Kamalova Mexriniso Qilichevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni magnit-infraqizil-lazer nurlanish orqali majmuaviy davolash xususiyatlari», 14.00.21–Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Tib434.
Ilmiy raxbar: Kamilov Xaydar Pazilovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti, DSc.28.12.2017.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Maslak Elena Efimovna, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Gulyamov Sur’at Saidvalievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: A.I.Evdokimov nomidagi Moskva davlat stomatologiya universiteti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: oddiy gerpes virusini polimeraza zanjir reaksiyasi usulida tashxislash asosida bolalarda surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni magnit-infraqizil-lazer nurlanish orqali majmuaviy davolash sxemasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gerpes virusi DNK molekulasi miqdorini o‘lchash va real vaqtdagi polimeraza-zanjir reaksiyasi yordamida molekulyar-genetik tekshiruvlar ketma-ketligining birga olib borilishi gerpetik stomatit etiologiyasini o‘rganishda yuqori samaradorligi isbotlangan;
surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni majmuaviy davolashda magnit-infraqizil-lazer nurlarining ta’siri og‘iz bo‘shlig‘i mahalliy immun tizimining lizotsim, fagotsitoz va sekretor immunoglobulin A ko‘rsatkichlarini faollashuviga olib kelishi va buning oqibatida yallig‘lanish jarayonlari bartaraf etilishi isbotlangan;
magnit-infraqizil-lazer nurlanish anaerob mikroblar sonini me’yorlashtirib, fakul`tativ flora miqdorini kamaytirishi natijasida og‘iz bo‘shlig‘i disbiotik buzilishlarini bartaraf etishdagi ijobiy xususiyati aniqlangan;
gerpetik stomatitni davolash dinamikasida og‘iz bo‘shlig‘i gigienik holatini baholovchi gigienik indekslar RMA, GI va to‘qima regeneratsiyasini magnit-infraqizil-lazer nurlanish orqali faollashtirilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bolalarda surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni magnit-infraqizil-lazer nurlanish orqali majmuaviy davolash usullari samaradorligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Bolalarda surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni tashxislashda polimeraza zanjirli reaksiyadan foydalanish» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 18 oktyabrdagi 8n-r/213-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma SQGS erta tashxislashga, ularning genotip xususiyatlarini va populyasion mosligini e’tiborga olgan holda al`ternativ davo usullarini aniqlashga imkon bergan;
«Bolalarda surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni majmuaviy davolashda magnit-infraqizil-lazerli «Sogdiana» uskunasini qo‘llanilishi» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 18 oktyabrdagi 8n-d/213-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma magnit-infraqizil-lazerli uskuna yordamida bolalarda surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni majmuaviy davolash samaradorligini baholash tizimini yaratish imkonini bergan;
bolalarda surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni magnit-infraqizil-lazer nurlanish orqali majmuaviy davolashning samaradorligini baholashga qaratilgan ilmiy tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Buxoro viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, G‘ijdivon tumani ko‘p tarmoqli tibbiyot poliklinikasi, Kogon va Jondor tumanlari tibbiyot birlashmalari klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 29 yanvardagi 8n-d/10-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga joriy qilinishi bolalarda surunkali qaytalanuvchi gerpetik stomatitni davolash muddatini va qaytalanishlar sonini qisqartirish, tashxislash sifatini yaxshilash imkonini yaratgan.