Salilaeva Gulshad Patullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘iston sharoitida poliz ekinlari mevalarini saqlash va qayta ishlangan mahsulotlar tayyorlashni takomillashtirish” mavzusidagi 06.01.11 – Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash ixtisosligi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro’yxatga olingan raqami: B2024.4.PhD/Qx1560
Ilmiy rahbar: Yusupov Risnazar Orazbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Dodaev Qo‘chqor Odilovich, professor, texnika fanlari doktori; Umidov Shavkat Ergashevich, qishloq xo’jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlariga xos agroekologik sharoitda etishtirilgan poliz ekinlari - qovun, tarvuz va qovoq navlari mevalarini uzoq muddat davomida sifatli saqlash va qayta ishlash imkoniyatlarini ilmiy asoslash, mahsulotlarning organoleptik, fizik-kimyoviy xususiyatlari va iste’molbopligini saqlab qoluvchi maqbul texnologiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlari sharoitida etishtirilgan qovun, tarvuz va qovoq navlarining saqlanuvchanlik salohiyati agrobiologik ko‘rsatkichlar asosida baholanib “Ala-xamma mestnaya”, “Qoragulobi”, “Qoraqand mestnaya” qovun navlari, “Guliston” tarvuzi va “Non kadi” qovoq navlarining saqlashdagi tabiiy kamayish darajasi 12% dan oshmagani aniqlangan;
poliz ekinlari mevalarining saqlash jarayonida biokimyoviy tarkibidagi o‘zgarishlar +4 °C harorat va 85–88% namlikda sharoitida ozuqa moddalar 5–7%, harorat 10–12 °C ga ko‘tarilganda esa vitamin C miqdori 20–30% yo‘qotilishi isbotlangan;
qovun, tarvuz va qovoq mevalarini qayta ishlash uchun texnologik parametrlar optimallashtirilib, “Non kadi” uchun 60 °C haroratda kub shaklda quritish, “Qo‘ziboy 30” tarvuzi uchun 1,5% HCl va 80 °C da 2 soat gidroliz qilish orqali maksimal mahsulot chiqimi ta’minlangan;
poliz mevalaridan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda texnologik reglamentlar loyihasi ishlab chiqilib “Gulobiy Xorazmiy” qovunidan nektar, “Qo‘ziboy 30” tarvuzidan sharbat, “Ispanskaya 73” va “Palov kadi 268” navlaridan quritilgan mahsulot tayyorlash jarayonlari ishlab chiqilgan;
“Non kadi” va “Palov kadi 268” navlaridan saqlash va qayta ishlash texnologiyalarini qo‘llash orqali olinadigan mahsulotlarda rentabellik darajasi mos ravishda 175,13% va 172,86% ni tashkil etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Poliz ekinlari mevalarini aholi tomonidan ishlangan maxsus omborlarda uzoq muddat saqlashni tashkil etishning iqtisodiy samarali texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida: 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi “Reyimbay-Usen” fermer xo‘jaligida 5 ga maydonga ekilgan qovoqning palovkadi mahalliy navi mevalari noyabr oyidan boshlab saqlashga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 30-apreldagi 01/013-1362-sonli ma’lumotnomasi). Natijada sarflangan xarajatlar yig‘indisi va saqlangan mevalar bahosi asosidagi ishning bir gektardagi iqtisodiy samaradorligi 3642,0-3779,3 ming so‘m/t ni tashkil qilib, sarflangan 1 so‘m, 1,46-1,50 so‘m bo‘lib qoplangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegayli va Nukus tumanlari fermer xo‘jaligida 3 ga maydonga ekilgan qovunning yozgi va qishqi navlari mevalari oktyabr oyi oxiridan boshlab saqlash omborlariga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 30-apreldagi 01/013-1362-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, olingan mahsulotlarning iqtisodiy samaradorligi qovun navlarida 2861,4-2030,9 ming so‘m/t, tarvuzda 2509,6-3335,5 ming so‘m/t, qovoq navlarida 3873,2-4049,6 ming so‘m/t bo‘lganligi aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish