DUSMURATOVA Saodat Ismailovna: «O‘zbekistonda pomidor mevalari va urug‘larini etishtirish texnologiyasini takomillashtirish» (06.01.06) – Toshkent davlat agrar universiteti (Manzil: 100140, Toshkent, Universitet ko‘chasi, 2. Tel.: (+99871) 260-48-00, faks: (+99871) 260-38-60, e-mail: tgau@edu.uz ), (dissertatsiya rus tilida).
Ilmiy maslahatchi: V. I. Zuev
Ish bajarilgan tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti
Rasmiy opponentlar: M.X.Aramov, M.Yu.Ibragimov, B.B.Azimov
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy mohiyatga molik
I. Tadqiqotning maqsadi: ochiq dala uchun yuqori hosildor pomidor navlarini tanlash, tovar mahsulotlar va yuqori sifatli urug‘larini etishtirish texnologiyasining asosiy elementlarini takomillashtirishdan iborat.
II. Dissertatsiya natijalarining ilmiy yangiligi:
birinchi marotaba O‘zbekistonda va xorijda rayonlashtirilgan pomidor navlari hamda duragaylariga kompleks baho berilib, seleksiya ishlari uchun dastlabki manba sifatida tavsiya etilgan.
Pomidorni urug‘idan 5-10 aprelda ekish va ko‘chatidan (20-25 aprel, 5-10 may, 20-25 may va 10 iyunda) etishtirish usullarida mevalarini mahsulot olish uchun etishtirishda ekish muddatlari qiyosiy baholangan, o‘rganilgan navlarda ko‘chatidan etishtirish usulining ustunligi asoslangan;
Tovarbop mahsulot etishtirishda o‘simliklarni joylashtirilishining (ixcham tupli Sharq yulduzi navi 90×23 sm va o‘rtacha tupli O‘zbekiston navi 70×35 sm va 90×28 sm) maqbul sxemalari aniqlangan;
birinchi marotaba urug‘lar va o‘simliklarga elektravjlantirish tadbirlari o‘sishni boshqaruvchi moddalar (gumat natriy va roslin) bilan taqqoslangan holda qo‘llash samaradorligi aniqlangan;
birinchi marotaba O‘zbekistonda pomidorning yangi navlarida urug‘larining matrikal va ekologik turli sifatliligi tadqiq qilingan. Baxodir navida urug‘larni asosiy poyaning ikkinchi meva shingilidagi mevalardan ajratish, Doni, TMK-22 va Surxon 142 navlarida esa – 2-3 meva shingillaridan olib tayyorlash; shimoliy hududning sho‘rlangan tuproqlarida mahalliy reproduksiya urug‘larini ekish afzalligi asoslangan;
birinchi marotaba O‘zbekistonning markaziy iqlim hududida pomidorni urug‘dan va ko‘chatdan etishtirish usullari hamda ko‘chatlarni o‘tqazish muddatlarining urug‘lik o‘simliklar rivojlanish fazalari davomiyligiga, urug‘larning ekinboplik va mahsuldorlik sifatlariga ta’siri aniqlangan.
III. Dissertatsiyaning amaliyotga joriy etilgan ilmiy natijalari va ularning samarasi:
Mountain Fresh F1 duragayi 2007 yilda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari Davlat reestriga kiritilgan (O‘zR Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 13.12.2006 y.dagi №257 qarori).
Dissertatsiya tadqiqotlari bo‘yicha ishlanmalar Toshkent viloyati (Bo‘stonliq, Bo‘ka, Zangiota, Qibray, Parkent, Yangiyo‘l tumanlari) va Xorazm viloyati (Xiva tumani) fermer xo‘jaliklarida 35,6 gektar maydonda joriy etilib, pomidor mevalaridan 14-19%, urug‘laridan 11-18% qo‘shimcha hosil etishtirildi (dissertatsiya ishi natijalarining joriy etilganligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2014 yil 11 iyuldagi dalolatnomasi va fermer xo‘jaliklaridan olingan dalolatnomalar).