Ismatova Yulduz Nu’mon qizining
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil ta’limini baholash metodikasi (Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi)” 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (ingliz tili).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Ped3871
Ilmiy rahbar: Salieva Zarrina Ilxomovna, filologiya fanlar nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, PhD.03/05.05.2023.Fil.163.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik kengash.
Rasmiy opponentlar: Utaeva Iroda Baxodirovna, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti, Tillar fakulteti dekani, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent; Namangan davlat chet tillari professori, pedagogika fanlari doktori (DSc) Yakubbaev Murodilla Marupovich
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kredit-modul tizimida xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) yo‘nalishi talabalarning mustaqil ta’limini baholash metodikasini ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
– kredit-modul tizimi sharoitida talabalarning mustaqil ta’limning ilmiy izlanish, amaliy qo‘llash, raqamli texnologiyalardan foydalanish, shaxsiy mas’uliyat va ijodkorlik xususiyatlarini o‘rganish asosida jarayonga ta’sir etuvchi shaxsiy mas’uliyat va o‘zini-o‘zi boshqarish, ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyati, o‘z-o‘zini rag‘batlantirish kabi psixologik omillar aniqlandi.
– kredit-modul tizimida talabalarni mustaqil ta’limini takomillashtirishga xizmat qiladigan inglizcha mashq va topshiriqlar majmuini WebQuest, PBL (project-based learning) texnologiyalari asosida ishlab chiqildi;
– kredit-modul tizimida ingliz tili mashg‘ulotlarida talabalarni mustaqil ta’limini formativ (jarayonni kuzatish), summativ (yakuniy natija), peer-assessment (o‘zaro baholash), self-assessment (o‘zini-o‘zi baholash) baholash usullari va amaliy qo‘llay olish qobiliyati, ijodkorlik va yangilik, bilim mazmuni va aniqligi kabi mezonlari Finlandiya tajribasi asosida takomillashtirilgan;
– mustaqil ta’lim sifatini oshirish maqsadida inglizcha o‘quv-metodik materiallar, qo‘llanmalar va metodik tavsiyalardan foydalangan holda talabalar mustaqil ta’lim jarayonida o‘z bilim, ko‘nikma va malakalarini baholash, shuningdek, rivojlanish dinamikasini kuzatish imkonini beradigan interfaol muhitni shakllantiradigan “Self-assessment” elektron platformasini ishlab chiqildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada erishilgan ilmiy natijalar kredit-modul tizimi sharoitida talabalarning mustaqil ta’limini baholash metodikasini takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, ular amaliyotga quyidagi yo‘nalishlarda tatbiq qilindi:
– talabalarning mustaqil ta’lim jarayoniga ta’sir etuvchi psixologik omillarni (shaxsiy mas’uliyat, o‘zini-o‘zi boshqarish, ijodiy va tanqidiy fikrlash, o‘z-o‘zini rag‘batlantirish) aniqlash va baholash metodikasini ishlab chiqish ilmiy yangiligi asosida kredit-modul tizimi sharoitida metodik-didaktik ta’minot ishlab chiqildi.
Ushbu ta’minot Samarqand davlat chet tillar institutida Evropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi (585845-EPP-1-2017-1-ES-EPPKA2-SBHE-JP “CLASS”) doirasida ingliz tili mashg‘ulotlarida tatbiq etildi (SDChTI, 4-noyabr 2023-yil, 1027/02-sonli ma’lumotnoma). Natijada, formativ, summativ, peer-assessment va self-assessment baholash usullari amaliyotga joriy qilinib, talabalarda psixologik omillarni rivojlantirish, shuningdek, mustaqil ta’lim jarayonini nazorat qilish va o‘zini-o‘zi baholash imkoniyati yaratildi;
– WebQuest va PBL texnologiyalari asosida ingliz tilidan mashq va topshiriqlar majmuasini yaratish ilmiy yangiligi asosida talabalarning mustaqil ta’limini rivojlantirishga xizmat qiluvchi topsiriqlar tipologiyasi ishlab chiqildi.
Bu majmua T.N.Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialida 2017–2020 yillarda amalga oshirilgan Al-XT-0-92997 raqamli amaliy ilmiy loyiha jarayonida qo‘llanildi (25-noyabr 2023-yil, 515-sonli ma’lumotnoma). Natijada, mahalliy va xorijiy o‘quv resurslari asosida olib borilgan qiyosiy tahlillar loyihaning mazmuniy asoslarini boyitdi, WebQuest va PBL texnologiyalari asosidagi topshiriqlarning samaradorligi amalda isbotlandi hamda talabalarning ijodiy va mustaqil ishlash malakalarini rivojlantirishga imkon berdi.
– Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining “Samarqand sadosi” eshittirishida “Islohot odimlari” rukni doirasida o‘tkazilgan suhbat orqali kredit-modul tizimida mustaqil ta’limni baholashda “Self-assessment” platformasining imkoniyatlari va ahamiyati keng jamoatchilikka etkazildi (16-dekabr 2023-yil, 01-07/404). Natijada, baholash mezonlarining ochiqligi va akademik halollikni ta’minlashdagi roli ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilindi hamda formativ va summativ baholashning nazoratdagi samaradorligi, peer- va self-assessmentning talabalar mustaqilligini oshirishdagi afzalliklari ilmiy-amaliy jihatdan asoslandi;
– O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida “Erudit” shifrli maxsus innovatsion loyiha doirasida dissertatsiya natijalari asosida reflektiv yondashuv, shaxsga yo‘naltirilganlik va metakognitiv faollik tamoyillari joriy qilindi (14-mart 2024-yil, 10/544-sonli ma’lumotnoma). Natijada talabalarning reflektiv o‘z-o‘zini baholash ko‘nikmalari rivojlandi, mustaqil ta’lim samaradorligi oshganligi, baholashda shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv kuchayganligi; metakognitiv faollik indikatorlari orqali talabalar bilimining chuqurligi va mustahkamligi ta’minlangi amaliy jihatdan o‘z tasdig‘ini topdi;
– Akademik E.A. Buketov nomidagi Qaraganda universitetida “Ingliz filologiyasi” yo‘nalishining ta’lim dasturlariga dissertatsiya natijalari asosida ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar integratsiya qilindi (31-yanvar 2025-yil, 07.1-171674-sonli ma’lumotnoma). Natijada, “Self-assessment” platformasi HEMIS tizimiga muqobil tarzda joriy etilib, talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalarini reyting asosida baholash, shaxsiy motivatsiyasini oshirish hamda rivojlanish dinamikasini muntazam kuzatish imkoniyati yaratildi.