Umedov Abdullajon Muhammadjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Buxoro shahar urbanoflorasi», 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/B1165.
Ilmiy rahbar: Esanov Husniddin Qurbonovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/30.06.2020.B.70.03.
Rasmiy opponentlar: Turginov Orzimat Turdimatovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy hodim; Abduraimov Azizbek Sultankulovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Buxoro shahri urbanoflorasining tur tarkibini inventarizatsiyalash, tahlil qilish va turlarning tarqalishini aks ettiruvchi to‘r tizimli xaritasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro shahri urbanoflorasi 42 oila, 170 turkumga mansub 255 tur o‘simliklardan iboratligi aniqlangan, uning Turon florasiga xosligi ochib berilgan;
85ta indeks bo‘yicha turlar xilma-xilligi (SR) va yig‘malar zichligi (CD)ning hududiy dinamikasini tahlil qilish asosida urbanizatsiya darajasi bilan floristik xilma-xillik o‘rtasidagi bog‘liqlik baholangan;
Buxoro shahri urbanoflorasi tarkibida 36 oila, 117 turkumga mansub 159 ta avtoxton, 26 oila, 70 turkumga mansub 96 ta adventiv tur aniqlangan, urbanoflorada adventivlanish jarayoni yuqori ekanligini asoslangan;
turlar xilma-xilligi va o‘sishi uchun optimal sharoitlar +4-6°S harorat, 120–150 mm yog‘in va 201–600 metr balandlikda namoyon bo‘lishi, kelajakda Amaranthus viridis, Erigeron bonariensis arealining kengayishi va Symphyotrichum graminifolium arealining qisqarishi asoslangan;
Buxoro shahrining 2015–2024-yillardagi o‘simlik qoplami dinamikasi aniqlanib, yashil maydonlarning qisqarishi va shahar hududining “kulrang kengayish-kulrang kuchayish” modeliga mos ravishda rivojlanayotganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buxoro shahri urbanoflorasini tadqiq qilishdan olingan ilmiy natijalar asosida:
Buxoro shahri urbanoflorasidan yig‘ilgan 42 oila, 170 turkum va 255 turga mansub 1000 dan ortiq gerbariy namunalari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASh) noyob ilmiy obektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025-yil 13-martdagi 4/1255-637-son ma’lumotnomasi). Natijada, gerbariy namunalari O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASh) fondini boyitgan hamda www.floruz.uz ma’lumotlar elektron bazasini boyitish imkonini bergan;
Buxoro shahri urbanoflorasidagi turlar tarkibini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar xalqaro “Bioxilma-xillik bo‘yicha ma’lumotlar global tizimi”ga (GBIF, www.gbif.org) kiritilgan (Global bioxilma-xillik maʼlumotlar bazasining 2025-yil 7-yanvardagi №024 guvohnomasi). Natijada, urbanofloralarda uchraydigan o‘simliklar turlarining xalqaro ma’lumotlar elektron bazasini shakllantirish va monitoringini amalga oshirish imkoni yaratilgan.