Kuryazov Zokir Matkarimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Gilsimon il cho‘kindi va texnogen chiqindilardan foydalanilgan keramik materiallarning yuqori haroratdagi struktura hosil bo‘lish jarayonlarini aniqlash va xossalarini boshqarish», 02.00.15 – Silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/K183.
Ilmiy maslahatchi: Qodirova Zulayxo Raimovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti huzuridagi DSc.02/05.05.2023.K/T.35.02 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Zakirov Baxtiyor Sabirjanovich, kimyo fanlari doktori, professor; Yunusov Mirjalil Yusupovich, texnika fanlari doktori, professor; Adinaev Xidir Abdullaevich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: gilsimon il cho‘kindi va texnogen chiqindilardan foydalanib keramik materialning yuqori haroratdagi struktura hosil bo‘lish jarayonlarini aniqlash va xossalarini boshqarishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
suv omborlari gilsimon il cho‘kindisi, chiqindilardan “O‘zmetkombinat” AJ mikrokremnezemi, “Xorazm shakar” AJ defekati kabi ikkilamchi resurslarning kimyo-mineralogik, granulometrik tarkiblari, hamda fizik-kimyoviy hususiyatlari aniqlangan;
gilsimon il cho‘kindisining mineralogik tarkibi kaolinit, gematit, montmorillonit, kvars, kalsit, gidroslyuda, albit minerallardan tarkib topgan alyumosilikatli xomashyolarga o‘xshashligi, mikrokremnezemning donadorlik tarkibi bo‘yicha mayda dispers xomashyolarga mansubligi isbotlangan;
ikkilamchi Angren kaolini, il cho‘kindisi, mikrokremnezem va defekatlarning keramik materiallarni strukturasini shakllantirishdagi va kuydirish vaqtida xossalari boshqarishga yaroqliligi aniqlangan;
ilk bor, gilsimon il cho‘kindilariga termik ishlov berilganda qattiq fazali reaksiyalar va fazaviy o‘tishlar hisobiga 900-1100oC harorat oraligida anortit, vollastonit va mullit kabi yangi mineral kristall fazalarni hosil bo‘lishi isbotlangan;
kaolin va il cho‘kindisidan iborat bo‘lgan keramik massa tarkibiga defekatning qo‘shilishi natijasida keramik sopolak pishish haroratini 50oC pasayishi va ushbu jarayonda defekatdan suyuq faza hosil qiluvshi komponent sifatida foydalanish mumkinligi hamda kuydirish jarayonida vollastonit anortit, mullit minerallari miqdorining ortishi va yangi gelenit mineralini hosil bo‘lishi isbotlangan;
keramik sopolak namunalariga 900-1100oC harorat oraliqlarida termik ishlov berishda qattiq fazali reaksiya jarayonlarining jadallashuv kinetikasi va termodinamik parametrlari hisoblangan;
kaolin, il, mikrokremnezem va defekatlardan mos ravishda tarkib topgan ikkilamchi va uchlamchi sistemalarning fazaviy o‘zaro nisbat diagrammalari qurilgan va past haroratda pishadigan maqbul tarkiblar sohalari va evtektik nuqtalari aniqlangan;
“kaolin-gilsimon il-mikrokremnezyom” va “kaolin-gilsimon il-defekat” uchlamchi sistemasi asosida past haroratda pishadigan qurilish maqsadlaridagi keramik materiallar tarkiblari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Gilsimon il cho‘kindi va texnogen chiqindilardan foydalanilgan keramik materialning yuqori haroratdagi struktura hosil bo‘lish jarayonlarini aniqlash va xossalarini boshqarishlar bo‘yisha olingan natijalar asosida:
gilsimon il cho‘kindilari va texnogen chiqindilardan tarkib topgan sistemalarda yuqori haroratdagi struktura hosil bo‘lish jarayonlarini aniqlashdan olingan ilmiy ma’lumotlar P3-20170920189-sonli «Noruda xomashyo va ikkilamchi resurslarni kompleks qayta ishlash yo‘li bilan issiqlikni himoyalovshi-olovbardosh va keramik materiallarning import o‘rnini bosuvshi tarkiblari va olish texnologiyasini ishlab chiqish» (2018-2020 yy.) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zR Fanlar Akademiyasining 2023 yil 04 dekabrdagi 4/1255-2690-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, uchlamchi sistemalar asosida past haroratda keramik material strukturasini shakllanish jarayonlari bo‘yicha ilmiy asoslangan, fundamental ma’lumotlar olish imkonini bergan;
“gilsimon il-kaolin-defekat” kompozisiyasi asosida ishlab chiqilgan keramik g‘ish tarkibi va olish texnologiyasi “Urgansh qurilish materiallari” MSHJ ning 2026-2027 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga kiritilgan (“O‘zqurilishsanoatmateriallari” Uyushmasining 2025 yil 07 iyuldagi 02/15-2327-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, past haroratda pishirish texnologiyasi asosida standart talablarga javob beradigan keramik materiallarni olish imkonini bergan;
“gilsimon il-kaolin-mikrokremnezyom” kompozisiyasi asosida ishlab chiqiladigan qurilish keramik g‘isht tarkibi “Jayhun” XK ning 2026-2027 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga kiritilgan (“O‘zqurilishsanoatmateriallari” Uyushmasining 2025 yil 07 iyuldagi 02/15-2327-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, texnogen chiqindidan foydalanib keramik g‘ishtlarning talab darajasidagi resurstejamkor tarkibini olish imkonini bergan.