Ubaydullaev Madaminjon Mo‘minjon o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida o‘rta tolali g‘o‘za navlarida defoliantlar samaradorligini oshirishning ilmiy asoslari”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Qx303
Ilmiy maslahatchi: Teshaev Fatullo Jo‘raqulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Axmedov Djamolxon Xodjaxonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Anorbaev Azimjon Raimkulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Tadjiev Karim Mardanakulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida C-8290, C-6775, C-9090, Namangan-77 va Andijon-35 g‘o‘za navlarida yetishtirilgan hosilni kuzgi yog‘in-sochin kunlarga qoldirmay sifatli yig‘ishtirib olishni ta’minlash uchun defoliatsiya agrotadbirini sifatli o‘tkazib, g‘o‘za ko‘saklarini pishishini tezlashtirishda, SuyuqXMD, Ento-Defol, FanDEF-a’lo, Xim-ekstra, Etifon, FanDEF,UzDEF, Dropp-plyus va Avguron-ekstra preparatlarni qo‘llashning maqbul me’yor va muddatlarini ishlab chiqqan holda ularning samaradorligini aniqlash hamda ishlab chiqarishga ilmiy asoslangan tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida parvarishlangan C-8290 va C-6775 g‘o‘za navlarida 30-40 va 50-60% ko‘saklar ochilgan muddatda o‘simlikka sistemali ta’sir etib, yumshoq ta’sir etuvchi preparatlar guruhiga kiruvchi Ento-Defol defoliantini g‘o‘za navlariga mutanosib ravishda 0,200 va 0,150 l/ga hamda mahalliy yarim yumshoq kontakt ta’sirga ega bo‘lgan FanDEF-a’lo defoliantini 7,0-6,0 l/ga me’yorlarda qo‘llash maqbul ekanligi aniqlangan;
g‘o‘zaning C-8290 va Namangan-77 navlarida ko‘saklar 30-40 va 50-60% ochilgan muddatda yumshoq ta’sirga ega xorijiy Xim-ekstra defoliantining 0,150-0,100 l/ga me’yorlariga, ko‘saklar ochilishini (94,5-97,5; 94,5-98,4% ko‘sak ochilgan) tezlashtirish xususiyatiga ega bo‘lgan Etifon preparatini 1,0-1,5 l/ga me’yorlarda qo‘shib qo‘llashning samaradorligi aniqlangan;
Farg‘ona viloyati sharoitida parvarishlanayotgan C-8290, C-9090, Namangan-77 va Andijon-35 g‘o‘za navlari ko‘saklari 30-40% ochilgan muddatda turli defoliantlarni qo‘llagan holda ushbu navlarning defoliantlarga bo‘lgan ta’sirchanligi hamda preparatlarning g‘o‘za navlaridagi samaradorligi o‘rganilib, eng yuqori samaradorlik C-9090 hamda C-8290 navlarida Dropp-plyus va Ento-Defol preparatlarini 0,150 l/ga me’yorda qo‘llanilganda (96,7-84,3 va 97,6-85,6% barg to‘kilgan, 80,1-80,4 va 84,1-82,8% ko‘sak ochilgan) olinganligi isbotlangan;
o‘rganilgan g‘o‘za navlarida sinalgan defoliantlarni maqbul me’yor (0,200-7,0; 0,150-6,0 va 1,0-1,5 l/ga) va muddatlarda (30-40% va 50-60%) qo‘llanilishi evaziga g‘o‘za barglari 14 kun ichida 96-98% gacha to‘kilib, ko‘saklar ochilishi 97-98% ga, 1-terim salmog‘i esa 94-96% gacha etgan. Shu bilan birga qo‘llanilgan preparatlarning bir dona ko‘sak vazniga, paxta hosildorligiga, tola va chigitning sifat ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir etmasligi aniqlanib, agrotadbirning paxtadagi iqtisodiy samaradorligi (4100000-3780000; 4680000-4310000 va 4120000-4365000 sof foyda) yuqori ekanligi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida o‘rta tolali g‘o‘za navlaridan yuqori va sifatli paxta xomashyosi etishtirishda defoliatsiya samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida o‘rta tolali g‘o‘za navlarida sifatli defoliatsiya o‘tkazishning ilmiy asoslari” nomli tavsiyanoma ishlab tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025-yil 08-oktyabrdagi 05/03-04-615-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanoma Farg‘ona viloyatining o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida paxta etishtiruvchi fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za defoliatsiyasini sifatli o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
o‘tloqi-saz tuproqlarda C-8290 g‘o‘za navida 50-60% ko‘saklar ochilish muddatini hisobga olgan holda Ento-Defol va FanDEF-a’lo defoliantlarining maqbul me’yorlarining qo‘llash texnologiyasi Farg‘ona viloyatining Rishton va Furqat tumani fermer xo‘jaliklarida jami 310,9 gektar paxta maydonlarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2025-yil 08-oktyabrdagi 05/03-04-615-son ma’lumotnomasi). Natijada, eng yaxshi ko‘rsatkichlar C-8290 g‘o‘za navida Ento-Defol defoliantini 0,150 l/ga va FanDEF-a’lo defoliantini 6,0 l/ga me’yorlarda qo‘llanilganda olingan bo‘lib, g‘o‘za barglari to‘kilishi mos ravishda 93,6-90,6% ni, ko‘saklar ochilish tezligi 27,6-26,0% ni, nazoratdan farqlari esa 13,3-11,7% ni, paxta hosildorligi mutanosib ravishda 34,3-33,5 s/ga ni tashkil etib, 2,5-1,7 s/ga qo‘shimcha hosil olingan hamda 1-terim salmog‘i 95,9-94,6% ga teng bo‘lib, 29,1-28,6% rentabellikka erishilgan;
C-8290 g‘o‘za navida Xim-ekstraning 0,100 l/ga me’yoriga Etifon preparatini 1,5 l/ga me’yori aralashtirib qo‘llash agrotadbiri Rishton tumani fermer xo‘jaliklarining 142,9 gektar g‘o‘za maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 08-oktyabrdagi 05/03-04-615-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za barglari 93,6% to‘kilib, 84,5% ko‘saklar ochilgan va ochilish tezligi 49,1% ni tashkil etib nazoratdan 16,1% ga yuqori bo‘lgan, paxta hosili nazorat variantiga nisbatan 33,2 s/ga ni, 1-terim salmog‘i 94,0% ni, rentabellik darajasi esa 34,9% ni tashkil etgan;
C-8290, Namangan-77, C-9090 va Andijon-35 navlarining ko‘saklari 30-40% ochilgan muddatda Ento-Defol, Xim-ekstra, Avguron-ekstra va Dropp-plyus defoliantlarini samaradorligini o‘rganish maqsadida defoliatsiya agrotadbiri Furqat tumani fermer xo‘jaliklariga qarashli 168 gektar g‘o‘za maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 08-oktyabrdagi 05/03-04-615-son ma’lumotnomasi). Natijada, C-9090 g‘o‘za navida Dropp-plyus defoliantini 0,150 l/ga me’yori qo‘llanilganda 14 kundan so‘ng barglar to‘kilishi 97,8% ni, ko‘saklar ochilishi 88,9% ni, paxta hosildorligi 36,1 s/ga ni, 1-terim salmog‘i 94,4% ni tashkil etib, rentabellik darajasi 35,5% ga teng bo‘lgan.