Oripov Nozimjon Komilovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bino-inshootlarni qurilishini hisobga olgan holda qurilish maydonlarida seysmik ta’sir o‘zgarishining xususiyatlari», 04.00.06 - Geofizika. Foydali qazilmalarni qidirishning geofizik usullari (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/FM1218. 
Ilmiy rahbar: Ismailov Vaxitxan Alixanovich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Seysmologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Seysmologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.GM/FM.97.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimova Tatyana Lyudvigovna, fizika-matematika fanlari doktori; Nurtaev Baxtiyor Sayfullaevich, fizika-matematika fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent arxitektura qurilish universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qurilish maydonlarida bino-inshootlarning grunt qatlamiga ta’sirini hisobga olgan holda grunt-inshoot tizimining seysmik tebranish ko‘rsatkichlarini o‘zgarishini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qurilish maydonlarida zilzila natijasida hosil bo‘ladigan seysmik tebranish ko‘rsatkichlarining bino-inshoot zamin gruntlariga ta’siri nazariy hamda eksperimental baholangan;
yuzaki to‘lqinlar spektral tarkibining inversiyasi asosida bino zamin gruntlari va erkin maydondagi seysmik to‘lqin tezliklarining chuqurlik bo‘yicha o‘zgarishini ifodalovchi tezlik modellari ishlab chiqilgan;
grunt-inshoot tizimining 3D modellarida binolarning statik yuklamasi ta’siridagi gruntlarning seysmik xususiyatlari, jumladan, tezlik, tezlanish va siljish qiymatlarining kamayishi aniqlangan;
ilk bor qurilish maydonlarida qo‘llaniladigan turli xil bino poydevorlarining (sayoz, chuqur, qoziqsimon) seysmik ta’sir darajasini kamaytirish xususiyati miqdoriy jihatdan baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bino-inshootlar qurilishi sharoitida qurilish maydonlarida seysmik ta’sirning o‘zgarishini geofizik, instrumental-seysmometrik usullar hamda uch o‘lchamli raqamli modellashtirish asosida baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qurilish maydonlarida kuchli zilzilalar natijasida yuzaga keladigan seysmik tebranish ko‘rsatkichlarini eksperimental baholash metodikasi “GEOKADASTR” MChJ amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 11 fevraldagi 20-06/1627-sonli ma’lumotnomasi asosida). Ushbu natijalar bino-inshootlar zamin gruntlarining seysmik energiyani yutish xususiyatlarini samarali baholashda xizmat qilgan;
yuzaki to‘lqinlarning HVSR egri chizig‘i inversiyasi asosida Vp va Vs to‘lqin tezliklarining chuqurlik bo‘yicha taqsimotini aks ettiruvchi modellar “O‘ZGAShKLITI” loyiha-qidiruv tashkiloti amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 11-fevraldagi 20-06/1627-sonli ma’lumotnomasi asosida). Ushbu modellar qurilish maydonlarining seysmik tezlik parametrlarini samarali aniqlash imkonini bergan;
binolarning statik yuklamasi ta’sirida gruntlarning seysmik xususiyatlarini baholash uchun ishlab chiqilgan grunt-inshoot tizimining uch o‘lchamli (3D) raqamli modellari “O‘ZGAShKLITI” loyiha-qidiruv tashkiloti amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 11 fevraldagi 20-06/1627-sonli ma’lumotnomasi asosida). Ushbu modellar tezlik, tezlanish va siljish parametrlarining kamayishini aniqlash imkonini bergan;
qurilish maydonlarida qo‘llaniladigan turli xil bino poydevorlarining (sayoz, chuqur va qoziqsimon) seysmik ta’sirni kamaytirish darajasi “ZANGIOTA HOUSE” MChJ amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 11 fevraldagi 20-06/1627-sonli ma’lumotnomasi asosida). Ushbu natijalar poydevor turlarining seysmik ta’sirni turlicha darajada kamaytirish samaradorligini miqdoriy baholash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish