Erbutaeva Shalola Utkirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida ko‘makchilashish hodisasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3318
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Samarqand davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Pardaev Azamat Baxronovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jizzax davlat pedagogika universiteti, PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Ermatov Ixtiyor Rizoqulovich;
filologiya fanlar doktori, professor Urinboeva Dilbar Bazarovna
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilshunosligida ko‘makchilashish hodisasining yuzaga kelish sabablari va til tizimidagi o‘rnini aniqlash, ko‘makchilashgan va ko‘makchilashayotgan birliklarning lisoniy xususiyatlarini tahlil etish hamda nutqiy muloqotdagi vazifasini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tilshunosligida so‘z turkumlari aro ko‘chish hodisasining konversiya, derivatsiya va transpozisiyadan umumiy hamda farqli jihatlari aniqlanib, ko‘makchilar yuzaga kelishdagi ahamiyati ochib berilgan;
mustaqil so‘zlarning ko‘makchilar tomon siljishi, turkum so‘zlarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi, tarkibining muttasil kengayib borishi, o‘zaro munosabati, tarixiy taraqqiyoti, lisoniy maqomi, so‘z turkumlari tizmidagi o‘rni aniqlangan;
ko‘makchilashish jarayonidagi birliklarning ko‘makchisimon, ko‘makchilashayotgan, ko‘makchilashgan, tublashgan kabi turli bosqichlari, morfologik tizimdagi o‘rni, semantik sathda nomustaqil so‘zlar qatoridan joy olishi, lingvistik modellashtirish tamoyillari, funksional-sintaktik xususiyatlari asoslangan;
ko‘makchilarda yadro-pereferiya (markaz-qurshov) munosabatining mavjudligi, pereferiya (qurshov) ochiqligi sababli ma’no siljishi matnning emotsional-ekspressivligini yuzaga keltirishi turli badiiy va publisistik matnlardan olingan faktik materiallar bilan dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilshunosligida ko‘makchilashish hodisasini tahlil qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek tilshunosligida ko‘chish hodisasining ko‘makchi turkumiga oid birliklarning yuzaga kelishidagi ahamiyati bo‘yicha to‘plangan xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2022-2024-yillarda amalga oshirilgan № IL-402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan. Natijada ushbu loyihaning nazariy qismining ilmiy asoslangan xulosalar, dalillar bilan boyitilishiga xizmat qilgan;
mustaqil so‘zlarning yordamchilarga, xususan, ko‘makchilar tomon siljishi, bu turkum so‘zlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, tarkibining muttasil kengayib borishi, o‘zaro munosabati, tarixiy taraqqiyoti, lisoniy maqomi, so‘z turkumlari tizmidagi o‘rni kabilar bo‘yicha olingan xulosalardan O‘zRFA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020 yillarda bajarilgan FA-F1-OO5 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2025-yil 25-fevral 17.01/68-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘makchilarning kelib chiqishi, tarixiy taraqqiyoti, ushbu birliklarning shakllanishi hamda rivojlanishi yuzasidan loyiha materiallari boyigan;
ko‘makchilashgan va ko‘makchilashayotgan birliklarning turli bosqichlari, morfologik tizimdagi o‘rni, semantik sathda nomustaqil so‘zlar qatoridan joy olishi, funksional-sintaktik xususiyatlariga oid “O‘zbek tilida ko‘makchilar (ko‘makchisimon, ko‘makchilashayotgan, ko‘makchilashgan, tublashgan) va yuklamalar izohli lug‘ati” dasturiy majmuasi yaratilib, Adliya vazirligining guvohnomasi olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2023-yil 8-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazilgan №DGU26530-sonli guvohnomasi). Natijada lug‘atlarda yuzaga keladigan ayrim so‘zlarning semantikasi, grammatik vazifasi hamda tarixiy etimologiyasi bilan bog‘liq muammolar hal etilgan;
ko‘makchilar nafaqat grammatik birlik, balki nutqiy ta’sirchanlik vositasi ekanligi, emotsional-ekspressiv ma’nolari yuzasiga oid xulosalardan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan “Assalom, Samarqand” va “Uchqun” teleko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yil 12-iyundagi 01-07/205 ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.
Mazkur tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi Samarqand bo‘limining she’riyat va adabiy tanqid kengashlarida, uyushma qoshidagi “Sadoqat” ijodiy to‘garagi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2023-yil 14-iyun №35-sonli ma’lumotnomasi). Natijada so‘z ko‘chish hodisasi bevosita so‘z ijodkorining ma’lum bir leksemaga okkazional ma’no yuklashi natijasida sodir bo‘lishi anglashilgan.