Abdusattarova Sitora Faxriddin qizining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Raqamli transformatsiya muhitida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirish: sun’iy intellektning falsafiy-huquqiy muammolari”, 09.00.02 – Ong, madaniyat va amaliyot shakllari (huquq falsafasi)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/Fal271
Ilmiy maslahatchi: To‘ychiev Berdiqul To‘raqulovich, falsafa fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti DSc.03/30.12.2019.F.01.05
Rasmiy opponentlar: Nurmatova Mukarram Axmedovna, falsafa fanlari doktori, professor; Rizaev Andrey Vladimirovich, falsafa fanlari doktori, professor; Matkarimova Gulchexra Abdusamatovna, yuridik fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamli transformatsiya davrida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirishning falsafiy-huquqiy konsepsiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jamiyatning raqamli transformatsiyasi sharoitida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirish ijtimoiy tizimlarni boshqarish va rivojlantirishning asosiy falsafiy-huquqiy mexanizmi sifatida asoslab berilgan, unda raqamli muhitda ijtimoiy tizimlarning o‘zaro aloqadorligi va boshqaruv strukturalarining o‘zgaruvchan dinamikasi falsafiy-huquqiy konseptual model darajasida ochib berilgan;
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlari doirasida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirishda sun’iy intellektdan foydalanishning falsafiy-huquqiy va normativ asoslari aniqlanib, ijtimoiy boshqaruv tizimida raqamli algoritmlarning ijtimoiy adolat, shaffoflik va javobgarlik tamoyillari bilan uyg‘unlashuv mexanizmlari ishlab chiqilgan;
raqamli boshqaruv va ma’muriyatchilik tizimlarida sun’iy intellektni qo‘llashda yuzaga keladigan ijtimoiy xavf va cheklovlarni prognozlash hamda boshqarishning ijtimoiy-huquqiy tamoyillari tizimi aniqlangan, bunda inson omili, huquqiy me’yorlar va madaniy qadriyatlarning o‘zaro ta’sirini ifodalovchi falsafiy-huquqiy model yaratilgan;
inson huquqlari, shaffoflik va ijtimoiy adolat tamoyillari asosida sun’iy intellektdan foydalanishning axloqiy-huquqiy qonuniyligi baholangan, unda sun’iy intellekt faoliyatining inson sha’ni, qadriyati va huquqlari bilan uzviy bog‘liqligini ifodalovchi falsafiy-huquqiy baholash modeli asoslab berilgan;
barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan ijtimoiy boshqaruvda davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va sun’iy intellekt o‘rtasidagi hamkorlikning konseptual modeli ishlab chiqilib, unda raqamli transformatsiya sharoitida ijtimoiy tizimlar barqarorligini ta’minlovchi falsafiy-huquqiy tamoyillar va amaliy mexanizmlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Raqamli transformatsiya sharoitida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirishda sun’iy intellektning falsafiy va huquqiy muammolarining asosiy vektorlarini ochib berish va erishilgan tadqiqot natijalari asosida:
jamiyatning raqamli transformatsiyasi sharoitida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirish ijtimoiy tizimlarni boshqarish va rivojlantirishning asosiy falsafiy-huquqiy mexanizmi sifatida asoslab berilgan, unda raqamli muhitda ijtimoiy tizimlarning o‘zaro aloqadorligi va boshqaruv strukturalarining o‘zgaruvchan dinamikasi falsafiy-huquqiy konseptual modeliga oid taklif va xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "O‘zbekiston teleradiokanali"da efirga uzatilgan "O‘zbekiston yoshlari" va "Ta’lim”, “Taraqqiyot" nomli ko‘rsatuv va eshittirish ssenariylarni tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 28-maydagi 05-09-750- son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu ilmiy ishdagi xulosa, taklif va tavsiyalar O‘zbekiston MTRK dasturlari ssenariylarini shakllantirishda “O‘zbekiston yoshlari”, “Ta’lim”, “Taraqqiyot” va boshqa dasturlarni yanada yangi ilmiy hamda faktik ma’lumotlar bilan boyitishga, ularning mazmuniy va tahliliy darajasini oshirishga, shuningdek, tinglovchilarning siyosiy, ma’naviy va huquqiy madaniyatini rivojlantirishga hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qilgan;
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlari doirasida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirishda sun’iy intellektdan foydalanishning falsafiy-huquqiy va normativ asoslari aniqlanib, ijtimoiy boshqaruv tizimida raqamli algoritmlarning ijtimoiy adolat, shaffoflik va javobgarlik tamoyillari bilan uyg‘unlashuv mexanizmlaridan olingan xulosalardan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-dekabrdagi "Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi O‘RQ-1015-son Qonunining 3,20-moddalarini ishlab chiqishda hamda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 25-fevraldagi O‘RQ-1037-son "O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon va din erkinligini ta’minlash sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Qonunining 1,2-moddalariga kiritildi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-maydagi 11/1-2133-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari axborot siyosati tizimida, shuningdek, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va davlatning din sohasidagi siyosatida, tegishli qonun hujjatlarida belgilangan normalarni amalga oshirish sifatini oshirishda samarali ilmiy-nazariy manba bo‘lib xizmat qilgan;
raqamli boshqaruv va ma’muriyatchilik tizimlarida sun’iy intellektni qo‘llashda yuzaga keladigan ijtimoiy xavf va cheklovlarni prognozlash hamda boshqarishning ijtimoiy-huquqiy tamoyillari tizimi aniqlangan, bunda inson omili, huquqiy me’yorlarning mas’uliyat va shaffoflik jihatlari hamda madaniy qadriyatlarning etik va ijtimoiy javobgarlikka oid o‘zaro ta’sirini ifodalovchi falsafiy-huquqiy konsepsiyasi va uning ilmiy-amaliy echimidan Mudofaa vazirligi faoliyati amaliyotiga joriy etilgan. Ushbu model quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llanildi: 1. Harbiy boshqaruv tizimlarida sun’iy intellektdan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy xavflarni oldindan aniqlash va ularning oqibatlarini baholashda; 2. Harbiy xizmatda inson omiliga ta’sir etuvchi raqamli algoritmlarni ishlab chiqishda axloqiy va madaniy mezonlarni integratsiyalashda; 3. Mudofaa tizimida raqamli boshqaruv platformalarida ijtimoiy va madaniy xavfsizlik nuqtayi nazaridan axborot oqimlarini monitoring qilish mexanizmlarini shakllantirishda. (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari vazirligining 2025-yil 26-maydagi 10/1062-son ma’lumotnomasi). Natijada, sun’iy intellektni joriy etishda xavfsizlik, axloq va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tizimli yondashuv shakllantirilgan hamda Mudofaa vazirligi raqamli boshqaruvi samaradorligi oshirilgan;
inson huquqlari, shaffoflik va ijtimoiy adolat tamoyillari asosida sun’iy intellektdan foydalanishning axloqiy-huquqiy qonuniyligi baholangan, unda sun’iy intellekt faoliyatining inson sha’ni, qadriyati va huquqlari bilan uzviy bog‘liqligini ifodalovchi falsafiy-huquqiy baholash modelidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2024-yilda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining III yo‘nalishida belgilangan "Jamiyatda sog‘lom mafkura, yangi ma’naviy makon, ma’rifatli jamiyat barpo etish, milliy g‘oya targ‘ibotini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar" 19-bandi "Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash doirasida zamonaviy va samarali targ‘ibot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish" mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda foydalanildi (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2025-yil 23-maydagi 10/299-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiyada ilgari surilgan taklif, tavsiya va xulosalar raqamli transformatsiya muhitida ijtimoiy jarayonlarni modellashtirish va sun’iy intellektning falsafiy-huquqiy muammolarini yoritishga xizmat qilgan;
barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan ijtimoiy boshqaruvda davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va sun’iy intellekt o‘rtasidagi hamkorlikning konseptual modeli ishlab chiqilib, unda raqamli transformatsiya sharoitida ijtimoiy tizimlar barqarorligini ta’minlovchi falsafiy-huquqiy tamoyillar va amaliy mexanizmlaridan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga, xususan: fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirokini kengaytirishga qaratilgan amaliy strategik rejalarni ishlab chiqishda; partiyaning dasturiy maqsadlariga erishishning samarali usullarini belgilashda; innovatsion yondashuv asosida mahalliy ijtimoiy muammolarni aniqlash va ularning echimini topishga qaratilgan ijtimoiy tajribalarni o‘tkazishda; partiyaning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan dolzarb tashabbus va loyihalarni asoslashda nazariy-metodologik asos sifatida keng foydalanilgan (O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining 2025-yil 27-maydagi 01-27/235-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiyada ilgari surilgan konseptual yondashuvlar, xususan, davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va sun’iy intellektning o‘zaro hamkorligi modeli O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan siyosiy strategiyasini amaliyotga joriy etish jarayonida muhim nazariy asoslardan biri bo‘lib xizmat qilgan.