Avezova Dildora Davlatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ziyoratgoh obidalariga oid arxaizm va istorizmlarning o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjimasi muammolari”; 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Fil4608
Ilmiy rahbar: Djumabaeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Safarov Shaxriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Odilova Gulnoza Kamiljonovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston hududida joylashgan ziyoratgoh obidalariga oid arxaizm va istorizmlarni yozma manbalardan to‘plash, ularni ingliz tiliga tarjimasidagi muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
eskirgan leksemalarni arxaizm va istorizmlarga ajratgan holda o‘zbek tilshunosligida o‘rganilgan bo‘lsa, ingliz tilshunosligida ular eskirganlik xususiyatiga ko‘ra umumiy ilmiy paradigma doirasida tadqiq etilganligi dalillangan;
ziyoratgoh obidalariga oid matnlarning o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjimasida joy nomlari, bino qismlari, obida bilan bog‘liq tarixiy voqeaning nomlanishi hamda madaniy-tarixiy manbadagi arxaizmlar, istorizmlarning etimologik hamda kontekstual tahlili asosida konseptual va funksional yondashuvlarga tayanish muhimligi aniqlangan;
O‘zbekistondagi ziyoratgoh obidalariga oid materiallarning ingliz tiliga tarjimalaridagi arxaizm va istorizmlar ajratib olinib, 8 ta semantik guruhi aniqlangan, ushbu guruhlarga mansubligiga ko‘ra ularning ingliz tilidagi mukammal izohlari berilishi natijasida tarjima adekvatligi ta’minlanishi ilmiy asoslangan;
ziyoratgoh obidalariga oid arxaizm va istorizmlarni o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjimasida leksik transformatsiya, transkripsiya + izohlash, transliteratsiya + izohlash, kalka hamda ekvivalentlik kabi usullar samarali ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ziyoratgoh obidalariga oid arxaizm va istorizmlarni tarjima qilish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni o‘rganish hamda ularni bartaraf etishda samarali bo‘lgan tarjima usullarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston hududida joylashgan 610 ta ziyoratgoh obidalariga oid manbalardan, 89 ta arxaizm va 42 ta istorizmlarning izohlari keltirilib, ingliz tiliga tarjima qilingan variantlari asosida yaratilgan katalogi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” kanalida “Boboso‘z” loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2025-yil, 12-sentyabrdagi № 01-20/643-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyihada qo‘llanilgan tarixiy, ijtimoiy va madaniy voqeliklarni ifodalovchi leksik birliklar to‘go‘ri tanlangan va bu mazkur loyiha materiallarining sifatini oshishiga hamda loyiha mazmuniga mosligini ta’minlashga xizmat qilgan;
ziyoratgoh obidalariga oid milliy-madaniy, diniy arxaizm va istorizmlar qo‘llanilgan matnlarning o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjimasida ko‘p ma’nolilik (polisemiya), semantik siljish, tillararo omonimiya, ekvivalentga ega emaslik kabi lingvistik muammolarga berilgan echim va xulosalardan Toshkent arxitektura-qurilish universitetining Germaniyaning DAAD xalqaro jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan “Interdisciplinary at the moment 2:0; Building maintenance at the urban and social life of Makhalla” xalqaro loyihasining tarixiy yodgorliklar va ularning qismlariga oid nomlar tarjimasini to‘g‘ri qo‘llashda foydalanilgan (O‘zR Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent arxitektura-qurilish universitetining 2025-yil 12-sentyabrdagi № 04/758-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyihaning tarixiy yodgorliklar va ularning qismlariga oid nomlar tarjimasi to‘g‘ri amalga oshirilgan, lingvistik aniqlik ta’minlangan hamda tarjima me’yorlari takomillashtirilgan;
ekvivalentiga ega bo‘lmagan, o‘ziga xos arxaizmlar va istorizmlarni o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilishda tasviriy tarjima, funksional o‘xshash variantini berish, qiyoslab o‘girish, umumlashtirish, kontekstual tarjima, tarjima transformatsiyalari kabi metodlarning samaradorligi haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining PRIM-01-6 – “Modernization of the Scientific Research Institute of Irrigation and Water Problems” xalqaro loyihasining 2.3 bandidagi “Analysis of conceptual frameworks and strategic approaches aimed at advancing the activities of scientific research institutions in the United States and Canada” qismini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zR Suv xo‘jaligi vazirligi irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 22-sentyabrdagi №01/497-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiya va xulosalar loyihaning ushbu qismini talab darajasida ishlab chiqishga xizmat qilgan.