Yuldashev Nodirbek Abdumannob o‘g‘lining
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon.
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “The improvement of method for creating test questions using artificial intelligence (“Sun’iy intellektdan foydalanib test tuzish metodikasini takomillashtirish” (Texnika fanlari misolida))”, 13.00.02 Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (texnika).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Ped8387
Ilmiy rahbar: Danish Ather, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat texnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Andijon davlat texnika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.09.2020.T.124.01 raqamli Ilmiy kengash asosida tuzilgan bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Mamadalieva Lola Kamiljanovna, texnika fanlari doktori, professor, Abdullaeva Ozodaxon Safibullaevna pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Bo‘lajak muhandislarning ta’lim jarayonida bilimni nazorat qilishni, savol tuzish va baholashni sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirish, test tuzish uchun sarflanadigan vaqtni minimallashtirish hamda samaradorlikni oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
texnika fanlari uchun test savollarini yaratishning mavjud uslublari tizimli ravishda o‘rganilib, ularning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilindi. An’anaviy test tuzish metodlarining cheklovlari, xususan, vaqt sarfi, subektivlik, savollar sifati va murakkablik darajasini nazorat qilishdagi kamchiliklari aniqlab berildi. Shuningdek, ushbu metodikalar bilan solishtirilgan holda sun’iy intellekt va tabiiy tilni qayta ishlash texnologiyalarini qo‘llashning samarali jihatlari aniqlanib, texnika fanlari uchun yangi metodik asos yaratildi;
sintaktik va semantik tahlilga tayangan holda gibrid metodika ishlab chiqildi, unda sun’iy intellektning o‘rni hamda funksional bosqichlari qat’iy belgilandi. Mazkur metodika turli fan sohalarida mavjud bo‘lgan nazariy bilimlarni texnika fanlariga moslashtirish imkonini berdi. Gibrid yondashuvda an’anaviy test tuzish uslublari bilan bir qatorda, mashinaviy o‘qitish algoritmlari va semantik tarmoq asosidagi avtomatik savol yaratish jarayonlari takomillashtirildi;
ishlab chiqilgan gibrid metodika dasturiy vosita (prototip platforma yoki kod) ko‘rinishida amaliyotga tatbiq qilindi va oliy ta’lim muassasalarida tajriba-sinov ishlari o‘tkazildi. Tajriba o‘tkazish jarayonida avtomatik tarzda yaratilgan savollar sifat jihatidan inson tomonidan tuzilgan savollar bilan taqqoslandi, natijalar matematik-statistik tahlil orqali isbotlandi hamda yangi metodikaning samaradorligi, aniqligi va vaqt tejamkorligi ilmiy jihatdan tasdiqlandi;
taklif etilgan metodika texnika fanlariga tatbiq etilishi jarayonida samarali ekanligi bo‘yicha xulosalar berildi. Shu bilan birga, uning boshqa fanlarga (tabiiy fanlar, gumanitar fanlar) moslashtirilish imkoniyatlari takomillashtirildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. pedagogik kibernetikani (ya’ni boshqaruv va axborot nazariyasi) avtomatik savol yaratish texnologiyalari bilan integratsiyalashuviga asoslangan, texnik oliy o‘quv yurtlarining o‘quv sharoitlariga moslashtirilgan va bilimlarni o‘zlashtirish darajasini avtomatik diagnostika qilishni ta’minlovchi o‘qitish metodikasi ishlab chiqildi.Ushbu modelning BERT yoki ChatGPT kabi mavjud modellar bilan raqobatlasha olishi va ularda mavjud bo‘lmagan avtomatik baholash imkoniyatiga ega ekanligini aniqlashtirishga oid takliflardan Andijon mashinasozlik institutida bajarilishi 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan ERASMUS+ dasturi asosida “MEChAUZ “Mexatronika va robototexnika” bakalavriat ta’lim yo‘nalishini raqamli texnologiyalar va innovatsion g‘oyalar asosida modernizatsiya qilish” deb nomlangan fundamental loyihani amalga oshirishda foydalanilgan (Andijon mashinasozlik institutining 2024-yil 13-apreldagi 38-05/877 sonli ma’lumotnomasi). Natijada texnik yo‘nalishlar talabalarining bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun avtomatik baholash imkoniyatiga ega model asosida baholash tizimini modernizatsiya qilishga erishilgan;
bo‘lajak muhandislarning o‘quv darajasi va o‘quv maqsadlarini hisobga olgan holda tahrirlovchi, materialni o‘zlashtirish motivatsiyasi va chuqurligini oshirishga yordam beruvchi hamda o‘quv vazifalarini shakllantirishga moslashtirilgan yondashuv asosida talabalarning individual xususiyatlarini hisobga oluvchi avtomatik savol yaratish modelini ishlab chiqishga oid usul va tavsiyalardan “Sun’iy intellektdan foydalanib avtomatik savol yaratish” uchun ilmiy ishlanmasini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat maussasasining 2025-yil 27-martdagi №008762-sonli guvohnomasi). Natijada talabalarning fan bo‘yicha olingan bilim va ko‘nikmalarini sun’iy intellektdan foydalanib avtomatik baholash tizimi metodikasini takomillashtirishga erishilgan.
Ta’lim boshqaruv tizimlarida matn asosida avtomatik savol yaratish, shuningdek, audio formatdagi materiallarni matnga aylantirib, ulardan savol generatsiya qilish algoritmi va interfeysini ishlab chiqish hamda ta’lim sifati indikatorlarini maqsadga muvofiq, tizimli, izchil va amaliy harakatlar asosida belgilovchi ko‘rsatkichli-darajaviy yondashuvni takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalardan texnika yo‘nalishi talabalarining bilim darajasini baholashda o‘quv jarayoni prognostikasi, egallangan bilimlarni eksperimentlar bilan solishtirish, ularni tekshirish, tajribaviy tasdiqlash va uyg‘unlashtirish orqali intellektual koeffisientni aniq belgilab olishda foydalanilgan. (OO‘MTV huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlar markazining 2025-yil 22-yanvardagi 02/01-01-24-son ma’lumotnomasi). Natijada “Sun’iy intellekt”, “Axborot texnologiyalari va tizimlari” bakalavriat yo‘nalishi talabalarining inson omilisiz odilona baholash tizimi yaratilishiga erishilgan.