Shermamatova Maftuna Shokir qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Implementation of WTO TFA standards in Uzbekistan’s customs legislation” 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.3.PhD/Yu1584
Ilmiy rahbar: Sattarov Dilshod Yuldashevich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/03.06.2023.Yu.22.04.
Rasmiy opponentlar:yuridik fanlar doktori, professor Yuldasheva Govxerjan, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Sherzod Axunov
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universisteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston bojxona qonunchiligi va JSTning Savdoni engillashtirish bitimi o‘rtasidagi muvofiqlik darajasini o‘rganish hamda milliy bojxona tizimida SYB standartlarini to‘liq va samarali joriy etishga qaratilgan ilmiy va amaliy taklif, tavsiya va xulosalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
bojxona sohasiga oid xalqaro instrument va vositalar tushunchasiga ilmiy asoslangan ta’rif ishlab chiqilgan, ya’ni “Xalqaro bojxona instrument va vositalari xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan qabul qilingan, bojxonaga oid barcha huquqiy munosabatlarini tartibga soluvchi normalar (standart, qoida va tartiblar), shartnomalar (bitim, konvensiya va deklaratsiyalar), turli tavsiyaviy hujjatlar (kompendium, yo‘riqnoma, qo‘llanmalar), ilg‘or texnologiya va axborot tizimlarini tashkil etadi” degan ta’rifi asoslantirilgan;
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi “Bojxona organlarining asosiy vazifalari” qatoriga “...savdoni engillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish” bandini qo‘shish zarurligi asoslantirilgan;
bojxona to‘lovlarini to‘lashning bosh ta’minoti institutini joriy etish zaruriyati asoslangan, ya’ni JST Savdoni engillashtirish bitimining 7-moddasi, 3.1, 3.2, 3.3 standartlarini implementatsiya qilish maqsadida bir necha bojxona operatsiyalari amalga oshiriladigan hollarda barcha bojxona to‘lovlarini to‘lashni ta’minlash uchun yagona bosh ta’minot taqdim etish mexanizmi ishlab chiqilgan;
JST Savdoni engillashtirish bitimining 7-moddasi, 3.1, 3.2, 3.3 standartlarini implementatsiya qilish maqsadida bojxona ekspertizasi natijalari olinguniga qadar tovarlarni chiqarib yuborish shartlari va ta’minot choralari aniqlab berilib bojxona ekspertizasi tayinlanganda tovarlarni chiqarib yuborish huquqiy mexanizmini joriy etish zaruriyati asoslantirilgan;
tovarlar davlat mulkiga o‘tkazilgan, yo‘q qilingan, avariya natijasida zarar ko‘rgan yoki tabiiy ravishda kamaygan hollar aniqlab berilib, JST Savdoni engillashtirish bitimining 7-moddasi, 3.1, 3.2, 3.3 standartlarini implementatsiya qilish maqsadida Bojxona to‘lovlarini to‘lash majburiyati yuzaga kelmaydigan yoki to‘langan bojxona to‘lovlari qaytariladigan holatlarni kengaytirish zaruriyati asoslantirilgan;
JST Savdoni engillashtirish bitimining 7-moddasi, 3.1, 3.2, 3.3 standartlarini implementatsiya qilish maqsadida agar bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha qarzdorlik bazaviy hisoblash miqdorining yigirma foizidan oshmasa, u shakllanmaydi deb belgilash taklifi ishlab chiqilib bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik shakllanmaydigan chegara belgilash zaruriyati asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. JST SYB (Jahon Savdo Tashkiloti Savdoni engillashtirish bitimi) standartlarini O‘zbekistonning bojxona qonunchiligiga implementatsiya qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bojxona sohasiga oid xalqaro instrument va vositalar tushunchasiga ta’rif berish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti faoliyatida foydalanilgan va “Xalqaro bojxona huquqi (xalqaro bojxona standartlari)” o‘quv qo‘llanmasining (O‘R OTFIVda 333-079-raqam bilan 06.09.2024-yilda ro‘yxatdan o‘tgan) xalqaro bojxona standartlari tushunchasiga ta’rif, xalqaro bojxona standartlari tasnifi, xalqaro bojxona huquqi manbaalari va xalqaro huquqiy hujjatlarni implementatsiya qilish usullari kabi mavzularida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2025-yil 6-fevraldagi №13/04-25-00160-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi bojxona organlarining bo‘lajak mutaxassislari va xodimlarining xalqaro bojxona huquqi, xususan, xalqaro bojxona standartlari yo‘nalishida o‘z bilimlarini shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi “Bojxona organlarining asosiy vazifalari” qatoriga “...savdoni engillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish” bandini qo‘shish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti miqyosida qabul qilingan va qonun ijodkorligi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti 2025-yil 11-yanvardagi №25/19-25-015-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi bojxona organlarining savdoni engillashtirish sohasidagi vakolatlarini kengaytirishga xizmat qilgan;
bojxona to‘lovlarini to‘lashning bosh ta’minoti institutini joriy etish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-913-son Qonunining 1-moddasi bilan Bojxona kodeksining 339¹-moddasi bilan to‘ldirilishida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining 2025-yil 28-fevraldagi 04/7-10-2-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi natijasida ko‘p sonli bojxona operatsiyalari uchun yagona bosh ta’minot mexanizmi joriy etildi va savdo ishtirokchilarining bojxona to‘lovlarini to‘lash jarayoni soddalashtirildi;
bojxona ekspertizasi tayinlanganda tovarlarni chiqarib yuborish mexanizmini joriy etish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-913-son Qonunining 1-moddasi bilan Bojxona kodeksining 271¹-moddasi bilan to‘ldirilishida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining 2025-yil 28-fevraldagi 04/7-10-2-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tovarlarni tezkor chiqarib yuborish mexanizmi takomillashtirildi va savdo ishtirokchilarining vaqt xarajatlari qisqartirildi;
bojxona to‘lovlarini to‘lash majburiyati yuzaga kelmaydigan holatlarni kengaytirish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-913-son Qonunining 1-moddasi bilan Bojxona kodeksining 294-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining 2025-yil 28-fevraldagi 04/7-10-2-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi savdoni engillashtirish chora-tadbirlarini kengaytirishga va savdo ishtirokchilarining huquqiy himoyasini mustahkamlashga xizmat qildi;
bojxona qarzdorligi shakllanmaydigan chegarani belgilash haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-913-son Qonunining 1-moddasi bilan Bojxona kodeksining 347-moddasi uchinchi qism bilan to‘ldirilishida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasining 2025-yil 28-fevraldagi 04/7-10-2-sonli ma’lumotnomasi). Natijada bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik bazaviy hisoblash miqdorining yigirma foizidan oshmasa, u shakllanmaydi deb belgilandi va savdo ishtirokchilariga qulayliklar yaratildi.