Mirzavaliev Dostonbek Baxodir o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Po‘lat eritish jarayonida hosil bo‘ladigan shlaklar tarkibidan marganesni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish», 05.02.01 - Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T5328.
Ilmiy rahbar: Parmonov Sarvar Toshpo‘latovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISIS»ning Olmaliq shahridagi filiali, DSc.22/30.12.2019.T.98.01.
Rasmiy opponentlar: Berdiyarov Baxriddin Tilovkabulovich, texnika fanlari doktori, professor; Matkarimov Sohib Turdalievich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: po‘lat eritish jarayonida hosil bo‘ladigan shlak chiqindilaridan marganesni ajratib olishning samarali texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
po‘lat eritish jarayonida hosil bo‘lgan shlaklari tarkibidagi marganes va temir oksidlarini 20-25 °C haroratda, 10-15% H2SO4 ishtirokida ikki bosqichli gidrometallurgik tanlab eritishning yangi texnologiyasi yaratilgan;
marganes birikmalarini suvli eritmalardan NaOH va (NH4)2CO₃ reagentlari yordamida pH 6 dan 9 gacha bo‘lgan oraliqda nazoratli selektiv cho‘ktirish orqali marganesning gidroksidli va karbonatli cho‘kmalarini olish hamda ularning kukunsimon materiallarini kuydirish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
gidrometallurgik usulda olingan marganesning oksidli birikmalarini 1300 °C haroratda 90 daqiqa davomida uglerod bilan qaytarish orqali toza metall marganes olish texnologiyasi yaratilgan;
po‘lat eritish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilardan gidro- va pirometallurgik jarayonlar orqali ferromarganes qotishmalarini ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida xizmat qiluvchi 97,9% gacha marganes oksidlarini, keyingi bosqichlarda esa 98,1% gacha temir oksidlarini ajratib olish imkonini beruvchi zanjirli texnologik sxema ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Po‘lat eritish jarayonida hosil bo‘ladigan shlaklar tarkibidan marganesni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
po‘lat eritish jarayonida hosil bo‘lgan shlaklarini qayta ishlashning yangi texnologik tamoyillari “Olmaliq KMK” AJ “Markaziy taʼmirlash mexanika zavodi” IIChBda amaliyotga joriy etilgan (“Olmaliq KMK” AJning 2024-yil 25-dekabrdagi SL-1466-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, shlaklarini qayta ishlashning ekologik toza va iqtisodiy samarador uslubini yaratish imkonini bergan;
marganes tarkibli shlaklarni 10-15 foizli sulfat kislota ishtirokida gidrometallurgik usullarda qayta ishlash texnologiyasi “Olmaliq KMK” AJ “Markaziy taʼmirlash mexanika zavodi” IChBda amaliyotga joriy qilingan (“Olmaliq KMK” AJning 2024-yil 25-dekabrdagi SL-1466-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, marganes hamda temirning oksidli birikmalari kukun ko‘rinishida olish imkonini bergan;
gidrometallurgik usulida olingan marganesning oksidli birikmalaridan pirometallurgik usullarda qayta ishlash texnologiyasi “Olmaliq KMK” AJ “Markaziy taʼmirlash mexanika zavodi” IChBda amaliyotga joriy qilingan (“Olmaliq KMK” AJning 2024-yil 25-dekabrdagi SL-1466-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, toza marganes metalli kukun ko‘rinishida olish imkonini bergan;
po‘lat eritish jarayonida hosil bo‘lgan shlaklardan ferro-marganes qotishmalari uchun xomashyolar olishning texnologiyasi “Olmaliq KMK” AJ “Markaziy taʼmirlash mexanika zavodi” IChBda amaliyotga joriy etilgan (“Olmaliq KMK” AJning 2024-yil 25-dekabrdagi SL-1466-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, marganes oksidning 97,9% li hamda temir oksidining 98,1% li oksidlarini olish imkonini bergan.