Ashurova Nilufar O‘ktamovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Voyaga etmaganlar huquq va manfaatlarini jinoiy-huquqiy muhofazasini takomillashtirish”, 12.00.08 “Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi” ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.DSc/Yu394
Ilmiy maslahatchi: Rustambaev Mirzayusup Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.32/30.12.2020.Yu.74.01 raqamli ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: O‘rozaliev Murod Qoraevich, yuridik fanlar doktori, professor; Qalandarov Maqsud Maxmudovich, yuridik fanlar doktori, professor; Utemuratova Sapargul Shamshetovna, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti. Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi voyaga etmaganlar huquq va manfaatlarini jinoiy-huquqiy muhofazasini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
voyaga etmagan shaxsni g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi yosh avlodning ektremistik g‘oyalardan muhofazasi kuchaytirilishiga va jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy barqarorligi ta’minlanishiga xizmat qilishi asoslantirilgan;
voyaga etmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan jinsiy turdagi jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish qo‘llanilmasligi jinoyatchilarga manzilli profilaktik ta’sir o‘tkazilishiga, residiv jinoyat xavfini kamaytirilishiga, jazoning uzil-kesil va to‘liq ijro etilishi ta’minlanishiga xizmat qilishi isbotlangan;
jabrlanuvchining o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan (kichik yoshdagi bolalar)ga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish jinoyati ojiz ahvol sifatida inobatga olinishi jinoyatchi qilmishining qat’iyroq baholanishiga, jazoning og‘irroq belgilanishiga, bolalarga nisbatan nomusga tegish jinoyatlarining barvaqt profilaktikasiga, ojiz holatdagi jabrlanuvchilarni himoya qilish samaradorligi oshirilishga imkon berishi isbotlab berilgan;
voyaga etmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy turdagi jinoyatlar uchun jazo tayinlashda jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat kodeksi moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi to‘g‘risidagi qoidaning qo‘llanilmasligi jinoyatchilarga nisbatan qat’iy va adolatli jazo tayinlanishiga, yoshlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy jinoyatlar sonini kamaytirishga xizmat qilishi asoslantirib berilgan;
jinoiy jazo tayinlashda jinoyat sodir etish paytida o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nisbatan bir necha hukm yuzasidan tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddati o‘n besh yildan oshmasligi yosh jinoyatchilarning resotsializatsiyasining engillashtirilishiga xizmat qilishi asoslab berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Voyaga etmaganlarning huquq va manfaatlarini jinoiy-huquqiy himoya qilish masalalarini tadqiq etishning ilmiy natijalari asosida:
voyaga etmagan shaxsni g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi lozimligi to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil
12 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-63-son Qonunining 1-modda
4-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025-yil 20-martdagi 27/2-49-25-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi voyaga etmaganlarni ekstremistik, destruktiv tashkilotlar ta’siridan himoya qilish uchun qonuniy asoslarning yaratilishi, bu orqali ularning huquqlari va erkinliklari kafolatlanishiga xizmat qilgan;
voyaga etmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan jinsiy turdagi jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish qo‘llanilmasligi to‘g‘risidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 11 apreldagi «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonunining 3-moddasi 2-bandi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasi, to‘rtinchi qism, «g» bandiga kiritilgan o‘zgartirish)ni shakllantirishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 20-fevraldagi №3/dn-35-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi voyaga etmaganlarga nisbatan jinoyat sodir etgan shaxslarning jinoiy harakatlari uchun to‘liq va to‘g‘ri javobgarlikni ta’minlash, jazoning tarbiyaviy ta’sirini saqlab qolish hamda shu orqali voyaga etmaganlarning jinoiy-huquqiy muhofazasini takomillashishiga xizmat qilgan;
jabrlanuvchining o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan (kichik yoshdagi bolalar)ga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish jinoyati ojiz ahvol sifatida inobatga olinishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishga doir ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 13-son Qarori 6-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2025-yil 30-apreldagi №01-29-66-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi kichik yoshdagi bolalarning jismoniy va psixologik himoyasini kuchaytirish, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini oshirish va jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholashni ta’minlaydi;
voyaga etmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy turdagi jinoyatlar uchun jazo tayinlashda jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat kodeksi moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi to‘g‘risidagi qoidaning qo‘llanilmasligi to‘g‘risidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 11 apreldagi «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonunining 3-moddasi 2-bandi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 58-moddasi, ikkinchi qismi, «b» bandining 3,4,5 va 6-xatboshisiga kiritilgan o‘zgartirishlar)ni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2025-yil 20-fevraldagi №3/dn-35-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi voyaga etmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy turdagi jinoyatga tayyorgarlik va suiqasd qilganlik holatlarida jazoni umumiy tartibda engillashtirmaslik, ularning jinoiy harakatlariga nisbatan jiddiy munosabatni ta’minlab, jinoyatning ijtimoiy xavfliligini to‘g‘ri baholashga va sudlarda yakdillik hamda individual yondashuvni mustahkamlashga xizmat qilgan;
sudlar tomonidan voyaga etmaganlarga jinoiy jazo tayinlashda jinoyat sodir etish paytida o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nisbatan bir necha hukm yuzasidan tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddati o‘n besh yildan oshmasligi lozimligi to‘g‘risidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 7 dekabridagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-735-son Qonunining 1-moddasi 2-3-bandlari ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2025-yil 20-martdagi 27/2-49-25-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi bolalarga nisbatan jinoiy jazo qo‘llashda odillik prinsiplarining mustahkamlanishi hamda voyaga etmaganlarga nisbatan o‘ta og‘ir jazolar qo‘llashdan saqlanishi orqali ularni qayta ijtimoiylashtirish va jamiyatga qaytarish imkoniyatini oshirishga xizmat qilgan.