Shomurodov Shavkat Maxmud o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Murakkab strukturali oltinli ruda konlarini kombinatsiyalashgan usulda qazib olishda sodir bo‘ladigan kon bosimini boshqarishni takomillashtirish», 04.00.17 – Konchilikda fizik jarayonlar (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/T3067.
Ilmiy rahbar: Maxmudov Dilmurod Raxmatjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, PhD.03/31.03.2023.T.03.06.
Rasmiy opponentlar: Nutfulloev Gafur Subxonovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Xasanov Obid Abdullaevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: murakkab strukturali ruda konlarini qazib olishda sodir bo‘ladigan kon bosimini boshqarishni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
murakkab strukturali ruda konlarining tektonik tuzilishi ta’sirida kon massivining deformatsion holati va kuchlanishlarning taqsimlanishi uzlukli tavsifga ega ekanligi aniqlangan;
rudani qazib olishga tayyorlash qavatlari orasida qoldirilgan seliklarga siquvchi kuchlanishlarning taʼsiri ravoqning o‘rtasiga qarab ortib borishi, maksimal kuchlanish qiymatlari esa seliklarning o‘rtasida uning balandligi bo‘yicha oshishi aniqlangan;
kon massiviga gorizontal, vertikal hamda bo‘ylama siquvchi kuchlanishlar to‘lqinli ko‘rinishda ta’sir qilishi aniqlangan va SolidWorks dasturiy ta’minoti negizida kon bosimini nazorat qilish usuli ishlab chiqilgan;
nimqavat shtreklarida rudani qulatish va qisman magazinlash bilan qazib olish tizimi sharoitida kon bosimining shakllanish sabablari asoslangan va uni boshqarish usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Murakkab geologik tuzilishdagi ruda konlarini kombinatsiyalashgan usulda qazib olishda yuzaga keladigan kon bosimini boshqarish usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
eksperimental tadqiqotlar natijalari asosida SolidWorks dasturiy ta’minoti yordamida ishlab chiqilgan, nimqavat balandligi 7 m ni tashkil etganda qisman magazinlangan ruda osiq tomon kon bosimining massivga taqsimlanish modeli “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning Samarchuq konida joriy etilgan (Olmaliq KMK AJning 2025 yil 15 apreldagi 04-25/61-00914-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, nimqavatda rudani qisman magazinlab kombinatsiyali qazib olish tizimining optimal parametrlarini tanlash orqali tayyorlash-qirqish ishlari hajmi, unga ketadigan vaqt 5%ga, materiallar 3%ga va energiya sarfi kamayishi imkonini bergan;
taklif etilayotgan qavatni 7 metrli nimqavatlarga bo‘lish va nimqavatli qulatib qazib olish tizimida rudani qisman magazinlab qazib olish ya’ni kombinatsiyalashgan tizimni qo‘llash orqali ishlab chiqilgan kon bosimini boshqarish uslubi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning Samarchuq konida joriy etilgan (Olmaliq KMK AJning 2025 yil 15 apreldagi 04-25/61-00914-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, seliklarga tushadigan kon bosimini qayta taqsimlanishi orqali kon zarbalarining oldini olish va tayyorlash-qirqish ishlari hajmi 20% gacha kamayish imkonini bergan.