Abdullaeva Mushtariy Moxmud qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “ O‘zbek oilalarida gender stereotiplarining o‘rni ”,  07.00.07 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Tar1745.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Rasulova Ziyodaxon Abduborievna, psixologiya fanlari doktori (DSc), dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti. DSc.03/06.04.2024.Tar.20.05
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi, unvoni:
Davlatova Saodat Tilovberdievna, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Kalonov Komil Kulaxmatovich, sotsiologiya fanlari nomzodi, professor
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
Etakshi tashkilot: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek oilalarida mavjud gender stereotiplarning madaniy-antropologik va etnopsixologik shakllanish jarayonlarini, ularning oilaviy munosabatlar va rol taqsimotiga ta’sirini aniqlash hamda mazkur stereotiplar sabab yuzaga keladigan muammolarni tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Namangan viloyatidagi o‘zbeklar orasida erkaklarda “sabr-toqat”, “muruvvat” kabi ayollarga xos fazilatlar, ayollarda esa “qat’iyat”, “jahd” kabi erkaklarga xos xislatlar ustunligi aniqlanib, shaxsiy xislatlarning gender stereotiplaridan xoli bo‘lgan teng namoyon bo‘lishi dalillangan. Oilaviy tarbiyadagi gender rol integratsiyasi va jamiyatdagi rol taqsimotining transformatsiyasi androgin shaxsiy xususiyatlarni shakllantiruvchi asosiy omillar sifatida ilmiy jihatdan asoslangan; 
o‘zbek oilalarida er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarda ayollarga “o‘zini qurbon qilish”, erkaklarga “oilaviy rahbar” sifatidagi an’anaviy qarashlar ustun ekanligi aniqlanib, bu stereotiplar oiladagi er-xotin rolining transformatsiyasi jarayonida nizolar va oilaviy muammolarni keltirib chiqaruvchi asosiy omillar sifatida isbotlangan; 
O‘zbekistonning Namangan, Xorazm va Toshkent hududlarida gender stereotiplarining madaniy-etnik xususiyatlarga mos ravishda o‘zgarishi ilmiy jihatdan asoslanib, Namangan viloyatida ayollar uchun “uy bekasi”, erkaklar uchun “oila ta’minotchisi” roli ustuvorligi, Xorazm viloyatida ayollarning “oila ustuni” sifatidagi mas’uliyati, Toshkent viloyatida gender rollarining teng taqsimlanishga moyilligi aniqlangan; 
o‘zbek oilalarida erkaklarning “oilaviy rahbar” sifatidagi roli ustun ko‘rilgan hollarda muhabbat va oilaviy munosabatlarda qiyinchiliklar yuzaga kelishi, ayollarga “oilaviy mas’ullik” roli yuklangan joylarda oilaviy qarorlar qabul qilish jarayonida nomutanosiblik va nizolar kelib chiqishi aniqlanib, o‘zbek oilalarida an’anaviy gender stereotiplarining iqtisodiy va ma’naviy jihatlarga ta’siri ilmiy jihatdan asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamyati: Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati ishda olingan ilmiy natijalardan ijtimoiy-madaniy antropologiya, gender antropologiyasi, gender psixologiyasi, oila psixologiyasi, etnopsixologiya, etnosotsiologiya va boshqa gender stereotiplari masalalarini o‘rganuvchi fan sohalariga oid mavjud nazariy bilimlarni yanada boyitishda, ularning dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirishda foydalanish mumkinligidadir. Zamonaviy o‘zbek oilalarida gender stereotiplarining o‘rnini o‘rganish oilaning an’anaviy modelining tub asoslari haqidagi etnopsixologik qarashlarni boyitish imkonini beradi. Tadqiqot natijalari, umumiy xulosa va tavsiyalardan jamoat va davlat tashkilotlari, xususan, FHDYo va mahalla qo‘mitalari faoliyatida oila institutini mustahkamlashda foydalanish mumkin. 
Amaliy ahamiyati shundaki, respublika oliy o‘quv yurtlarida, akademik lisey, kasb-hunar kollejlari, ayniqsa, umumta’lim maktablarida yoshlarni oilaviy turmushga tayyorlashda, oilaviy munosabatlar zaminida uuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etishda, malaka oshirish kurslarida, oilashunos mutaxassislarni tayyorlash kurslari uchun darsliklar, ilmiy-uslubiy va o‘quv qo‘llanmalari yaratishda nazariy manba sifatida, oilaga oid huquqiy-meyoriy hujjatlarni takomillashtirishda va ma’naviyat darslarida keng foydalanish mumkin. 
Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat: gender stereotiplarini namoyon bo‘lishini o‘rganish bo‘yicha psixodiagnostik metodikasi ijtimoiy-madaniy antropologik va etnopsixologik tadqiqotlarga joriy qilingan;
ijtimoiy-madaniy antropologik va etnopsixologik tadqiqotlarda gender stereotiplarining rolini, uning oilaga ta’sirini, noto‘g‘ri stereotipik qarashlar asosida shakllangan tasavvurlarni o‘rganish uchun gender stereotiplarini aniqlashga mo‘ljallangan metodik qo‘llanma ishlab chiqilgan;
o‘zbeklarning oiladagi gender munosabatlarini o‘rganish bo‘yicha maxsus ijtimoiy-psixologik va etnopsixologik so‘rovnomalar ishlab chiqilgan;
O‘zbekistonda oiladagi gender munosabatlari bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot ishlarida va ijtimoiy-amaliy faoliyatda foydalanish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi:  1. Namangan erkaklarida garchi androginlik xislatlari ustunligini, erkaklarning aksariyati an’anaviy erkak rollarini bajarmasligi aniqlaniqlanganligiga qaramay, erkaklarning qarashlarida er so‘zsiz oilaning iqtisodiy ta’minotchisi va uning boshlig‘i, bir so‘zli, kuchli, aqilli, qatiyatli, oilasining himoyachisi hamda suyanchig‘i bo‘lishligi haqidagi gender stereotiplarining ustunligi aniqlangan tahlil natijalari orqali yosh er-xotinlar o‘rtasida kelishmovchiliklarning oldini olish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar olishda foydalanilgan (Oila va xotin-qizlar Qo‘mitasi, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 29-avgustdagi 01-09/2122-sonli ma’lumotnomasi). Olingan natijalar ijtimoiy-madaniy antropologik va etnopsixologik tadqiqotlarda gender stereotiplarining rolini, uning oilaga ta’sirini, stereotipik qarashlar asosida shakllangan tasavvurlarni o’rganish uchun gender stereotiplarini aniqlashga mo‘ljallangan metodik qo‘llanma ishlab chiqishga yordam bergan; 
2-3. Namangan viloyatidagi o‘zbeklar orasida oilaviy tarbiyadagi gender rol integratsiyasi va jamiyatdagi rol taqsimotining transformatsiyasi androgin shaxsiy xususiyatlarni shakllantiruvchi asosiy omillari ekanligi; o‘zbek oilalarida er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarda ayollarga “o‘zini qurbon qilish”, erkaklarga “oilaviy rahbar” sifatidagi an’anaviy qarashlar ustun bo‘lgan stereotiplarning oiladagi er-xotin rolining transformatsiyasi jarayonida nizolar va oilaviy muammolarni keltirib chiqaruvchi asosiy omil ekanligi haqidagi ilmiy xulosalaridan Xorazm teleradiokompaniyasi “Xorazm” telekanali “Assalom Xorazm” (Xorazm teleradiokampaniyasi “Xorazm” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2025-yil 21-fevraldagi 180-sonli ma’lumotnomasi) va shuningdek O‘zbekiston Milliy teleradiokomponiysining “O‘zbekiston tarixi”  telekanalida efirga uzatilgan “Vaqt mashinasi” ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda (O‘zbekiston Milliy teleradiokomponiysining “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2025-yil 22-aprel 01/30-254-sonli ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Olingan natijalar oilaviy nizolarni bartaraf etish omillaridan biri sifatida targ‘ib qilishga xizmat qilgan;
4. O‘zbekistonning Namangan, Xorazm va Toshkent hududlarida gender stereotiplarining madaniy-etnik xususiyatlarga mos ravishda o‘zgarishi ilmiy jihatdan asoslanib, Namangan viloyatida ayollar uchun “uy bekasi”, erkaklar uchun “oila ta’minotchisi” roli ustuvorligi, Xorazm viloyatida ayollarning “oila ustuni” sifatidagi mas’uliyati, Toshkent viloyatida gender rollarining teng taqsimlanishga moyilligi aniqlangan ilmiy natijalardan Toshkent viloyati Qibray tumani hokimligining “Oila va xotin-qizlar” bo‘limi faoliyatida foydalanilgan (Toshkent viloyati Qibray tumani hokimligining 2025-yil 21-apreldagi 
123-son dalolatnomasi). Natijada, O‘zbekistonda oiladagi gender munosabatlari bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot ishlarida va ijtimoiy-amaliy faoliyatda foydalanish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish