Taylonov Baxtiyor Numonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ekish muddatlari va mineral o‘g‘it me’yorlarini qand lavlagining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri (Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida)”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Qx1815
Ilmiy rahbar: Xalikov Baxodir Meylikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Toshkent filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Azizov Baxram Muzaparovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Maksadov Xursand Esonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida qand lavlagining maqbul ekish muddatlari va mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talabini ishlab chiqish, mazkur omillarni o‘simlikni o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’sirini aniqlash hamda ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida qand lavlagidan mo‘l va sifatli ildizmeva hosili olishda maqbul ekish muddati va mineral o‘g‘it me’yorlari aniqlab berilgan;
qand lavlagi erta (25.03-01.04) muddatda ekilganda ob-havo va tuproq haroratiga bog‘liq ravishda urug‘lar 11-12 kunda, o‘rta (05-10.04) muddatda ekilganda 9-10 kunda, kechki (15-20.04) muddatda ekilganda esa 8-9 kunda to‘liq unib chiqishi va bunda kechki muddatda ekilganda erta muddatga nisbatan 5-6 % ga, o‘rta muddatda nisbatan esa 8-10 % ga jadal unib chiqishi, erta muddatda ekilgan qand lavlagining o‘rta muddatda ekilganga nisbatan 0,2-0,4% ga, kechki muddatda ekilganga nisbatan 0,5-0,8% ga ko‘p nobud bo‘lishi, parvarishida ma’dan o‘g‘itlar me’yori NPK 120:90:60 kg/ga.dan NPK 160:120:80 kg/ga.ga oshirilganda ko‘chatlar sonini 0,1-0,2%, NPK 200:140:100 kg/ga.ga oshirilganda esa 0,2-0,4% ko‘p saqlab qolishni ta’minlashi aniqlangan;
qand lavlagi 25.03-01.04 muddatda ekilganda pishishga qadar amal davri o‘rtacha 166-176 kunni, 05-10.04 muddatida ekilganda 160-170 kunni, 15-20.04 muddatida ekilganda 157-167 kunni tashkil etib, bunda kechki muddatda ekilganda erta muddatga nisbatan 8-9 kunga, o‘rta muddatga nisbatan 3-4 kunga erta pishib etilishi, shuningdek, mineral o‘g‘itlarsiz parvarish qilinganda amal davri eng qisqa (157-166 kunni), parvarishida mineral o‘g‘itlarni NPK 120:90:60 kg/ga me’yorda berilishi amal davrini nazoratga nisbatan 6-7 kunga, NPK 160:120:80 kg/ga me’yorda berilishi 8-9 kunga, NPK 200:140:100 kg/ga me’yorda berilishi esa 9-10 kunga uzaytirishi aniqlangan;
urug‘ ekish muddatlarining erta (25.03-01.04) muddatdan 10-20 kunga kechikib borishi bilan qand lavlagi barglarining soni, massasi, yuzasi va quruq massasi kamayib borganligi, ammo ildizmeva uzunligi, diametri va massasi o‘rta ekish (05-10.04) muddatida eng yuqori bo‘lganligi, shuningdek, nazorat – o‘g‘isiz variantga nisbatan mineral o‘g‘itlar me’yorining NPK 120:90:60 kg/ga.dan NPK 200:140:100 kg/ga.gacha oshirilib borilishi bilan mazkur ko‘rsatkichlarning ham ortib borishiga ijobiy ta’siri asoslangan;
Qand lavlagidan o‘rta (05-10.04) muddatda ekib, o‘g‘itlarni NPK 160:120:80 kg/ga me’yori qo‘llanilganda eng yuqori ildizmeva hosili (437,3 s/ga) olingan holda, 10 kun erta ekilganga nisbatan 7,5-16,8 s/ga, 10 kun kech ekilganga nisbatan 18,0-36,5 s/ga yuqori bo‘lishi, ildizmevadagi eng yuqori shakarlik darajasi (19,7%) 25.03-01.04 muddatida ekilib, o‘g‘itlarni NPK 120:90:60 kg/ga me’yori qo‘llanilganda olinib, bu 05-10.04 muddatida ekilganga nisbatan 0,6-0,9% ga, 15-20.04 muddatida ekilganga nisbatan esa 1,0-1,5% ga ko‘p bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turli ekish muddatlari va va mineral o‘g‘it me’yorlarini qand lavlagining o‘sishi, rivojlanishi va ildizmeva hosildorligiga ta’siri bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida qand lavlagidan mo‘l va sifatli ildizmeva hosili olish maqsadida ishlab chiqilgan maqbul ekish muddatlari va mineral o‘g‘it me’yori bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida «Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida qand lavlagi etishtirish agrotexnikasi” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilib, fermer xo‘jaliklarigaamaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 7-iyuldagi №05/06-02-667-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma qo‘llanma sifatida viloyatda qand lavlagi etishtirayotgan fermer xo‘jaliklariga xizmat qilmoqda;
Qand lavlagini 05-10.04 ekish muddatida ekib, gektariga NPK 160:120:80 kg/ga me’yorda mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirib parvarish qilishga doir berilgan tavsiyaga asosan mazkur etishtirish agrotexnikasi Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 1,8 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 7-iyuldagi №05/06-02-667-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, gektaridan 437,3 s/ga ildizmeva hosili olinib, ishlab chiqarishda qo‘llanilib kelinayotgan agrotexnologiyaga nisbatan ildizmeva hosildorligi yuqori bo‘lishi ta’minlangan va 64,5 % rentabellikka erishilgan;
Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida ildizmevaning shakarlik darajasi yuqori bo‘lishi uchun qand lavlagini 25.03-01.04 muddatida ekib, parvarishida mineral o‘g‘itlarni NPK 120:90:60 kg/ga me’yorda qo‘llash texnologiyasi Shahrisabz tumanida 2,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025-yil 7-iyuldagi №05/06-02-667-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, shakarlik darajasi ishlab chiqarishda qo‘llanilib kelinayotgan agrotexnologiyaga nisbatan 1,6 foiz yuqori yuqori bo‘lgan ildizmeva hosili etishtirilib, gektaridan 11,8 mln so‘m sof daromad olishga va 57,1 % rentabellikka erishilgan.