub bakteriyalarda 16S rRNK genining yagona nukleotid polimorfizmi (SNP) asosida chuqurlashtirilgan tahlil o‘tkazilib, B. velezensis, B. atrophaeus, B. wiedmannii va B. stercoris turlarida mutatsion o‘zgaruvchanlik aniqlangan, hamda ushbu genetik diversifikatsiyaning geografik va ekologik omillar bilan bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslab berilgan;
O‘zbekistonning turli agroekologik hududlaridan olingan 3328 ta bakteriya izolyatlaridan 432 tasi yuqori antagonist faollikka ega ekani aniqlanib, 16S rRNK genini sekvenslash va SNP-profil tahlili natijasida 26 ta dan ortiq Bacillus turlarining taksonomiyasi aniqlangan;
o‘simlik to‘qimasidan ajratilgan bakteriyalar tarkibida Bacillus turkumi dominant guruh ekanligi va tur darajasida B. safensis, B. atrophaeus va B. pumilus eng ko‘p uchraydigan turlar sifatida ajratib olingan;
Bacillus turkumiga mansub bakteriyalarning Rhizoctonia solani, Fusarium spp., Aspergillus spp. kabi fitopatogen zamburug‘larga qarshi in vitro sharoitda antagonistlik xususiyatlari tizimli ravishda o‘rganilib, 432 ta shtammdan 225 ta Rh. solani, 148 ta F. culmorum, 14 ta Aspergillus spp va boshqa patogenlarga qarshi yuqori ingibisiya ko‘rsatkichlari (60-80%) ga ega ekanligi aniqlangan;
16S rRNK geni asosida amalga oshirilgan filogenetik tahlil Bacillus turlarini uchta asosiy kladga ajratish imkonini berdi hamda B. aerius, B. pseudomycoides va B. spizizenii turlarining o‘zaro yaqin evolyusion filogeniyasi ishlab chiqilgan;
tadqiqot natijasida yuqori fermentativ faollikka ega izolyatlardan proteaza, sellulaza, lipaza, ksilanaza, glyukanaza va sellobiaza kabi sanoat ahamiyatiga ega fermentlarni ishlab chiqaruvchi shtammlar ajratib olingan;
biologik faolligi, molekulyar tavsifi va enzimatik xususiyatlari asosida tanlab olingan bakteriya shtammlari B. inaquosorum, B. mojavensis, B. proteolyticus, B. safensis, B. halotolerans, B. atrophaeus va B. pumilus istiqbolli bionazorat vositasi sifatida ta’sir koʻrsatishi isbotlangan;
tanlangan Bacillus avlodi bakteriyalarini bug‘doy, no‘xat va g‘o‘za o‘simliklariga inokulyasiya qilish orqali sariq zang, fuzarioz va so‘lish kasalliklariga qarshi 45-50% gacha chidamlilikni oshirish imkoniyati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Patogen zamburug‘larga qarshi Bacillus turkumiga kiruvchi antagonist bakteriyalarning molekulyar genetik bioxilma-xillikni aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
O‘zbekistonning turli agroekologik hududlaridan ajratib olingan Bacillus turkumiga mansub, fitopatogen zamburug‘larga qarshi antagonist xususiyatga ega - Bacillus cereus, Bacillus altitudinis, Bacillus mobilis, Bacillus thuringiensis bakteriya izolyatlarining sof kulturalari Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining «Fitopatogen va boshqa mikroorganizmlar» noyob obekti kolleksiyasi genofondiga topshirilgan (O‘zRFA 2025-yil 20-iyun, №4/1255-1521 son ma’lumotnomasi). Natijada bakteriya shtammlari kolleksiya genofondini boyitish, bakteriya turlari xilma-xilligidan foydalanish imkonini bergan;
Bacillus turkumiga mansub bakteriya izolyatlari 16S rRNK geniga asoslangan tur sekvenslari bo‘yicha olingan natijalarga ko‘ra, bakteriya shtammlari xalqaro ma’lumotlar bazalarida – NCBI (AQSh Milliy Biotexnologiya Axborot Markazi), EMBL-EBI (Evropa Nukleotid Arxivi, Buyuk Britaniya, Kembridj) va DDBJ (Yaponiya DNK Ma’lumotlar Bazasi) platformalarida PV653545, PV653526, PV653521, va PV653522 identifikatsiya raqamlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan (NCBI – AQSh Milliy Biotexnologiya Axborot Markazi, 19.05.2025-yilgi ma’lumot; https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/PV653545). Ro‘yxatdan o‘tkazish natijasida xalqaro ma’lumotlar bazasi boyitildi va Bacillus turlarini global miqyosda tadqiq etish imkoniyati yaratildi.