Toreev Fozilbek Nurullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G.hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za navlarida tola hosildorligini oshirishning nazariy va amaliy asoslari”, 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.DSc/Qx266
Ilmiy maslahatchi: Mamaraximov Bunyod Ikromovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Nabiev Saidg‘ani Muxtarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Axmedov Jamolxon Xodjaxonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Qarshieva Umida Shukurovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpog‘iston Dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub xorijiy Akala sj navi hamda mahalliy nav va tizmalar ishtirokidagi oddiy va murakkab duragay avlodlarni qimmatli xo‘jalik belgilari tahlillari asosida tezpishar, mahsuldor, vilt kasalligiga bardoshli, tola chiqimi, sifati va hosildorligi yuqori bo‘lgan yangi boshlang‘ich ashyo va navlarni yaratishni nazariy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘zaning duragay avlodlari tahlillari asosida tola hosildorligini ta’minlovchi, ya’ni tola indeksi yuqori bo‘lgan transgressiv genotiplarni ajratib olishda oddiy duragaylarga nisbatan murakkab duragaylarning samarasi yuqori ekanligi aniqlangan;
duragaylar, oilalar va tizmalarda tola hosildorligini oshiruvchi tola indeksi, chigitlar yirikligi, tola chiqimi kabi belgilarni irsiylanishi, belgilarning bir-biriga bog‘liqligi, o‘zgaruvchanligi tahlilllari asosida ushbu belgilarni tezpisharlik va mahsuldorlik belgilari bilan bir genotipda jipslanishi isbotlangan.
oddiy va murakkab duragaylarda vegetatsiya davri va vertisilliyoz vilt bilan zararlanishini, tola hosildorligini ta’minlovchi belgilari bilan bog‘liqliklari aniqlangan hamda yuqori avlod duragaylarida ushbu belgilar orasidagi korrelyasiyasi ijobiy tomonga o‘zgarishi isbotlangan;
oddiy va murakkab duragaylarda vegetatsiya davri va vertisilliyoz vilt bilan zararlanishini, tola hosildorligini ta’minlovchi belgilari bilan bog‘liqliklari aniqlangan hamda duragay avlodlarini asosiy qimmatli xo‘jalik belgilarining tahlili asosida yangi genotiplar tanlangan;
g‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub Akala sj navi hamda mahalliy navlar ishtirokidagi yuqori avlod duragaylaridan tezpishar, mahsuldor, vilt kasalligiga bardoshli, tola chiqimi va indeksi yuqori bo‘lgan bir qator yangi tizmalar ajratilgan;
tezpishar, ko‘saklar ochilish sur’ati yuqori, ko‘sagi va chigiti yirik, mahsuldor, tola chiqimi va indeksi yuqori, vilt kasalliklariga bardoshli, tolasi IV-tipga mansub bo‘lgan yangi S-2621 va S-2624 navlari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G.hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za navlarida tola hosildorligini oshirishning nazariy va amaliy asoslari bo‘yicha olib borilgan ilmiy va amaliy tadqiqotlar natijasida:
o‘rta tolali g‘o‘zaning tezpishar, serhosil, tola hosildorligi, tola indeksi va tola chiqimi yuqori hamda vilt kasalligiga bardoshli bo‘lgan yangi S-2621 navi va T-511 tizmalari urug‘lari PSUEAITIning g‘o‘za kolleksiyasi fondiga topshirilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 21-oktyabrdagi 05/04-04-699 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, seleksiya sohasidagi nazariy hamda amaliy tadqiqotlarda boshlang‘ich ashyo sifatida foydalanishga tavsiya etilgan hamda g‘o‘za genofondini qimmatli xo‘jalik belgilarining ijobiy majmuasiga ega tola hosildorligi yuqori bo‘lgan yangi navi bilan boyitish imkonini bergan;
serhosil, vertisilliyoz vilt va gommoz kasalliklariga bardoshli, yuqori tola sifati va miqdori bilan mujassamlashgan hamda asosiy qimmatli xo‘jalik belgilarining yuqori majmuasiga ega bo‘lgan g‘o‘zaning yangi “S-2621” navi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Seleksioner” uchastkasida ijobiy natijalarga erishgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 21-oktyabrdagi 05/04-04-699 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, “S-2621” navi Surxondaryo viloyati tuproq iqlim sharoitiga mos deb topilgan;
g‘o‘zaning yangi “S-2621” navi Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Orifjon” fermer xo‘jaligida 2,5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 21-oktyabrdagi 05/04-04-699 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, “S-2621” navi sho‘rlanish va suv tanqisligiga bardoshli, o‘rta pishar 110-112 kun, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,0-6,5 g. tola chiqimi 39,0-40,5 %, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,3-4,5, tola uzunligi 1,15-1,22 dyuym, umumiy hosildorlik 39,5-43,5 s/ga ni tashkil etib, nazoratga nisbatan 4,0-6,0 s/ga yuqori hosil olishga erishilgan;
g‘o‘zaning yangi “S-2621» navi Qashqadaryo viloyatining, Qarshi tumanidagi “Ubaydullo bobo” fermer xo‘jaligida 1,0 ga maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 21-oktyabrdagi 05/04-04-699 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, “S-2621” navi sho‘rlanish va suv tanqisligiga bardoshli, o‘rtapishar 111-112 kun, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,1-6,5 g, tola chiqimi 39,2-40,6 %, mikroneyri 4,3-4,5, tola uzunligi 1,16-1,22 dyuym, umumiy hosildorlik 40,2-43,9 s/ga ni tashkil etib, nazoratga nisbatan 4,5-6,6 s/ga yuqori hosil olishga erishilgan.
g‘o‘zaning ayrim biotik omillarga bardoshli, serhosil, yirik ko‘sakli, tola chiqimi va tola sifati yuqori bo‘lgan yangi “S-2621” navi Sirdaryo ilmiy-tajriba stansiyasi maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi 2025 yil 21-oktyabrdagi 05/04-04-699 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, navning tezpisharligi 114-118 kunni, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni 6,3-6,8 grammni, tola chiqimi 37,6-39,7 foizni, tola sifati IV-tipni, hosildorligi 42,3 s/ga ni tashkil etgan holda nazoratga nisbatan qo‘shimcha 2,5-3,0 s/ga yuqori hosil olishga erishilgan.