Abduraxmanov Dilmurod Xolyigitovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tola sifati to‘qmachilik sanoati talablariga mos G.hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za navini yaratish”, 06.01.05 - Seleksiya  va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Qx1380.
Ilmiy rahbar: Qo‘chqorov Orip Erkinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti, DSc.05/08.05.2024.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: g‘o‘zaning “Poly tex Sirdaryo” navi (NAP 562).
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘zaning yovvoyi va ruderal shakllarni AQSh seleksiyasiga mansub navlar bilan chatishtirish orqali yangi nav tanlash hamda bu navlardan ajratib olingan nav populyasiyalarini sho‘rlangan tuproqlar sharoitda qimmatli xo‘jalik belgilari va tola sifatini o‘rganish asosida tuproq sho‘rlanishiga bardoshli, to‘qmachilik sanoatiga mos G.hirsutum L turiga mansub g‘o‘za navini yaratishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub yarim yovvoyi ssp.yucatanense va ssp. punctatum, ssp.morilli, ssp.richmondi kenja turlari va AQSh seleksiyasiga mansub Acala 1517-70, Schortcat, Paymaster-266 va Selection Compositae sanoat navlari ishtirokida to‘qimachilik sanoati talablariga mos bo‘lgan boshlang‘ich ashyolar ajratib olingan;
G.hirsutum L. turiga mansub (yucatanense x punctatum) x Schortcat duragay kombinatsiyasining populyasiya tarkibidan ajratilgan barqaror ko‘rsatkichli o‘simliklarni yakka anlash asosida asosiy qimatli xo‘jalik belgilari ijobiy, tolasi IV tipga mansub oila va tizma yaratilgan;
duragay kombinatsiyalarda qimmatli xo‘jalik belgilari va tola sifat ko‘rsatkichlarining yarim yovvoyi shakllar ishtirokida rekombinatsiyalanishi natijasida qimmatli belgilarining dominantlik darajasi yuqori bo‘lgan, noyob belgi xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan duragay kombinatsiyalarda o‘zgaruvchanlikning keng miqyosda kechishi natijasida qimmatli rekombinantlar ajratib olinishi asoslangan;
olib borilgan izlanishlar asosida tuproq sho‘rlanishiga bardoshli, to‘qmachilik sanoati talablariga mos g‘o‘zaning Poly tex Sirdaryo navi yaratilib, yangiligi tasdiqlangan holda O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan  NAP 562 raqamli patent olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tola sifati to‘qimachilik sanoati talablariga mos G.hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za navini yaratish bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari asosida:
g‘o‘zaning “Poly tex Sirdaryo” navi 2023-2024 yillarda Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash markazining 10 ta regional nav sinash uchastkasida konkurs nav sinovida o‘rganilgan hamda yuqori ko‘rsatkichlargaega ekanligi bilan ijobiy baholangan, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan  NAP 562 raqamli patent olingan va tadqiqotlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 11 noyabrdagi 05/01-05/02-05/04-03-494-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu yangi navning andoza naviga nisbatan bir dona ko‘sakdagi paxta vazni 0,5-0,8 gramm, tola chiqimi 3,5-4,5 foiz, tolaning ip yigiruvchanlik koeffisienti 150 dan yuqori, mikroneyri 4,2-4,4, tola uzunligi 1,24-1,27 dyuym va tolasini nisbiy solishtirma uzulish kuchi 33,5-35,5 g/teks kuchga ega ekanligi tasdiqlanib to‘qimachilik sanoatiga mos yangi g‘o‘za navi maydonlarini ko‘paytirish imkonini bergan;
g‘o‘zaning yangi “Poly tex Sirdaryo” navi 2022-2024 yillar davomida Sirdaryo ilmiy-tajriba stansiyasining o‘rtacha darajada sho‘rlangan tuproqlari sharoitida yangi nav sifatida 9,0 gektar maydonda dastlabki urug‘chilik maqsadlarida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 11 noyabrdagi 05/01-05/02-05/04-03-494-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sirdaryo viloyatda ekilib kelinayotgan asosiy navlarga nisbatan 5,5-7,5 sentner yuqori hosil olish imkonini bergan;
g‘o‘zaning yirik ko‘sakli, serhosil, tola chiqimi va sifati yuqori bo‘lgan, sho‘rlanish hamda suv tanqisligiga bardoshli G.hirsutum L. turiga mansub Poly tex Sirdaryo navi 2025 yilda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi “Poly Tex Sirdaryo” MChJning elita urug‘chilik xo‘jaligida 29,4 ga, “Guliston Cluster” MChJda 151,0 ga, “Umidbek Avazbek orzusi” f/x-19,2 ga, “Bek Ashraf farovon” f/x-50,4 ga, “Baxmalsoy barakali erlari” f/x-19,2 ga, “Shoxruxmirzo kelajaklari” f/x-24,0 ga, “Shamshodbek kelajak rivoji” f/x-20,8 ga, “Toshkent Sayxun” f/x-19,2 ga, “Ruxshona Shamsiddin” f/x-16,8 ga, “Mustang Baxodir” f/x-22,8 ga, “Paxtakor paxta navlari” f/x-24,0 ga, “Odiljon Elyorbek orzusi” f/x-21,6 ga, “Sayxun hosildor erlari” f/x-16,8 ga va “Balandchaqir erlari” f/x-19,2 ga hamda Sirdaryo tumanidagi “Oqoltin Sirdaryo gulshani” f/x-10,0 ga,  “Yuksak Mustang” f/x-10,4 ga, “Iskandar” f/x-20,0 ga, jami 494,8 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 11 noyabrdagi 05/01-05/02-05/04-03-494-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur yangi navdan Sirdaryo viloyatining suv bilan kam ta’minlangan va tuproqlari sho‘rlangan maydonlarda andoza naviga nisbatan 5,5-6,5 s/ga yuqori hosil olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish