Xayriev Nodirjon Isroilovichning

yuridik fanlar doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Jinoyat ishlari yurituvini jadallashtirish”, 12.00.09–Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Yu21.

Dissertatsiya bajarilayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, DSc30.08.2018.Yu.74.01.

Rasmiy opponentlar: Pulatov Yuriy Sayfievich, yuridik fanlar doktori, professor; Muxitdinov Faxriddin Muxiddinovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot:  Qoraqalpoq davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: jinoyat ishlari yurituvini jadallashtirishga qaratilgan sud-tergov faoliyatini takomillashtirish borasidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

dalillarning maqbul emas deb topish asos va shartlarining umumiy va xususiy jihatlari, dalillarni maqbul emas, deb topish masalasini hal qilishning tartib va tamoyillari, ularning protsessual oqibatlari asoslantirilgan;

ichki ishlar organlari faoliyatida fan yutuqlaridan, zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan foydalanish hamda jinoyatlarning xususiyatidan (jinoyat-huquqiy, protsessual-huquqiy) kelib chiqib yuritilayotgan ishlarni maqsadga muvofiq muddatlarda yakunlash zarurligi asoslab berilgan;

qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash muddatlarining maqsadga muvofiq tarzda tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari, ya’ni jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik hamda jinoyat ishiga jalb qilingan huquqni qo‘llovchi sub’ektlarning yuksak huquqiy onglariga tayanuvchi mexanizmlarni ishga solish zarurligi taklif etilgan;

qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi muddatlarini takomillashtirishning asos (ayblanuvchining tezkor sudga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash) va shartlari (ushbu protsessual-huquqiy munosabatlarda ishtirok etuvchi sub’ektlarning protsessual vakolatlarini kengaytirish va majburiyatlarini oshirishni nazarda tutuvchi qoidalar), ularning jinoyat ishlarini yuritish tezkorligiga ta’sir etishining tashqi (muddatlarni qo‘llashning protsessual mexanizmi) va ichki (huquqni qo‘llovchi shaxslar ichki ishonchining shakllanishiga ta’sir etuvchi) omillari asoslantirilgan;

shaxsni ushlab turish muddatlarini optimallashtirish zaruriyati, unga bo‘lgan protsessual ehtiyojning ko‘lami va yo‘nalishlari, jinoyat-protsessual munosabatlarni tezlashtirishdagi o‘rni va ahamiyati asoslab berilgan;

jinoyat protsessini jadallashtirishning muhim muammosini dastlabki tergov muddatlarini optimallashtirish tartibi taklif qilingan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Jinoyat ishlari yurituvini jadallashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

ishda to‘plangan dalillarning etarli emasligi, dalillar qonunga zid ravishda olinganligi sababli ular dalil hisoblanmasligi yoki qo‘yilgan ayblovda sudlanuvchining to‘liq aybdorligi to‘g‘risidagi shubhani bartaraf qilishning imkoni yo‘qligi haqidagi sudning asoslantirilgan xulosasi oqlov hukmi chiqarish uchun asos bo‘lishi, oqlov hukmiga oqlanganning aybdor emasligiga shubha tug‘diruvchi iboralarning kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli qarorining 6-bandi uchinchi xatboshisi va 8-bandi uchinchi xatboshisiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 14 iyundagi 04/PL-25-16-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi dalillardan foydalanish jarayonlarini tartibga solishga hissa qo‘shgan;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari faoliyatida fan yutuqlaridan, zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan foydalanish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 16 sentyabrdagi O‘RQ-407-sonli “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga hamda ichki ishlar organlari majburiyatlari sifatida jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar va hodisalar to‘g‘risidagi elektron shakldagi arizalarni, xabarlarni va boshqa axborotni qabul qilishi hamda ro‘yxatga olishi, murojaat etuvchiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda keyinchalik xabar bergan holda ular bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishni mustahkamlash to‘g‘risidagi taklif Qonunning 16-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisini to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi  Ichki ishlar vazirligining 2016 yil 19 oktyabrdagi  04/25-16-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi ishtirokchilarning tezkor sudlov yurituvchiga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashga xizmat qilgan;

dalillarni maqbul emasligi  faktik ma’lumotlar qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoki bu huquqlarni cheklash yo‘li bilan olinganligini ifodalashiga oid taklifi JPKning 951-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 24 maydagi 06/1-05/316 vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi jinoyat-protsessi ishtirokchilarning fuqarolarning huquq va erkinliklarini nohaq ayblovdan himoya qilishga xizmat qilgan;

ushlab turish muddatini qisqartirish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi, qamoqda va uy qamog‘ida saqlab turish muddatini takomillashtirishga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 226, 243, 245-moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 24 maydagi 06/1-05/316 vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi fuqarolarni ushlab turish va qamoqqa olish, uy qamog‘ini qo‘llash muddatlarini insonparvarlashtirishga xizmat qilgan;

dastlabki tergov muddatlariga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 351-moddasini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 24 maydagi 06/1-05/316 vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi shaxs huquq va erkinliklarining muhofazasini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish