Tursunov Chingiz Abduraimovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Tukli urug‘lik chigitni pnevmo-mexanik saralash mashinasini takomillashtirish va dorilash jarayonini taqdqiq etish” 05.02.03 – “Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari” ixtisosligi (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5352
Ilmiy rahbar: Djamolov Rustam Kamolidinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti, PhD.03/28.08.2024.T.181.02
Rasmiy opponentlar: Bilim va malakalarni baholash agentligi Surxondaryo bo‘limi boshlig‘i texnika fanlari nomzodi, dotsent Karimov Yoqub Ziyodullaevich;
Namangan davlat texnika universiteti, texnika fanlari doktori, professor Kayumov Abdul-malik Xamidovich:
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tukli urug‘lik chigitning tuklilik darajasini saralash va dorilash jarayoniga ta’sirini o‘rganish bilan pnevmo-mexanik saralash uskunasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tukli chigitni pnevmo-mexanik saralash uskunasi, chigit donadorligini oshirish uchun tishli diskli rostlanuvchi kolosnikli ta’minlagich mexanizmi va chigitni to‘rli yuza teshiklaridan o‘tishini ta’minlovchi sidirish moslamalari bilan takomillashtirilgan;
tukli chigitlarni disk tishi sirtidagi ilgarilanma harakati hamda diskning aylanma harakatini kinetik va potensial energiyasini hisobga olgan holda ikkinchi tartibli bir jinsli bo‘lmagan differensial tenglamasini aniqlab, tenglamani boshlang‘ich shartdan foydalanib, tish uzunligi bo‘yicha tukli chigitlarning harakat modeli ishlab chiqilgan;
tukli chigitlarni tekislagichdan tushayotgandagi qismidagi ta’sirida plastinka α burchakka burilishi natijasidagi harakat differensial tenglamasini tuzish bilan tukli chigitlarni tekislagich sirtidagi harakatini ifodalovchi tenglamasi ishlab chiqilgan;
tukli chigitni saralash samaradorligiga ta’sir etuvchi asosiy parametrlardan ta’minlagich tishli disklari tishini kolosnikdan chiqish masofasi 9 mm, ta’minlagich barabanining aylanishlar soni 47 ayl/min, g‘alvir yuzasida chigit qatlamining qalinligi 13 mmni tashkil etishi ko‘p omilli regression modellari asosida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Urug‘lik chigitni pnevmomexanik saralash agregatini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy ishlar natijalari asosida:
takomillashtirilgan pnevmo-mexanik saralash mashinasi Surxondaryo viloyati "Surxondaryo best seeds" MChJdagi urug‘lik chigit tayyorlash sexida joriy qilingan. (“O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi” Qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 8-iyul 05/04-04-357-sonli ma’lumotnomasi). Natijada takomillashtirilgan pnevmo-mexanik saralash mashinasida 1000 dona chigit massasi amaldagisidan 3,6 gramga oshdi, chigitdagi ifloslik darajasi 0,4% ga kamaydi va saralangan chigitlarni dorilashda uning to‘liqligi amaldagisidan 1,9-3,7 % gacha ortgan.