Usmonova Gulrux Farxad qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): “O‘zbekiston sharoitida bino tomlari landshaftini loyihalashning o‘ziga xos xususiyatlari (Buxoro shahri misolida)”, 18.00.02 – Rayonlashtirish. Shaharsozlik. Qishloq turar joylarini rejalashtirish. Landshaft arxitekturasi. Bino va inshootlar arxitekturasi (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/A156.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat texnika universiteti.
Ilmiy rahbar: Reyimbaev Shuhrat Sadullaevich, arxitektura fanlari doktori (DSc), dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi PhD.03/30.07.2024.A.20.11 raqamli ilmiy kengash asosidagi Bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Sadikova Sitora-bonu Nematdjonovna, arxitektura fanlari doktori (DSc), dotsent; Setmamatov Maxsud Bekdurdievich, arxitektura fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi foydalaniladigan, ekstensiv va intensiv yashillashtiriladigan tomlarning landshaft dizaynini Buxoroning iqlimiy, tuproq va dendrologik sharoitlarini inobatga olib loyihalash, ko‘kalamzorlashtirilgan tomlardan foydalanish orqali Buxoro shahrining yashillashtirilgan maydonlar foizini oshirish takliflarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro shahrining mavjud shahar tuzilmasida binolarning tom qismlarini funksional yashil maydon sifatida ilk bor tashkil etish orqali yashil hududlar ulushini va ekologik qulaylikni oshirishga qaratilgan eko-arxitektura loyihaviy echimlarini shakllantirish asoslari ishlab chiqilgan;
Buxoro shahrining bino tomlarida issiq va quruq iqlim sharoitiga mos keluvchi popuk va o‘q ildizli mahalliy o‘simlik turlaridan foydalangan holda arxitektura-landshaft echimlari ishlab chiqilib, ushbu o‘simliklarning ekologik barqarorligi, shamol va quyosh radiatsiyasiga chidamliligi asoslangan;
Buxoro shahrida yashil tomlarni rivojlantirishning arxitektura–shaharsozlik tizimi taklif etilib, unda yashil infratuzilma elementlarini shahar tuzilmasiga integratsiyalash, funksional–rejalashtirish tuzilmasini optimallashtirish va ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan “arxitektura–shaharsozlik modeli” ishlab chiqilgan;
Buxoro shahrida yashil maydonlarning umumiy maydonga nisbatan miqdori oxirgi yillarda o‘rtacha 26,4% dan 8,9% ga tushganligi, bu ko‘rsatkichni bino va inshootlarning tom qismidagi mavjud ko‘kalamzorlashtirish mumkin bo‘lgan maydonlarni tashkil qilish hisobiga oshirish mumkinligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston sharoitida bino tomlari landshaftini loyihalashning o‘ziga xos xususiyatlari (Buxoro shahri misolida) mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Buxoro shahrining mavjud shahar tuzilmasida binolarning tom qismlarini funksional yashil maydon sifatida tashkil etish orqali yashil hududlar ulushini va ekologik qulaylikni oshirishga qaratilgan eko-arxitektura loyihaviy echimlarni shakllantirish asoslari hamda Buxoro shahrining bino tomlarida issiq va quruq iqlim sharoitiga mos keluvchi popuk va o‘q ildizli ekologik barqarorlik, shamol va quyosh radiatsiyasiga chidamlilik xususiyatiga ega mahalliy o‘simlik turlaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan arxitektura-landshaft echimlari xususidagi tavsiya va takliflar Buxoro viloyati qurilish va uy-joy komunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining quyi loyihalash va qurilish korxonalari faoliyatida foydalanilgan (O’zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining 2025-yil 13-yanvardagi 06/367-son ma’lumotnomasi; Buxoro viloyati qurilish va uy-joy komunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining 2024-yil 26-sentyabrdagi 1422-son dalolatnomasi). Natijada yashil tomlarni joriy etishning ilmiy asoslangan arxitektura rejalashtirish tizimi ishlab chiqilib, uning amaliy qo‘llanilishi Buxoro shahrida shahar mikroiqlimini yaxshilash, ekologik barqarorlikni oshirish va yashil infratuzilma ulushini ko‘paytirish bo‘yicha samarali yo‘nalishlarni aniqlashga erishilgan;
Buxoro shahrida yashil maydonlarning umumiy maydonga nisbatan miqdori oxirgi yillarda o‘rtacha 26,4% dan 8,9% ga tushganligi haqidagi xulosalar va bu ko‘rsatkichni bino va inshootlarning tom qismidagi mavjud ko‘kalamzorlashtirish mumkin bo‘lgan maydonlarni tashkil qilish hisobiga oshirish mumkinligi hamda Buxoro shahrida yashil infratuzilma elementlarini shahar tuzilmasiga integratsiyalash, funksional–rejalashtirish tuzilmasini optimallashtirish va ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan “arxitektura–shaharsozlik modeli” xususidagi takliflar va loyihalar Buxoro shahar Ibn Sino ko‘chasida qurilishi rejalashtirilgan turar-joy va jamoat binolarining loyihalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O’zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining 2025-yil 13-yanvardagi 06/367-son ma’lumotnomasi; “Loyihasuv qurilish” MChJ ning 2024-yil 7-oktyabrdagi 52-son dalolatnomasi;). Natijada yashil tomlarni loyihalashning arxitektura–landshaft tamoyillari va rivojlantirish yo‘nalishlari amaliyotga tadbiq etilib, shahar landshaftining ekologik va estetik yaxlitligini ta’minlash hamda iqlimga mos yashil infratuzilma tizimini shakllantirishga erishilgan.